Home / FOTO LAVHALAR / Jonli efirda: Markazning yutuq va yangi maqsadlari

Jonli efirda: Markazning yutuq va yangi maqsadlari

2025-yil 17-mart kuni Milliy matbuot markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2024-yilgi faoliyati yakunlari va joriy yildagi rejalari” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Milliy matbuot markazi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Markaz rahbariyati va milliy OAV xodimlari ishtirok etdi.

Dastlab Markaz direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov Markazning 2024-yilda xalqaro aloqalar va qoʻlyozmalarni oʻrganish sohasida qilingan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi.

Hisobot davrida xorijdagi 5 ta yetakchi ilmiy tadqiqot markazi va universitet bilan hamkorlikka oid memorandumlar imzolandi. Dolzarb mavzularda 52 ta xalqaro konferensiya, ilmiy seminar va davra suhbati tashkil etildi.

Markazning 16 xodimi xorijda tashkil etilgan ilmiy anjumanlar, malaka oshirish kurslarida va delegatsiya tarkibida ilmiy safarlarda ishtirok etdi. Jumladan, 1 ilmiy xodim Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari institutida malaka oshirdi.

Fransiya, Turkiya, Qirgʻiziston, Avstraliya, Malayziya kabi davlatlarning nufuzli ilmiy muassasalaridan 7 tadqiqotchi “Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasi” sovrindori sifatida Markazda ilmiy amaliyot oʻtadi.

Qoʻlyozmalarni oʻrganish sohasida:

Markaz fondida 16 ta qoʻlyozma, 8 ta toshbosma kitob (jami 24 ta manba) jamlandi. Jumladan, aholi qoʻlida saqlanayotgan 6 ta qoʻlyozma kitob va 8 ta toshbosma kitob (jami 14 ta manba) hadya sifatida qabul qilindi, jismoniy shaxslardan 10 ta qoʻlyozma kitob xarid qilindi.

Markaz qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan 120 ta kitob (218 ta asar)ning 23 573 varagʻi skaner qilinib, elektron nusxalari tayyorlandi.

Markaz fondida saqlanayotgan 88 ta qoʻlyozma asar annotatsiyasi www.bukhari.uz saytiga joylashtirildi. Shuningdek, 178 ta qoʻlyozma kitob sahifalari chang-gʻubordan tozalanib, konservatsiya qilindi.

Markaz elektron bazasi 1403 ta qoʻlyozma va toshbosma asarlarning elektron nusxalari bilan boyitildi.

Turkiya qoʻlyozma asarlar bosh boshqarmasidan Imom Buxoriy asarlarining 20 ta elektron nusxasi olib kelindi.

Sahihul Buxoriy” asari qoʻlyozmalarining xorij fondlarida saqlanayotgan 864 ta elektron nusxasi toʻplandi.

Buyuk alloma va mutafakkirlarimiz asarlarining xorijiy fondlarda saqlanayotgan 13 260 ta qoʻlyozmasi roʻyxati shakllantirildi.

Markaz boʻlim boshligʻi, falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Jonibek Jumayev hisobot davrida Markazdagi ilmiy-tadqiqot va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tahlilini keltirdi.

Unga koʻra, Imom Buxoriy, Imom Dorimiy, Abdulhamid Keshiy, Abu Lays Samarqandiy kabi buyuk allomalarimizning 15 ta noyob asari oʻzbek tiliga tarjima qilindi, 8 nomdagi kitob va monografiya nashr etildi, 12 nomdagi kitob va risolalar nashrga tayyorlandi.

205 ta ilmiy ish nashr etildi. Jumladan, nufuzli ilmiy jurnal va toʻplamlarda 47 ta, ijtimoiy tarmoq va saytlarda 97 ta, bosma OAVda 10 ta maqola eʼlon qilindi. Xalqaro va mahalliy miqyosda oʻtkazilgan anjumanlarda 51 ta ilmiy maʼruza oʻqildi.

Maʼnaviy targʻibot yoʻnalishida:

Mahallalarga kirib borgan holda aholi, xususan, yoshlar bilan “Jaholatga qarshi – maʼrifat” mavzusida 176 ta, buyuk allomalarimiz ilmiy merosining yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati toʻgʻrisida 230 ta (jami 406 ta) maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

20 ta ilmiy va taʼlim muassasasida va 3 ta xalqaro anjumanda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi alloma va mutafakkirlarimiz haqida Markaz tomonidan tayyorlangan xalqchil risolalar, Imom Buxoriy qalamiga mansub kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Yurtimizning 161 ta tuman va shaharida 44300 nafar davlat xizmatchisini qamrab olgan holda “Yoshlarimizni yot oqimlarning buzgʻunchi gʻoyalaridan himoya qilish”, “Allomalarimiz merosida insonparvarlik gʻoyalari” mavzularida targʻibot uchrashuvlari tashkil qilindi.

Islom dini va hadislar mohiyatini buzib talqin qilayotgan radikal guruhlarga qarshi 69 ta raddiya, 159 ta videodars, 953 ta tahliliy maʼlumot tayyorlandi.

“Qaytaruv guruhi” tomonidan ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash maqsadida Samarqand viloyatining Urgut tumani, Samarqand va Katta Qoʻrgʻon shaharlaridagi mahallalarda oʻtkazilgan 35 ta uchrashuvlarda 3000 nafardan ortiq fuqarolar bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi.

Markaz direktori Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev 2025-yildagi istiqbolli reja va loyihalar tavsifini keltirdi.

Matbuot anjumani UzReport TV telekanali va uning Youtube va Facebookdagi sahifalari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish qilindi. Bu bilan internet foydalanuvchilari tadbirda onlayn ishtirok etish va savol, murojaat, ariza yoki shikoyatlar bilan murojaat qilish imkoniga ega boʻldi.

Anjuman davomida onlayn kuzatuvchilar, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari va matbuot sohasi vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ilmiy anjuman: tafakkur, jamiyat va koinot haqidagi chuqur munozaralar markazi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish …