Joriy yilda buyuk mutakallim va islomiy ilmlar taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanadi.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan muhim qaror milliy va diniy maʼrifat taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi.
Imom Moturidiy nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun islom olami uzra kalom ilmida mustahkam taʼlimot yaratgan jahoniy allomalardan biri hisoblanadi. Uning ilmiy merosi dunyo musulmonlarining maʼnaviy muhitida oqilona tushunchalarni shakllantirish hamda jaholat va mutaassiblikka qarshi maʼrifat orqali kurash yondashuvini shakllantirishda muhimdir. «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida»gi Qaror aynan ana shu bebaho ilmiy-maʼnaviy boylikni keng targʻib qilish, yosh avlodni ajdodlar merosiga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularga xolis va toʻgʻri maʼlumot yetib borishini taʼminlashga qaratilgan.
Qarorda Imom Moturidiy merosini chuqur oʻrganish, uning asarlarini tarjima qilish va keng ommaga yetkazish, shuningdek, xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirish kabi masalalar ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Bu esa nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham ilmiy dunyoqarash va maʼrifatni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur qaror doirasida respublika va xalqaro miqyosda ilmiy konferensiyalar, simpoziumlar hamda davra suhbatlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu tadbirlar Imom Moturidiy taʼlimotining bugungi kunda ham dolzarbligini namoyon etish va uning insonparvarlikka asoslangan gʻoyalarini keng tarqatishga yordam beradi. Bu esa Imom Moturidiyning ilmiy merosini yoshlarga yetkazishda ham muhim qadam hisoblanadi. Chunki qaror asosida taʼlim muassasalarida Imom Moturidiy taʼlimotiga oid maxsus kurslar va tanlovlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Bu esa yangi avlodning maʼnaviy va aqliy salohiyatini oshirishga, ularni islom maʼrifatparvarligi gʻoyalari bilan tanishtirishga xizmat qiladi.
Imom Moturidiyning taʼlimoti moʻtadillik, dunyoqarash erkinligi, aqliy tahlil va diniy bagʻrikenglikni targʻib qilgani bilan ahamiyatlidir. U oʻzining mashhur «Kitob at-tavhid» asarida ilmiy dunyoqarashni shakllantirishda asos sifatida xizmat qiluvchi «Maʼrifat nazariyasi»ni toʻliq ochib bergan. Unga koʻra, hissiy bilimlar, aqliy mantiq va ishonchli maʼlumot ilm hosil qilishning tamal poydevori hisoblandi. Bu esa alloma taʼlimotini zamonlar osha eskirmaydigan olamshumul xususiyatga ega boʻlishida asosiy omil boʻldi. Shuningdek, Imom Moturidiyning «Taʼvilot al-Qurʼon» nomli tafsirida ham Qurʼoni karim oyatlari ilmiy dunyoqarash, mantiqiy tahlil va ratsional tafakkur bilan hamohang ekanini ochib berishga katta eʼtibor qaratgan.
Hozirgi kunda Imom Moturidiy taʼlimoti jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni taʼminlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Dunyo boʻylab ekstremizm va radikalizm xavfi kuchayib borayotgan bir davrda Imom Moturidiyning taʼlimoti jaholat va mutaassiblikka qarshi maʼrifat va aql-zakovat bilan javob berishga chorlaydi.
Shuningdek, Imom Moturidiy taʼlimoti yurtimizning islomiy merosini chuqur oʻrganish, ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini toʻlaqonli anglash, adolat, insoniylik va maʼrifatparvarlik tamoyillari asosida hayot barpo qilishga xizmat qiladi. Shu jihatdan, yubiley tantanalari universitetlarda va ilmiy-tadqiqot muassasalarda Imom Moturidiy merosini oʻrganish boʻyicha yangi tadqiqotlar olib borilishiga kuchli turtki berishi kutilmoqda.
Imom Moturidiyning 1155 yilligini nishonlash boʻyicha qabul qilingan qaror milliy qadriyatlarimizni mustahkamlash, maʼrifatni taraqqiy ettirish hamda yoshlarni ilm va ezgulikka yoʻnaltirishda katta ahamiyatga ega. Ushbu qaror orqali yurtimizda maʼnaviy merosimizga boʻlgan eʼtibor yanada kuchayib, uning ilmiy asosda oʻrganilishi yangi bosqichga koʻtarilishi shubhasiz. Buyuk allomaning boy ilmiy merosi hamisha insonlarni hidoyat sari yetaklaydigan manba boʻlib qoladi.
Shu bilan birga, nafaqat mahalliy, balki xalqaro darajada ham Imom Moturidiy taʼlimotiga qiziqish ortib boradi. Bu esa Oʻzbekistonning nomoddiy madaniy merosini dunyoga yanada kengroq tanitish imkonini beradi. Ilmiy ekspeditsiyalar, qoʻlyozma manbalarni aniqlash va nashr etish ishlari yanada jadallashadi.
Shunday qilib, Imom Moturidiyning 1155-yilligi davlat va jamiyat tomonidan yuksak eʼtirof etilayotgani, uning ilmiy merosini oʻrganishga keng imkoniyatlar yaratilayotgani milliy va umuminsoniy qadriyatlarimiz, islom dinining maʼrifatparvar mohiyati va bagʻrikenglik gʻoyalarini jamiyatda keng targʻib qilishda muhim qadamdir. Bu esa yurtimizda tinchlik, taraqqiyot va yuksalish ruhini yanada mustahkamlaydi.
Zafar FAXRIDDINOV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi
Manba: UzA