Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Uchinchi mintaqaviy hududidagi 38-manzil koloniyasida Sirdaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlarida joylashgan muassasalarda xizmat qilayotgan tezkor xodimlarning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha saviyasini oshirish va kasbiy koʻnikmalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan seminar mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi J.Jumayev tinglovchilarga aqidaparastlik, radikallashuv va mutaassiblikning jamiyat barqarorligiga tahdidi, yot gʻoyalarga qarshi maʼrifat bilan kurashish va bu boradagi Oʻzbekiston tajribasi haqida batafsil maʼlumot berdi. Diniy ekstremizmga qarshi kurashning maʼnaviy-maʼrifiy asoslari toʻgʻrisida soʻzladi.
Seminarda mavzuga doir muhokamalar olib borildi. Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tarkibidagi boshqarma va boʻlinmalardan taklif etilgan mutaxassislar terrorizmning paydo boʻlish tarixi, turli oqimlar va ular oʻrtasidagi farqlar, xalqaro terrorning shakllari, terrorizm va ekstremizmning oʻzaro bogʻliqligi, ularning jamiyat uchun xavf-xatarlari haqida maʼruzalar qildi.
Istiqbolda bunday seminarlarni davom ettirib, sohadagi yoʻnalishlar boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida uslubiy qoʻllanma ishlab chiqish, oʻzaro hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishildi.
Mashgʻulot savol-javoblar bilan davom etdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati