Bir hadis sharhi
Goʻzal xulq sogʻlom jamiyatning tamal toshi hisoblanadi. Uning ahamiyatini faqat feʼl-atvori buzilgan va moʻminlar orasida yomon gaplar yoyilishini xohlaydiganlar inkor etadi. Islom yaxshi xulqli boʻlishga chaqiradi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng goʻzal xulqlisi edilar. U zot Qurʼon axloqi bilan sifatlangandilar. Sahobalar u zotning hidoyati, salobati va xulq-atvorlarini bizga yetkazgan.
عَنْ أَبِي إِسْحَاقَ، قَالَ سَمِعْتُ أَبَا عَبْدِ اللَّهِ الْجَدَلِىَّ يَقُولُ سَأَلْتُ عَائِشَةَ عَنْ خُلُقِ رَسُولِ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- فَقَالَتْ لَمْ يَكُنْ فَاحِشًا وَلاَ مُتَفَحِّشًا وَلاَ صَخَّابًا فِى الأَسْوَاقِ وَلاَ يَجْزِى بِالسَّيِّئَةِ السَّيِّئَةَ وَلَكِنْ يَعْفُو وَيَصْفَحُ.
Abu Abdulloh Jadaliy aytadi: “Oishadan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari haqida soʻradim. U: “U zot fahsh soʻzlovchi ham, fahsh soʻzlashga urinuvchi ham emasdilar. Bozorlarda shovqin-suron qiluvchi emasdilar. Yomonlikka yomonlik qaytarmas, aksincha kechirib yuborar edilar”, dedi”. (Termiziy, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyat qilgan).
Avvalgi uch sifat tashqaridan koʻzga tashlanavermaydi. Bular ichki odob, ichki madaniyatdir. Lekin yomonlikka yomonlik qilmaslik roʻy-rost koʻrinib turadigan fazilatdir. Chunki qarshi tomon qasdma-qasd harakatni kutadi, lekin uni koʻrmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning: ﴾فَاعْفُ عَنْهُمْ وَاصْفَحْ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ﴿ “Ularni afv eting va ayblarini oʻtib yuboring! Albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarni xush koʻradi” (Moida surasi, 13-oyat), degan soʻzlariga muvofiq kechirib yuborardilar.
Ushbu hadisni Ato ibn Yasor rivoyat qilgan hadis ham tasdiqlaydi: “Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumo bilan koʻrishib qoldim. “Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Tavrotdagi sifatlaridan xabar bering”, dedim. U: “Ha, Allohga qasamki, u zot Qurʼondagi baʼzi sifatlari bilan Tavrotda ham sifatlanganlar: “Ey Nabiy, albatta, Biz sizni guvoh, xushxabar beruvchi, ogohlantiruvchi va ummiylar uchun himoya qoʻrgʻoni qilib yubordik. Siz bandamsiz va Rasulimsiz. Sizni Mutavakkil deb nomladim. U badxulq ham, qoʻpol ham, bozorlarda shovqin-suron qiluvchi ham emas. U yomonlikka yomonlik qilmas, balki afv qilur. Alloh uning vositasida egri (yoʻldagi) millatni “Laa ilaha illalloh” deydigan qilib toʻgʻrilamaguncha uni aslo qabz qilmas (jonini olmas). U bilan koʻr koʻzlarni, gung quloqlarni va berk qalblarni ochadi”, dedi” (Buxoriy rivoyati).
Hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayrim goʻzal xulqlari bayon etilgani yomon xulqli boʻlishdan saqlanish, xunuk gap soʻzlamaslik, bozor va boshqa joylarda shovqin-suron koʻtarib odamlarni bezovta qilmaslik lozimligini bildiradi. Shuningdek, kechirimli boʻlish chiroyli xulq alomati ekanini uqtiradi.
Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi