Home / MAQOLALAR / Ramazon – ilm-maʼrifat oyidir (2-qism)

Ramazon – ilm-maʼrifat oyidir (2-qism)

Muqaddas dinimizda ilm-maʼrifat oʻrganish alohida fazilatli ibodat sanaladi. Shu sababli Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oʻzlari ummiy (oʻqish va yozishni bilmaydigan) boʻlishiga qaramasdan, ummatni ilmu maʼrifatga juda qattiq targʻib qilganlar. Bu oʻrindagi savodsizlikni johillik bilan aralashtirib yubormaslik kerak. Chunki baʼzan inson ilmli kishi boʻlsa ham johil holda qolaverishi mumkin. Nabiy sollallohu alayhi vasallam esa oʻzlari ummiy boʻlsalar ham johil boʻlmaganlar. Qalblari doimo ilm-maʼrifatga oshno boʻlgan. U zot oʻzlarining paygʻambarlik vazifalaridan kelib chiqib, umrlarining oxiriga qadar sharʼiy bilimlarini oʻrgatishga, xususan, Qurʼoni karimni yoddan bexato oʻqish va oʻqitishga alohida ahamiyat berganlar.

قال ابن عيينة رحمه الله: ولم يزل ﷺ في زيادة من العلم حتى توفاه الله عز وجل.

Ibn Uyayna roziyallohu anhu aytadilar: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam to Alloh taolo u zotni vafot ettirgunga qadar ilmlarini oshirishda davom etdilar”[1].

Moʻmin-musulmon kishi ilm bilan qadr topadi va boshqalar uchun manfaatli insonga aylanadi. Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, “Imon yalangʻochdir, uning libosi taqvo, ziynati hayo, mevasi esa ilmdir”[2]. Shu sababli Islom dinida ilm olish har bir erkak va ayolga farz ekani taʼkidlangan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

عن ابن عباس مرفوعاً: طلب الْعلم سَاعَة خير من قيام لَيْلَة ، وَطلب الْعلم يَوْمًا خير من صيام ثَلَاثَة أشهر.

“Bir soat ilm bilan mashgʻul boʻlish savobi bir tun uxlamasdan oʻqilgan nafl ibodatlardan afzalroqdir. Bir kun ilm talabida mashgʻul boʻlish bir oylik nafl roʻza savobidan afzalroqdir”, deb aytganlar[3].

Yanada tushunarliroq qilib aytadigan boʻlsak, Ramazon oyida oʻqiydigan bir oqshomlik tarovih savobidan bu oyda bir soatlik ilm bilan mashgʻul boʻlish savobi koʻproqdir. Chunki, tarovih nafl ibodat, ilm talab qilish esa islom nuqtayi nazaridan ommaga farzi kifoya sanalsa-da, ammo maktab oʻquvchilari, kollej va oliy taʼlim muassasalarining talabalari uchun farzi ayn sanaladi. Shuningdek, ramazon oyida bajarilgan har bir farz ibodatga, jumladan, ilm talab qilish amaliga ham yetmish farzning savobi yoziladi. Bundan islomda ilm olish nechogʻlik buyuk ibodat ekanini anglash mumkin. Ramazon oyida nafl ibodatlarni koʻproq bajarmoq savobli amal, ammo ilm bilan mashgʻul boʻlish undan-da savobliroqdir. Bu haqda Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:

قال ابن عباس رضى الله عنه: تدارُسُ العلم ساعةً من الليل خيرٌ من إحيائها.

“Tunlari bir soat ilm bilan mashgʻul boʻlish tunni ibodat bilan qoim oʻtkazishdan yaxshiroqdir” deb  aytgan[4].

وقال الثوري: ليس عملٌ بعد الفرائض أفضل من طلب العلم.

Shuningdek, Sufyon Savriy rahimahulloh: “Farz amallaridan keyin ilm talab qilishdan koʻra yaxshiroq amal yoʻqdir”, degan.

Darhaqiqat, hadislarda aytilganidek, har bir moʻmin-musulmon uchun ilm olish farzdir. Ramazon – ilm oʻrganish, maʼrifat hosil qilish oyidir. Bu oyda bajarilgan har bir sunnat amal uchun farzning savobi, har bir farz amal uchun yetmishta farzning savobi beriladi. Bu oy ilm va hikmat oʻrganish uchun fursat oyidir. Chunki farzi ayn boʻlgan ibodatlardan soʻng ularning eng afzali ilm talab qilmoqdir. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Kechaning bir qismida ilm bilan mashgʻul boʻlish menga kechani ibodat bilan butunlay bedor oʻtkazishdan mahbubroqdir”, deb aytadi.

Inson ilm-maʼrifat orqali ruhiy poklanish va maʼnaviy yuksalishga erishadi. Ramazon insonni nafaqat jismonan, balki maʼnan ham poklaydi. Ramazon oyi davomida ilm-maʼrifatga eʼtibor berish insonni maʼnaviy kamolotga yetaklaydi.

Hayot haqida chuqur mulohaza yuritish va oʻzini oʻzi takomillashtirishga intilish moʻmin kishining eng muhim jihatlaridan biridir. Ramazon – tafakkur va xulosa oyi sanaladi. Ramazon oyi insonni nafaqat ibodatga, balki tafakkurga ham undaydi. Roʻza tutgan inson nafaqat tanasini, balki qalbi, soʻzi va xatti-harakatlarini nazorat qiladi. Agar unga ilm bilan mashgʻul boʻlish ham qoʻshilsa, uni ongli ravishda fikr yuritish, tahlil qilish va yaxshi xulosalar chiqarishga oʻrgatadi. Ramazon – ilm oʻrganish va maʼrifat hosil qilish imkoniyatidir. Ramazon oyida ilm oʻrganish va uni boshqalarga yetkazish muhim ahamiyatga ega. Hadislarda aytilishicha, eng yaxshi insonlar – bu ilmni oʻrganib, uni boshqalarga oʻrgatadiganlardir. Bu oyda kitob oʻqish, maʼrifiy suhbatlarda ishtirok etish va bilimlarni oʻrtoqlashish eng xayrli amallardan hisoblanadi.

Ramazon oyi – insonning maʼnaviy, ruhiy va aqliy taraqqiyoti uchun beqiyos imkoniyatdir. Bu oyda ilm-maʼrifatni ziyodat qilish, Qurʼoni karimni mutolaa qilib, uning hikmatlarini anglash, nafaqat oʻzimiz, balki jamiyat uchun ham foydali bilimlarni tarqatish katta savobli amaldir. Shu bois, Ramazon oyini nafaqat roʻza va ibodat, balki ilm olish va maʼrifat tarqatish oyi sifatida ham oʻtkazishga harakat qilish lozim.

Bu qulay fursatdan imkon qadar toʻliq foydalanish, Ramazonning xayr-barakotidan koʻproq olib qolish, ajr-savobdan koʻproq jamlab, oxiratga zaxira tayyorlash fursati kelganini yana bir bor taʼkidlab aytamiz.

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
[1] Tafsirul Qurʼonil aʼzim. 5-jild. –B.319.
[2] Muhammad Rishhariy. Mavsuatul aqidatil islomiyya. 2-jild. –B. 143.; Abu Homid Gʻazzoliy. Ihyou ulumiddin. 1-jild. –B.13.
رسول الله صلى الله عليه وآله:  الإيمان عريان، ولباسه التقوى، وزينته الحياء، وماله الفقه، وثمرته العلم.
[3] Alouddin Ali ibn Hisom Muttaqiy Hindiy. Kanzul aʼmol. “Muaassasatur risola” nashriyoti. Ar- Riyod 1993. 10-jild. –B. 131.
[4] Imom Dorimiy. Sunani Dorimiy. 82, 149-rivoyatlar.

Check Also

INTERNET XATARIDAN OGOHLIK DAVR TALABIDIR

Internet olami cheksiz maʼlumotlar va ulkan axborot manbaidir. U zamon va makon tanlamaydi, chegara nimaligini …