Home / FOTO LAVHALAR / Imom Buxoriy innovatsion muzeyi maʼrifat va tarbiya oʻchogʻi boʻladi

Imom Buxoriy innovatsion muzeyi maʼrifat va tarbiya oʻchogʻi boʻladi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi tomonidan Imom Buxoriy innovatsion muzey ekspozitsiyasini takomillashtirish yuzasidan qator amaliy ishlar qilinmoqda. Bu yoʻnalishda olib borilayotgan ilmiy faoliyat va amalga oshirilayotgan tashkiliy tadbirlarni muvofiqlashtirish maqsadida qaytadan barpo qilinayotgan Imom Buxoriy majmuasidagi innovatsion muzey hududida oʻrganish oʻtkazildi.

Unda qatnashgan Markaz rahbariyati va jamoasi, buyuk muhaddis nomidagi xalqaro stipendiya dasturi ishtirokchilari, ilmiy-innovatsion loyihalarning rahbar va ijrochilari hamda Turkiyaning “Outdoor Factory” kompaniyasi vakillari dastavval Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi.

Oʻrganish jarayonida innovatsion muzeyning har bir boʻlim va pavilyonida aks etadigan koʻrgazmaviy kontent atroflicha muhokama qilindi. Qatnashchilar eksponat va proyeksiyalar, monitor va sensorli ekranlarda, shuningdek, monumental buyumlar, haykal va gologrammalar vositasida namoyish etiladigan har bir jihatga alohida toʻxtaldi.

Muhokamalar jarayonida ishtirokchilar tomonidan qator taklif va tavsiyalar ilgari surilib, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosini keng qamrab oladigan interaktiv namoyishlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yaratiladigan virtual sayohatlar hamda mehmonlar uchun koʻrgazmadan keyin bilimlarni sinash tariqasidagi elektron muloqot maydonlari mazmun jihatdan boy va oʻquvchilar, ziyoratchilar hamda tadqiqotchilar uchun manfaatli boʻlishi lozimligi taʼkidlandi. Muloqot davomida maʼrifiy yoʻnalishdagi videokontentlarni koʻpaytirish, multimedia taqdimotlari hamda qoʻllanma va audio-gid xizmatlarini yanada takomillashtirish zarurligiga urgʻu berildi.

Qizgʻin muhokamalar Markazda ham davom ettirilib, unda innovatsion muzey pavilyonlaridagi namoyishlarning mantiqiy ketma-ketligi, xronologik tartibi va uzviyligi taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻrganish yakunida kelgusidagi vazifalar belgilanib, bildirilgan takliflar asosida ekspozitsiyani takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirib borishga kelishib olindi.

Mazkur amaliy tadbir Imom Buxoriy innovatsion muzeyi nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham ilmiy-maʼrifiy markaz sifatida faoliyat yuritishiga zamin yaratadigan muhim qadam boʻldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ilmiy loyihalarda yangi bosqich

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ilmiy jamoa tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy va innovatsion loyihalar ijrosi …