Home / MAQOLALAR / RAMAZON SABOQLARI

RAMAZON SABOQLARI

“Ey imon keltirganlar!

Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham roʻza farz qilindi.

Shoyad taqvodor boʻlsangiz”.
(Baqara surasi, 183-oyat)

 

Muhammad sollallohu alayhi vasallam dedilar:

“Alloh taolo: “Odam bolasining har qanday ishi uning oʻzi uchun, faqat roʻza mustasno, roʻzani Men uchun tutadi, uning ajrini ham Oʻzim beraman”, dedi”.
(Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan)

Poklanish, mehr-oqibat, insonparvarlik, bagʻrikenglik, ezgulik va saxovat oyi boʻlgan muborak Ramazonda hammaning koʻngliga shunday fayzli va barakotli kunlarga yetkazgani uchun Parvardigorga shukrona tuygʻusi ingan, barchaning qalbidan shunday saodatli oylarning yana koʻpini koʻrish umidi joy olgan. Qalblarga imon nurini baxsh etadigan ushbu ulugʻ oyni mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik muhitida, oilalar bagʻrida, el-yurt davrasida oʻtkazayotgan har bir yurtdoshimiz buning uchun Haq taologa cheksiz shukrona keltiradi.

Joriy yilning 1-martidan musulmon dunyosida, taʼbir joiz boʻlsa, har yilgi roʻza tartibi joriy boʻldi – insonlar kunduzlari yeyish-ichishdan, turli koʻngilxushliklardan oʻzini tiyish barobarida, qalbi va ruhini poklashga kirishdi. Kimdir pursaxovat boʻlib ketib, odamlarga turli yeguliklarni ulashyapti, iftorliklar tashkil etyapti. Yana kimdir mehribonlik uylariga, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam koʻrsatyapti. Bunday xayrli ishlarni amalga oshirayotganlar imkon qadar anonim holda ish tutyapti. Yaʼni, bunda riyo ham, sumʼa[1] ham yoʻq. Ular xalqimizning “Yaxshilik qil, daryoga tashla, baliq koʻradi, baliq koʻrmasa ham Xoliq koʻradi” naqli asosida harakat qilyapti.

Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng kuchli saxiyliklari Ramazonda – Jabroil alayhissalom u zot bilan uchrashganda namoyon boʻlar edi. Jabroil alayhissalom Ramazonning har tunida u zot bilan uchrashib, ikkisi Qurʼondan dars qilishardi. Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda erkin shamoldan ham saxiy boʻlib ketar edilar”.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlardan birida qaysidir bir davlatda Ramazon oyida saxovat egalari amal qiladigan odat haqida yozishdi. Yoʻq, ular uyma-uy yurib, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatmas ekan. Duch kelgan mahallaga borib, baqqolning oldiga kirar va “qarz daftari”ni ochtirib, yordamga eng koʻp muhtoj boʻlgan oilalarning pulini toʻlab ketarkan. Baʼzilari saxovati joʻsh urib, butun daftarni “yopib” yuborar ekan. Shu tariqa muhtoj odamlar bu yordam kimdan ekanini hech ham bilolmay qolarkan. Saxovat egasi ham uni bilmas va tanimas ekan.

Oʻzbekistonda bunday insonlar yoʻq, deb oʻylasak, katta xato qilgan boʻlamiz. Bizning pursaxovat hamyurtlarimiz oʻz amallari haqida eng kichik ijtimoiy tarmoqda eng kichik xabar yozilishini ham istamagani uchun bu ishlarni mutlaqo maxfiy tarzda amalga oshiradi. Bunga keksa aptekachini misol keltirish mumkin. Uning mahallasida qand kasalligiga chalingan bir ayol boʻlib, har hafta yo har oy dorixonadan bir dori sotib olarkan. Kunlardan bir kun aptekachi omonatini topshiradi. Bir necha kun oʻtib, haligi ayol yana dorixonaga keladi va oʻsha dorini sotib olmoqchi boʻladi. Marhumning oʻrnida endi ota kasbini egallagan oʻgʻli ishlayotgan boʻladi. U boyagi dori uchun nisbatan ancha katta narx aytadi. Ayol hayron boʻladi, doim falon soʻmga sotib olib kelganini aytadi. Oʻgʻil biroz oʻylanib turib, nihoyat gap nimada ekanini anglaydi va yanglishganini aytib, uzr soʻraydi. Otasining anʼanasini davom ettirib, ayolga haligi dorini arzon narxda sotadi.

Mana shu satrlarni oʻqiyotgan har bir yurtdoshimiz kamida bitta, boʻlmasa, bir nechta shunday odamni bilishi, tanishiga shubha yoʻq. Lekin biz anonim tarzda boʻlsa ham ovoza qilgimiz kelmaydi. Bu oʻrinda ibrat va eʼtirof tarzida bir chimdim gap ochilgani esa, eng katta istisnodir.

Hamyurtlarimizning qalblaridagi saxovatga yanada koʻproq intilish hissi, mamlakatimizdagi umumiy ijtimoiy Ramazon muhiti shunday amallarda namoyon boʻlayotgan esa, davlatimiz eʼtibori ijtimoiy manzarada yaqqol namoyon boʻlyapti. Maʼnaviy poklanish, sabr-qanoat, xayru saxovat fazilatlari ziyoda boʻladigan mohi Ramazonni milliy anʼana va qadriyatlarimizga mos tarzda, yuksak saviyada oʻtkazish, yurtimiz musulmonlarining ibodat amallarini emin-erkin ado etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Endi bu muqaddas oyning oʻzi haqida fikr yuritsak. Shahri Ramazonda islom ummati ibodat, sabr, saxovat va riyozatga boshqa oylardagiga qaraganda kattaroq va kuchliroq masʼuliyat bilan yondashadi. Kundalik ibodatlar barobarida, Qurʼon tilovati, xayrli amallar va sadaqani koʻpaytiradi, zakot beradi. Qandaydir sabab bilan namoz oʻqimay qoʻyganlar ayni shu oyda islomning bu ruknini yana bajara boshlaydi. Shu sababli ham musulmonlar Ramazon oyini oʻzgacha intiqlik bilan kutadi, uni boshqacha taqvo bilan oʻtkazadi. Bu oyda koʻpchilik shu choqqacha bosib oʻtgan hayot yoʻli toʻgʻrisida kengroq mushohadaga beriladi.

Ramazonda Yaratganga qalbini taslim etib, kunduzlari yeyish-ichishdan, turli koʻngilxushliklardan voz kechgan inson oʻz irodasini chiniqtirib, pishitib boradi. Oziq-ovqat va ichimlikdan tiyilishda katta hikmat bor. Inson bir parcha nonga, bir xoʻplam suvga zor boʻlganlarning ahvolini ich-ichidan his etadi. Bu tuygʻu unda rahm-shafqat, saxovat va bagʻrikenglik fazilatlarini rivojlantiradi. Inson qoʻli ochiqroq boʻla boradi, miskinlarga yordamini kuchaytirishga harakat qiladi. Poklik, ibodat va taqvo uning qalbini yumshatadi va oʻz qusurlaridan xalos boʻlishiga yordam beradi.

Shu bois ham butun islom olamida Ramazon oyi orziqib kutiladigan, Haq taologa yaqinlashish imkonini beradigan muborak va quvonchli palla sanaladi. U Parvardigorning bandalarga ulugʻ inoyati va ulkan ajru savob neʼmatidir. Zero, bu kunlar tan uchun neʼmatlardan tiyilish davri boʻlsa, qalb uchun orom onlaridir.

Qurʼoni karimda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

“Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu fyrqondan iborat ochiq bayonotlar boʻlib, Qurʼon tushirilgandir. Sizdan kim y oyda hozir boʻlsa, roʻzasini tutsin. Kim bemor yoki safarda boʻlsa, bas, sanogʻini boshqa kunlardan tutadi. Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi, qiyinchilikni xohlamaydi. Sanogʻini mukammal qilishingiz va sizni hidoyatga boshlagan Allohni ulugʻlashingiz uchun. Shoyad shukr qilsalaringiz” (Baqara surasi, 185-oyat).

Haq taolo Oʻzining abadiy moʻjizasi, qiyomatgacha insoniyatga hidoyat boʻladigan Kitobi boʻlmish Qyrʼoni karimni nozil qilish vaqti etib Ramazoni sharifni ixtiyor etganining oʻzi bu oyning fazilati naqadar yuksak ekanini koʻrsatadi. Poʻza ibodatini ayni Ramazon oyida tutishni farz qilgani esa nur ustiga nur, fazilat ustiga fazilatdir. Hijratning ikkinchi yilida nozil boʻlgan bu amr musulmonlar uchun shunisi bilan ahamiyatliki, Ramazonda jannat darvozalari ochilib, doʻzax eshiklari yopiladi, shaytonlar esa bandalarni haq yoʻldan ogʻdirmasligi uchun zanjirband qilinadi. Uning birinchi oʻn kunligi – rahmat, ikkinchisi – magʻfirat, oxirgisi – jahannamdan xalos boʻlish davri ekani Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning koʻplab hadislarida bayon etilgan.

Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi soʻzlarini keltirgan:

“Qodir Alloh aytadi: “Odam bolasining har qanday ishi uning oʻzi uchun, faqat roʻza mustasno, roʻzani Men uchun tutadi, uning ajrini ham Oʻzim beraman”. Roʻza qalqondir, sizlardan biringiz roʻza tutsa, har qanday yomonlikdan saqlansin va ovozini balandlatmasin. Kimdir unga yomon gapirsa yo janjallashmoqchi boʻlsa, “Men roʻzadorman!” desin. Muhammadning joni qoʻlida boʻlgan Zotga qasamki, roʻzadorning ogʻzidan keladigan hid Allohning nazdida mushku anbardan ham yaxshiroqdir. Roʻza tutgan banda uchun ikki quvonchli holat bor: u iftor vaqti neʼmatlarga yetishganidan quvonadi, Parvardigoriga yoʻliqqanda esa, roʻza tutganidan masrur boʻladi”.

Ramazon inson instinktlarini, nafsini jilovlash oyidir. Roʻza tutgan inson tashqi olamini ozoda saqlash, feʼlini yaxshilash, til va koʻzni tiyishdan tashqari, ichki dunyosini ham poklaydi – tubanlik va razolatga boshlovchi oʻy-xayollardan chekinadi. Riyo va sumʼa qilmaydi, dili va ruhini tarbiyalaydi. Shunday qilmas ekan, uning roʻzasi quruq ochlik va tashnalik bilan oʻziga jabr yetkazishdan boshqa narsa boʻlmay qoladi. Alloh qalbi toza boʻlmagan bandaning oziq-ovqat va ichimliklardan tiyilishidan behojatdir.

Ramazon avvalo qalbni poklash, feʼlni ayb va nuqsonlardan xoli qilish oyidir. Yil davomida yigʻilib qolgan xatolarni mulohaza qilib, ularni takrorlamaslik yoʻlini mahkam tutish qobiliyatiga mana shu oyda erishish imkoniyati koʻproq boʻladi. Chunki nafsning jilovlanishi insonni faqat yaxshi tomonga oʻzgartirishga xizmat qiladi.

Qadr kechasi Ramazon oyida ekani barchamizga yaxshi maʼlum. U Qudrat kechasi boʻlish bilan birga, qadar (taqdir) tuni ham sanaladi. Shu kechada Yaratganga astoydil aytilgan istigʻfor va qilingan tavba bandaning taqdirida azob oʻrnini rahmat egallashiga koʻproq yoʻl ochadi.

Ramazonda inson oʻzini bemaza oʻy-xayollar, bekorchi va oldi-qochdi gap-soʻzlar, behuda xatti-harakatlardan ihota qilishi, yomon odatlarni tark etishi bilan komillik yoʻliga oʻtadi. Sogʻlom turmush tarzining foydalarini oʻz jismu tani va ruhiyatida his etib, afzalliklariga guvoh boʻladi. Bularning barchasi shukronalikni kuchaytiradi. Har yili jism va ruhni shunday riyozatdan oʻtkazish orqali insonning ichki dunyosi oʻzgaradi. Bora-bora u faqat Ramazonda emas, umuman, butun hayoti davomida taqvodorroq, saxiyroq, rahmliroq boʻladi. Yaʼni, endi Ramazon tugagan boʻlsa-da, bu xayrli ishlar ham yakun topdi, degani boʻlmaydi. Iyd al-fitr bayram qilinganidan keyin ham inson oʻz oʻy-xayollari va xatti-harakatlari nazoratini boʻshashtirmaydi.

Oʻzbekistonimiz haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, yurtimizda Ramazon oyiga davlat darajasida eʼtibor beriladi. Har yili Ramazon oyini, Iyd al-fitr bayramini munosib oʻtkazish toʻgʻrisida Prezident qarorlari qabul qilinishi bu fikrning yorqin dalilidir. Boshqa mamlakatlarda buning mislini topish mushkul.

Bir necha yildan buyon tarovih namozlari chogʻida qilinadigan xatmi Qurʼon ham goʻzal tarzda tartibga solinganiga guvoh boʻlib kelyapmiz. Mana, namozxonlarga qulay boʻlishi uchun butun mamlakat boʻylab tarovih namozining vaqti bir xil qilib belgilandi. Qaysi kuni Musʼhafi sharifning qayeridan qayerigacha oʻqilishi aniq koʻrsatib berildi. Yaʼni, turli sabablarga koʻra oʻzi qatnab yurgan masjidga emas, boshqasiga borib qolgan odam hech qanday xavotir va tashvishsiz ibodatini bemalol kelgan joyidan davom ettiraveradi. Bundan ortiq yana nima qilish mumkin – qori Qurʼonni toʻliq oʻqib beradi, namozxonlar unga ergashaveradi. Baʼzilarga erish tuyulishi mumkindir, lekin baribir aytish kerak, masjidlarga kirish uchun chiptaxonalar oldida navbatga turilmaydi yo alohida ruxsatnoma olinmaydi. Masjidlarimiz havo sovugan vaqtlarda isitiladi, jazirama kunlari salqinlatiladi.

Har yili tele- va radiokanallarimizda aynan iftorlik va saharlik paytlariga moʻljallab maʼrifiy koʻrsatuv va eshittirishlar tayyorlanadi. Muxtasar aytganda, roʻzadorlar nafaqat jisman, balki maʼnan oʻz-oʻzini tarbiyalab, takomillashtirib borishi uchun barcha choralar koʻrilgan.

Fozillar aytadi: “Xamr pulga olinadi, tilovat va zikr – bepul, zino pul talab qiladi, ayoliga mehrli boʻlish – bepul, diskotekaga pul bilan kiriladi, masjidga kirish – bepul. Demak, Haq taolo jahannamni pullik qilib, jannatni bepul qilib qoʻyibdi!” Roʻzador inson bu gaplar zamiridagi hikmatni anglab olishga, ana shu hayotiy tamoyillarga qatʼiy amalga qilishga oʻrganishga osonlik bilan muyassar boʻladi.

Anvar BOBOYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

[1] Riyo odamlar koʻrishi, sumʼa boshqalar eshitishi uchun qilinadigan ishlardir.

Check Also

JOHILLIK DARAJASIGA TUSHIRADIGAN AMALNI BILASIZMI?

Itoat islomning muhim shartlaridan biridir. Musulmonlarning Alloh va Rasuliga itoat etishi farz boʻlgani kabi oʻz …