Home / MAQOLALAR / RIHLANING TURLARI

RIHLANING TURLARI

Rihla – eng sodda taʼrif bilan aytganda, hadis tarixi doirasida ilm safarlari tushuniladigan bir tushuncha hisoblanadi. Islom jamiyatlariga xos boʻlgan bir faoliyat boʻlib, rihla ilm talabi maqsadida amalga oshiriladigan va jamiyatda mavjud boʻlgan sayyohlik madaniyatiga asoslangan safardir. Shu nuqtai nazardan, rihla tushunchasini anglash uchun sayyohlik fenomeni va Islom madaniyatidagi “ilm” tushunchasini yaxshi oʻzlashtirish zarurdir.

Maqolada rihla mavzusini oʻrganish jarayonida, avvalo insoniyat tarixida sayyohlik fenomeniga eʼtibor qaratiladi, sayyohlik tarixi, turlari va uning bilim bilan aloqasi tahlil qilinadi. Keyin esa tarixiy jarayonda bilimga erishish uchun amalga oshirilgan sayyohlik turlari haqida batafsil maʼlumot beriladi hamda alohida Islom dunyosidagi ilm safarlari haqida maʼlumot taqdim etiladi. Rihlaning sayyohlik tarixidagi oʻrnini aniqlaydigan ushbu kirish qismidan soʻng, asosiy tadqiqot mavzumiz boʻlgan hadis tarixidagi ilm safarlariga oʻtiladi va rihla tushunchasi tahlil qilinadi. Buning uchun rihlaning taʼrifi, koʻlami va konsepsiyalashtirish jarayoni oʻrganiladi, biografik matnlarda rihla doirasida uchraydigan lugʻat aniqlanadi. Konseptual doirani aniqlashtirgandan soʻng, olimlarning boshqa safarlari bilan rihlalar oʻrtasidagi bogʻliqlikka eʼtibor qaratiladi va nazariya bilan amaliyot oʻrtasida aloqa oʻrnatiladi.

Sayohat fenomeni va rihla tushunchasi

Maqsadli va rejali safar sifatida taʼriflanadigan “sayohat” tarixining boshlanishi insoniyat tarixi bilan bir qadar tengdir. Inson bor joyda harakat mavjud boʻlib, ushbu harakat joy oʻzgartirishni va joy oʻzgartirish esa sayohatning eshigini ochgan. Shu tariqa, sayohat inson hayotining bir qismiga aylangan va insonlarni sayohat qilishga undagan omillar vaqt davomida oʻzgargan boʻlsa-da, insoniyat tarixida sayohat tushunchasi doimo mavjud boʻlib kelgan.

Inson oʻz hayotini davom ettirishi uchun avvalambor ovqatlanish, ichish va boshpanalash kabi asosiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida ilk safarlarini amalga oshirgan. Tarixning dastlabki davrlarida oʻzlari va hayvonlari uchun qulay yashash sharoitlariga ega joylarni qidirish bilan koʻchmanchi turmush tarzini qabul qilgan jamoalar keyinchalik doimiy yashash tarziga oʻtishganidan keyin ham oʻzgargan shart-sharoitlar va turli ehtiyojlar tufayli yangi safarlarni amalga oshirishgan. Inson tabiatining qiziquvchanlik va hirs hislari bilan ragʻbatlangan bu safarlar imkoniyatlarning rivojlanishi bilan tobora ommaviylashgan.

Sayohatning rivojlanishida turli omillar muhim rol oʻynagan. Ularning asosiysi – fizik shart-sharoitlarning mosligi. Masalan, sayohat imkoniyatlari cheklangan boʻlgan Yunon jamoasida safarlar chegaralangan darajada qolgan boʻlsa, uch qitʼadagi aloqani taʼminlash maqsadida rivojlantirilgan transport va aloqa tarmogʻi tufayli Rim jamoasida safarlar jiddiy darajada oʻsgan. Rimliklar miloddan avvalgi 150 yillardan boshlab kuchli texnika bilan rivojlantirgan yoʻl qurish ishlari kundan-kunga yaxshilangan; ikki polosali yoʻllar, asfalt darajasida tekislangan yoʻllar, koʻpriklar va tunnellardan iborat tizimli va tartibli transport tarmogʻi Antik dunyo jamoasini qamrab olgan. Imperiya davrida yuz ming kilometrga yetgan ushbu tarmoq tarixdagi eng katta transport tarmogʻini tashkil qilgani taʼkidlanadi. Ushbu yoʻllardan baʼzilari haligacha foydalanilmoqda.

Yoʻllarning yaxshilanishi bilan birga, boshqaruv organlari tomonidan shaxslarga berilgan huquqlar hamda sayohat xavfsizligi va qulayligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar sayohatning rivojlanishida muhim rol oʻynagan. Bundan tashqari, zamonaviy turizmning boshlanishi sifatida qabul qilingan Rim jamoasida muzeylar, yoʻlboshchi kitoblar, mehmonxona va restoranlar, sovgʻalar doʻkonlari kabi sayohatni ragʻbatlantiruvchi omillarning koʻpligi eʼtiborga molikdir. Ushbu davrda sayohatlarni asosan tijorat harakatlari va amaliy maqsadlarga qaratilgan turizm faoliyatlari yoʻnaltirgan va xizmatlar shu yoʻnalishda rivojlantirilgan. Shuningdek, sayohat motivatsiyasi yuqori boʻlgan Islom dunyosida, sayyohlarga beriladigan turli huquq va qulayliklar hamda rasmiy va norasmiy koʻrinishda taqdim etilgan imkoniyatlar sayohat yukini yengillashtirgan va sayohatni keng rivojlanib tarqalgan faoliyatga aylantirgan.

Sayohatning rivojlanishida muhim rol oʻynagan boshqa bir omil – sayohat vositalarining sifati. Ilk sayohatlar piyoda yoki minishga mos hayvonlarda amalga oshirilgan boʻlsa, vaqt oʻtishi bilan ularni kemalardagi safarlar almashtirgan, texnologiya orqali rivojlangan turli transport vositalari tufayli havo, quruqlik va dengiz orqali sayohatlar ancha keng maydonlarga tarqalgan. Masalan, Nil daryosi tufayli dengiz transportida yetakchi rol oʻynagan misrliklar miloddan avvalgi 4000 yillarda papirusdan yasalgan qayiq va sallar ishlab chiqargan boʻlib, bu ularga yangi kashfiyotlarni amalga oshirish imkoniyatini bergan. Vaqt oʻtishi bilan ushbu oddiy vositalarning oʻrnini mustahkamroq boʻlgan yogʻoch kemalar egallagan, keyin esa boʻronli dengizlardan oʻtib ketadigan kemalar parki paydo boʻlgan. Bu sohadagi eng muhim oʻzgarishlar sanoat inqilobi davrida bugʻ mashinasini ixtiro qilish orqali bugʻda ishlaydigan lokomotivlarni ishlab chiqarish bilan boshlangan, deb aytish mumkin. Ishlab chiqarish texnologiyalari tezlik bilan koʻpayib, safarlar muddati sezilarli darajada qisqargan; tanlovlarning koʻpayishi bilan sayohatlar arzonlashgan, shu orqali jamiyatning barcha qatlamlarida osonlashgan hamda dunyo chegaralaridan tashqariga, hatto kosmosga sayohat amalga oshirilmoqda. Shu sababli, safarlar sifat va miqdor jihatdan har bir kuni yangi bosqichga oʻtmoqda.

Yaratilgan imkoniyatlar tufayli muammolarni yengillatgan va qiziqarli faoliyatga aylangan sayohatlar inson hayotida kundan-kunga koʻproq oʻrin egallay boshladi. Tarix davomida insonlarni sayohatga undagan omillar juda turfa-xil boʻlgan boʻlsa-da, sabablari jihatidan safarlarni bir nechta turkumga ajratish mumkin. Bu tasnifning maqsadi sayohat turlarini keskin chiziqlar bilan bir-biridan ajratish yoki har qanday sayohatning sababini faqatgina bir omilga aylantirish emas, balki insonlarning qaysi maqsadlarda sayohat qilganini tizimli birlikda koʻrishdir. Chunki tarixdagi sayohatlarning aksariyati bir vaqtda bir nechta kategoriyaga kirishi mumkin. Xususan, uzoq muddatli sayohatlarda koʻplab maqsadlar birgalikda koʻzda tutilgan. Ushbu turli kategoriyalarni koʻrish sayohat va rihla aloqasini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Sayohat turlari. Diniy sayohatlar

Diniy sayohatlardan maqsad, diniy amallarni bajarish uchun muqaddas joylarga amalga oshiriladigan safarlardir. Har bir eʼtiqodda umumiy qiymatga ega boʻlgan muqaddas joylar, diniy vazifalar bajarilishi kerak boʻlgan, diniy shaxsiyat bilan bogʻliq yoki eʼtiqodga oid voqea sodir boʻlgan joylarni anglatadi. Insonlar oʻz eʼtiqodlarida muqaddas boʻlgan ushbu joylarni nafaqat diniy majburiyatlarini bajarish uchun, balki moddiy, maʼnaviy va axloqiy manfaatlar olish, keyingi hayotlarini yaxshilash va abadiy baxtga erishish maqsadida ham ziyorat qiladilar[1]. Ayniqsa, mazmun va ijro jihatidan farqli boʻlganiga qaramay, barcha dinlarda muhim ahamiyatga ega boʻlgan haj ibodati amalga oshiriladigan joylar tarix davomida eng koʻp tashrif buyuriladigan manzillardan biri boʻlib kelgan.

Ushbu doirada haj joylari boʻlgan shaharlar, togʻ choʻqqilari, gʻorlar, koʻrfazlar, ibodatxonalar va maʼbadlar, aziz avliyolarning uzlatga chekilib yashagan joylari; paygʻambarlar, azizlar va dono shaxslarga tegishli muqaddas buyum va qoldiqlar saqlangan qabrlar hatto baʼzi monastirlardagi ruhoniylar boʻlgan joylar ham tashriflar markazi boʻlgan. Haj uchun muqaddas deb hisoblangan yoʻnalishlar haqida ham soʻz yuritilgan. Shuningdek, muqaddas kitoblarda nomlari zikr etilgan joylar, diniy shaxsiyatlarning hayotida sodir boʻlgan muhim hodisalar roʻy bergan makonlar, ayniqsa, muayyan diniy tajribalar amalga oshirilgan joylar hamda turba (mozor)lar ham ziyorat qilingan[2]. Diniy jihatdan ahamiyatli boʻlgan maxsus vaqt davrlarida bu turdagi ziyoratlar soni sezilarli darajada ortib borgan[3].

Sayohatlar tarixi nuqtai nazaridan muqaddas joylarga amalga oshirilgan safarlar muhim ulushga ega ekanligi koʻrinadi. Buning eng asosiy sabablaridan biri, dinning inson hayotini qamrab oluvchi xususiyati hamda inson tabiatining ishonch va panohga muhtoj ekanligidadir. Muqaddas joylarni ziyorat qilishning maʼlumot (haqiqat) izlash yoki salomatlikni tiklash maqsadida amalga oshiriladigan sayohatlar bilan yaqindan bogʻliqligi ham bor. Insonlar muqaddas joylarni faqat savob olish yoki kechirilish uchun emas, balki ilohiy qudratni his qilish, haqiqat bilimlariga erishish, moddiy va maʼnaviy kasalliklardan shifo topish hamda turli istaklarining amalga oshishini kutib tashrif buyuradilar. Buning tufayli, sayohat yoʻnalishlari markazi boʻlgan yoʻllar yaqiniga koʻplab maʼbadlar qurilgani tarixiy manbalarda qayd etilgan[4]. Shuningdek, muqaddas joylarni muhofaza qilish yoki dinni tarqatish maqsadida amalga oshirilgan siyosiy va harbiy safarlar ham aytib oʻtish mumkin[5]. Hatto diniy taʼlimotlarni tarqatish va mavjud diniy qarashlarga qarshi chiqib, zuhd hayotini qabul qilgan va sayyoh sifatida maʼlum boʻlgan tariqat aʼzolarining safarlarini ham diniy sayohatlar kategoriyasiga kiritish mumkin.

Diniy taʼlimotlarni tarqatish maqsadida amalga oshirilgan safarlar bilan birga mavjud diniy qarashlarga qarshi chiqib, zoʻhd hayotini qabul qilgan va sayyoh sifatida maʼlum boʻlgan tariqat aʼzolarining safarlari ham diniy sayohatlar kategoriyasida baholash mumkin. Diniy taʼlimotlarni tarqatish mavzusi keyinchalik kengroq yoritiladi. Sayyoh sifatida eʼtirof etilgan tariqat aʼzolaridan Xristianlikda tilanchi tariqatlari sifatida tanilgan Fransiskan va Dominikan tariqatlari aʼzolarini misol qilib keltirish mumkin. Ideal Xristianning kambagʻal boʻlishi kerakligi tushunchasidan kelib chiqqan ushbu tariqat aʼzolari bir joyda turib ibodat qilishni rad etib, uyma-uy, mintaqadan mintaqaga yurib, ham sadaqa yigʻgan, ham Xristianlikni tarqatgan[6].

Shu davrlarda Sharq dunyosida paydo boʻlgan Qalandariylar va Haydariylar kabi guruhlar ham shu kabi diniy tushunchalardan kelib chiqib sayyohlik darvishlar guruhlari sifatida taʼriflangan. Ushbu guruhlar oʻz eʼtiqodlari va tashqi koʻrinishlari bilan jamiyatdan ayrilishi hamda barcha turdagi urf-odatlarni rad etishi bilan ajralib turgan. Ular zuhd tushunchasi bilan kambagʻal hayot tarzini tanlab, yilning katta qismini sayohat qilib va dam olib oʻtkazishgan[7].

Otabek MUHAMMADIYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

[1] Ömer Faruk Harman. Haj. TDIE. J. 14. – B. 382.
[2] Harman. Haj. TDIE. J. 14. – B. 382.
[3] Casson, Antik çağda seyahat. 2020.
[4] Frankopan P. The Silk Roads: A New History of the World. 2015.
[5] Demircan A. Arap edebiyatinda seyahatname türü. 2010.
[6] Mastromartino F. Lʼanalisi dei diritti. 2022.
[7] Karamustafa A. Tanrının kuraltanimaz kullari. – Istanbul: Yapı kredi yayinlari, 2016.

Check Also

KICHIK YOSHDAGI SAHOBALAR

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo Abdulloh paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga paygʻambarlik vazifasi berilganidan ikki yil …