Home / MAQOLALAR / ROʻZANING MODDIY-MAʼNAVIY FOYDALARI

ROʻZANING MODDIY-MAʼNAVIY FOYDALARI

Ramazon moʻminlar uchun rahmat va magʻfirat oyidir. Ushbu qimmatli vaqtni ibodat va yaxshi amallar bilan oʻtkazgan moʻminga abadiy saodat eshigi ochiladi. Doʻzaxdan najot mujdalari va jannat tomon yoʻl shu oyda mujassamdir.

Alloh taoloning Ramazonga bogʻliq bir qancha buyruq va taqiqlari bor. Taqiqlangan ishlarda katta zararlar, buyurilgan ishlarda esa hisobsiz moddiy va maʼnaviy foydalar bor.

Ramazonda kishi roʻza tutish savobidan tashqari, koʻplab shaxsiy va ijtimoiy yaxshiliklarga erishadi. Ruhiy va jismoniy foydalarni qoʻlga kiritadi. Jumladan:

Roʻza shukurga yetaklaydi. Inson oʻziga berilgan neʼmatlarga shukur qilishi kerak. Shukur qilish neʼmatning qadriga yetib, uning toʻgʻridan-toʻgʻri Alloh taolodan ekanini bilishdir. Ramazondan tashqarida kishi ochlikni toʻliq his qilmagani uchun neʼmatning qadrini anglay olmasligi mumkin. Bu oyda esa roʻza tutish bilan neʼmatlar sohibi Alloh ekanini anglab yetadi va oʻzining asl burchi boʻlmish shukur tomon yuzlanadi.

Roʻza yomonlikdan toʻsadi. Roʻzaning xususiyatlaridan biri roʻzadorni yomonliklardan qaytarib turishidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u haqda bunday deganlar:

“Roʻza qalqondir. Birortangiz roʻzador boʻlsa yomon gap gapirmasin, johillik qilmasin. Bordiyu biror kishi u bilan urishsa yoki uni haqorat qilsa: “Men roʻzadorman, men roʻzadorman”, desin”. (Abu Dovud rivoyati).

Hadisda “Roʻza qalqondir” iborasi bilan bu ibodat roʻzadorga farishtaga xos xislatlarni berishi va shu tariqa uni yomonliklardan asrashi taʼkidlanmoqda.

Roʻza nafsni tarbiyalaydi, ruhni kamolotga boshlaydi. Inson yaratiqlar ichida eng murakkab mavjudotdir. U tana va ruh singari tamoman farqli ikki unsurning bir yerga jamlanishi bilan paydo boʻlgan. Uning baxti bu turli unsurlarni muvozanatda saqlay olishidadir. Moddiy unsurlar ruhiy-maʼnaviy hislar ustidan hukmronlik qilishga intiladigan qilib yaratilgan. Agar u oʻz holiga tashlab qoʻyilsa, ruhning kamolotiga toʻsqinlik qiladi. Demak, tananing ruhga boʻysunishi uchun uning kuchini cheklash va ruh quvvatini oshirish kerak. Bunga erishishning eng samarali usuli ochlik, tashnalik va jinsiy istaklarni cheklash, u orqali qalb, ong va boshqa aʼzolarni nazoratda tutib turishdir. Bularning barchasiga roʻza tutish bilan erishish mumkin.

Roʻza sabr va irodani sayqallaydi. Koʻpincha neʼmatga erishish yoʻli mashaqqatli mehnatlar orasidan oʻtadi. Shunga koʻra, sabr-toqat muvaffaqiyatga erishishning eng muhim shartlaridan biridir. Roʻzador kishi kunduzda taomlardan tiyilish bilan nafsini jilovlaydi, irodasini mustahkamlaydi. Roʻza kelajakda duch kelish mumkin boʻlgan qiyinchiliklarga tayyorgarlik darsidir.

Roʻza axloqni goʻzallashtiradi. Roʻza insonlarga goʻzal odob-axloq baxsh etadigan tarbiya maktabidir. Hadisi sharifda bunday marhamat qilinadi: “Kim yolgʻon gapirishni va unga koʻra amal qilishni qoʻymasa, taom va ichimlikni tark etishining Alloh uchun ahamiyati yoʻq”. (Imom Buxoriy rivoyati). Bu hadis roʻzaning maqsadlaridan biri xato ishlardan uzoqlashish ekanini yaqqol koʻrsatib turibdi.

Roʻza yomon odatlardan qutulish va yaxshi odatlarga ega boʻlish uchun juda muhim imkoniyatdir. Odatlar inson hayotiga katta taʼsir koʻrsatadi. Yomon odatlarga berilib ketgan odamda ular taʼsiridan qutulish uchun juda kuchli iroda boʻlishi kerak. Shaytonning odamlarni yomonlikka boshlashda foydalanadigan eng kuchli quroli – bu oshqozon va shahvat. Roʻza tutish bilan bu xavfning oldini olish mumkin. Binobarin, Alloh rizosi uchun tutilgan roʻza insonlarni gunohlardan uzoqlashtiribgina qolmay, qalblarda ezgu tuygʻularning kuchayishiga ham xizmat qiladi.

Roʻza salomatlik garovidir. Paygʻambarimiz “Roʻza tutinglar, salomat boʻlasizlar” (Tabaroniy rivoyati) deganlar. Shifokorlarning koʻplab kasalliklarni davolashda parhezni tavsiya etishi buni tasdiqlaydi. Bugungi kunda roʻza tutishning inson salomatligiga ijobiy taʼsiri butun dunyoga maʼlum va qabul qilingan haqiqatdir. Kun boʻyi mehnatdan charchagan tana uxlab dam olganidek, yil boʻyi toʻxtovsiz ishlagan vujud Ramazon oyida tiklanadi. Roʻza – oshqozon va ovqat hazm qilish organlarining dam olishi va keyingi vazifalarni yaxshiroq bajarishi uchun berilgan tanaffusdir.

Moʻminlarga rahmat oʻlaroq berilgan Ramazon ibodat, tavba, duo, zikr, oqibat, yordamlashish oyidir. Bu oyda roʻzani buzadigan moddiy ishlardan saqlanish qanchalik muhim boʻlsa, uning maʼnosini buzadigan, savobini ketkizadigan ishlardan saqlanish ham shunchalik ahamiyatlidir. Zero, Ramazondan munosib foydalanish kishining oliy maqsadlaridan biri boʻlishi kerak. Jismu qalbni salbiy xatti-harakatlardan uzoq tutgan holda taqvoga erishish bu oyning ulugʻ neʼmatidir. Roʻzani farz qilgan Alloh “Shoyadki taqvodor boʻlsangiz” (Baqara surasi, 179-oyat) deganda, bizni shu neʼmatga erishishimizni istagan.

Usmonxon MUXAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

TOGʻUT HAQIDA ULAMOLAR NIMA DEYDI?

Islomda peshvolikni daʼvo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va soʻzlarni gʻarazli maqsadlari yoʻlida …