Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu
Zayd yoshligidanoq judayam zakovatli bola edi. Oilasi bilan birga Madinada yashar edi. Ammo bolaligi juda katta qiyinchiliklar bilan oʻtgandi. Toʻrt-besh yoshlarda ekanida, Madinaning ikki katta qabilasi oʻrtasida oddiy va behuda sabab tufayli qonli va uzoq davom etuvchi urush boshlangan edi. Har kuni har ikki tomondan yaradorlar va halok boʻlganlar bor edi. Bu sababli har yerda noqulaylik va tashvish hukm surardi.
Kichik Zaydning eng katta qoʻrquvi shu toʻqnashuvlar davomida otasiga zarar yetishi edi. Oxir-oqibat, uning qoʻrquvi amalga oshdi. Tarixga “Buʼos jangi” deb muhrlangan ushbu urush davomida, bir kuni Zaydning otasi Sobitning vafoti haqida xabar keldi. Shu vaqtda atigi olti yoshda boʻlgan Zayd uchun xuddi butun dunyosi vayron boʻlganday tuyular edi.
Ushbu vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hali Makkadan Madinaga hijrat qilmagan edilar. Hijrat hodisasi ushbu janglar boshlanganidan besh yil keyin sodir boʻlgan edi.
Farzandlarini otasiz va himoyasiz qoldirishni istamagan onasi Navar xonim Bani Najjor qabilasidan Umora bilan turmush qurdi. Umora juda bilimli va tushunuvchan inson edi. U ayniqsa, Zaydning zakovatiga eʼtibor qaratdi. Shu sababdan, uni oʻsha vaqtda arablar orasida juda keng tarqalgan sheʼriyat majlislariga olib bora boshladi.
Zayd hali kichik yoshligidayoq iqtidori va sheʼrga boʻlgan qiziqishi tufayli 90 ta uzun qasidani yod olgan edi. Yaʼni u kichik yoshdayoq “Sheʼr hofizi”ga aylangandi. Koʻp oʻtmay Allohning moʻjizasi boʻlmish Qurʼon karimni toʻliq yod olgan ilk hofizlar qatoridan joy oldi. Ayni paytda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vahiy kotiblaridan biri ham edi.
Zaydning sheʼriyat majlislariga boʻlgan bu katta qiziqishi, aslida uning uchun ulkan imkoniyat boʻlgandi. Chunki oʻsha vaqtlarda ayrim madinaliklar Makkaga borganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan tanishib, musulmon boʻlgan edilar. Ularning biri Zaydning oʻgay otasi Umora edi.
Islom bilan sharaflanganidan soʻng, Umora katta hayajon bilan uyiga qaytib, boʻlgan voqealarni turmush oʻrtogʻiga soʻzlab bergan va uni Islomga daʼvat qilgan edi. Zaydning onasi hech qanday ikkilanmasdan darhol musulmon boʻlgandi.
Katta hayajon bilan islomga kirgan madinalik musulmonlar Islomning birinchi buyrugʻi “Oʻqi!” ekanini bilib, jaholatga qarshi kurasha boshladilar. Zaydning onasi Navar xonim ham ilmga mehr qoʻydi. U tinmay oʻrganib, oʻrganganlarini farzandlari bilan baham koʻrar edi.
Madinada Islom tez surʼatlarda tarqalar ekan, musulmonlarning ilm va oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqlari ham ortayotgan edi. Nihoyat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir ustoz yuborishlarini soʻradilar. Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam ularga Musʼab ibn Umayr roziyallohu anhuni yubordilar.
Musʼab ibn Umayr roziyallohu anhuning Madinaga kelishi Zaydning hayotini tubdan oʻzgartirdi. Oʻshanda bor-yoʻgʻi 9 yoshda boʻlgan Zayd Musʼab ibn Umayrga soya kabi ergashib, undan Qurʼoni karimni oʻrgana boshladi. Doimo uning yoniga borib, shu kungacha nozil qilingan suralarni birma-bir yod olar edi. Ular xonasi yonida qurilgan masjid esa bu borada unga katta qulaylik yaratgan edi.
Zayd ham bolalik chogʻida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni koʻrganlar qatoriga kirgan. U 11 yoshida boʻlganida hijrat voqeasi sodir boʻlgan va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tashriflari bilan Madinani sharaflantirgan edilar.
Zaydning xursandchiligiga xursandchilik qoʻshgan asosiy hodisa esa Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhuning uyida mehmon boʻlishlari edi. Chunki ularning uylari Abu Ayyub roziyallohu anhuning uyining yonginasida joylashgan edi. Shunday qilib, bu dunyodayoq ular Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga qoʻshni boʻlish baxtiga muyassar boʻlishgandi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birinchi yuzma-yuz uchrashuvi onasi sababli boʻldi. Onasi taom tayyorlab, Zayd orqali yuboradi. Zayd qalbi hayajondan titrab, “Ey, Rasululloh! Onam sizga shu taomni yubordi”, dedi. Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam bu hadyadan juda mamnun boʻlib, u yerdagi sahobalar bilan birga ovqatlangandan keyin Zayd va uning onasi uchun shunday duo qildilar: “Alloh senga va onangga baraka ato etsin!”
Zayd Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijrat qilishlaridan oldin Qurʼondan oʻn yettita surani yod olgan edi. Uning oʻtmishini bilgan ansorlar uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga chiqarib, u haqida soʻzlab berdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan Qurʼon oʻqib berishini soʻradilar. Zayd ham bilgan suralarini birma-bir oʻqib berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning tilovatidan xursand boʻlib, unga juda ham muhim vazifani topshirdilar:
- Ey, Zayd! Men uchun yahudiylarning tilini oʻrgan! Allohga qasamki, yozishma masalasida ularga ishonmayapman, dedilar.
Zayd ikki hafta atrofidagi vaqt ichida ibroniy tilini oʻrgandi. Ehtiyoj boʻlganida xat yozar, xat kelganida uni oʻqib, tarjima qilib berardi. Sodir etilgan xatolar va qasddan qilingan buzgʻunchiliklarni aniqlab, ular haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytib berar edi. Buning ustiga paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam undan suryoniy tilini ham oʻrganishini soʻradilar. Zayd bu tilni ham qisqa muddatda oʻzlashtirdi.
Bundan tashqari, Zayd ushbu ikki tilga qoʻshimcha ravishda rumcha, forscha, qibtiycha va habash tilini ham qisqa vaqt ichida oʻrganib, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tarjimoniga aylangan edi.
Madinada Masjidi Nabaviy qurilgunga qadar Bilol Habashiy azonni Zaydlarning uyi ustida oʻqir edi. Chunki ularning uyi boshqalarnikidan balandroq edi. Shuningdek, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga qoʻshni boʻlish Zayd va uning oilasi uchun katta bir imkoniyat boʻlgan edi.
Zayd fursat topdi deguncha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borar va u zotning muborak ogʻizlaridan duolar, nasihatlar, Islomning amr, qaytariq va buyruqlarini tinglar edi. Eng muhim jihati shundaki, u bir necha bor vahiyning nozil boʻlish lahzasining guvohi boʻlgan va kelgan vahiylarni darhol yozgan edi.
Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlik paytlarida Qurʼonni boshidan oxirigacha hifz qilgan, yod olgan toʻrt sahobadan biri edi. Uning vahiy yozuvchisi boʻlishi, favqulodda iqtidori, oʻtkir zehni va eng muhimi, taʼrifga til ojiz darajadagi ishtiyoqi uni ana shunday sharafga munosib qildi.
Zaydning bu holati, Islom yoʻlida jangga qatnashishga boʻlgan ishtiyoqida ham namoyon boʻlgan edi. U bor-yoʻgʻi 13 yoshda boʻlganida Badr jangi oldidan qoʻshin safiga qoʻshilgan, ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni yoshi kichikligi sababli ortga qaytargan edilar.
Ammo Xandaq jangi vaqtida u 15 yoshda edi va ayniqsa xandaq qazishdagi gʻayrati va fidoyiligi bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning maqtovlariga sazovor boʻldi. Tabuk jangiga yoʻl olish vaqtida unga Bani Najjor qabilasining bayrogʻini koʻtarish vazifasi berildi.
Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu butun umri davomida ilmga amal qilgan namunali musulmon boʻlib yashadi. U Qurʼoni karimni eng chiroyli oʻquvchi sahobalardan biri edi. Hijriy 45-yilda Madinada vafot etganida, hazrati Abu Hurayra roziyallohu anhu bu haqiqatni shunday ifoda etgan edi: “Bu ummatning olimi vafot etdi”.
Otabek MUHAMMADIYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi