Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasida “Vatanni sevmoq – oliy fazilat” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Rossiyada istiqomat qilayotgan oʻzbek diasporasi vakillari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Yoshlarning ongi va maʼnaviyatini yuksaltirish, Vatanga muhabbat tuygʻusini yanada mustahkamlash, yurt ravnaqi yoʻlida fidoyilik ruhini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar, xususan, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash, yosh avlodga tarixiy merosimizni chuqur oʻrgatish borasida qilinayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Bayozxon Mahmudov ham ishtirok etdi. U yigʻilganlarga Markaz faoliyati toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Chop etilayotgan nashrlar va ilmiy-tadqiqot ishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Xususan, Oʻzbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov bu ilmiy-amaliy natijalarni yuqori baholab, ularning yuksak ijtimoiy-maʼrifiy ahamiyatini taʼkidladi. Shuningdek, Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan oqilona siyosat diniy-maʼrifiy sohada ham yuksak samara berayotganini qayd etib, islohotlar natijasi oʻlaroq tashkil etilgan va xalqaro miqyosda nufuzi ortayotgan Markaz ilmiy jamoasi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir Rossiyadagi oʻzbek diasporasi va yoshlar uchun ulkan maʼnaviy ahamiyat kasb etib, ularning milliy qadriyatlarga sadoqati va Vatanga muhabbatini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Zero, el-yurt taqdiriga befarq boʻlmagan, uning ravnaqi uchun xizmat qilishga bel bogʻlagan yoshlar har qanday mamlakatning eng katta boyligidir.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati