Alloh taolo bandaning holatini oʻziga koʻrsatib qoʻyish uchun uni Oʻzi istagan tarzda imtihon qiladi. Badbaxtning nima uchun baxtiqaro boʻlgani yoki hidoyat topganlarning nima uchun toʻgʻri yoʻlda ekani shundan maʼlum boʻladi. Bunday imtihonlardan biri shuki, Alloh taolo Qurʼoni karim va hadisi sharifdagi iboralarning baʼzilarini muhkam, baʼzilarini mutashobih qilib qoʻydi. “Muhkam” deganda, maʼnosi aniq va ravshan boʻlib, muhkam (tushunarli) oyatlarga muvofiq keladigan maʼnoga burib talqin qilish uchun bilim va tafakkurni ishga solish kerak boʻlmaydigan ibora tushuniladi. Bunga misol Alloh taoloning: “U zotga oʻxshash hech narsa yoʻqdir” (Shoʻro surasi, 11-oyat), “Allohga misol keltirmanglar” (Nahl surasi, 74-oyat), degan soʻzlaridir.
Mutashobih iboralarga kelsak, ular arab tilida bir necha xil maʼnoni ifodalaydigan, muhkam oyatlarga muvofiq keladigan maʼnoga burib talqin qilish uchun bilim va tafakkurni ishga solish kerak boʻladigan jumlalardir. Misol tariqasida quyidagi oyatlarni keltirish mumkin: ﴾الرَّحْمَنُ عَلَى الْعَرْشِ اسْتَوَى﴿ – “(U) Arsh uzra “mustaviy” boʻlmish Rahmondir” (Toho surasi, 5-oyat), ﴾وَهُوَ مَعَكُمْ أَيْنَ مَا كُنْتُمْ﴿– “Sizlar qayerda boʻlsangiz, U sizlar bilan birgadir” (Hadid surasi, 4-oyat), ﴾وَاللَّهُ مِنْ وَرَائِهِمْ مُحِيطٌ﴿ – “Holbuki, Alloh ularning ortida (barcha narsani bilib) ihota qilib turuvchidir” (Buruj surasi, 20-oyat), ﴾وَاصْنَعِ الْفُلْكَ بِأَعْيُنِنَا﴿ – “Bizning kuzatuvimiz bilan kemani yasagin” (Hud surasi, 37-oyat), ﴾وَلِتُصْنَعَ عَلَى عَيْنِي﴿ – “va Mening koʻz oʻngimda (himoyamda) oʻsishing uchun…” (Toho surasi, 39-oyat), ﴾أَمْ أَمِنْتُمْ مَنْ فِي السَّمَاءِ﴿ – “Yoki sizlar “osmondagi” zot (Alloh)dan xotirjammisiz?!” (Mulk surasi, 16-oyat).
Mutashobih iboralari boʻlgan hadislarga kelsak, ular juda koʻp. Bu oʻrinda ulardan ikkitasini keltirish bilan kifoyalanamiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolalarining qalblari Rahmonning barmoqlaridan ikkitasining oʻrtasida boʻlib, U Zot ularni qanday xohlasa, shunday oʻzgartirib turadi” (Imom Muslim rivoyati), yana birida: “Jahannam nuqul: “Yana qoʻshimcha bormi?” deb aytadi. Qodir Parvardigor oyogʻini uning ichiga qoʻyib bosganida, u qorishib ketadi va: “Yetarli, yetarli”, deb qoladi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan), deganlar.
Mutashobih oyat yoki hadisni zohiriga qarab toʻgʻridan-toʻgʻri talqin qilib boʻlmaydi, chunki bu ziddiyatga olib boradi. Vaholanki, Allohning kalomida ham, Rasulining soʻzlarida ham ziddiyat boʻlishi mumkin emas. Buni yaxshiroq tushunish uchun quyidagi misollarni keltirib oʻtamiz: ﴾يَخَافُونَ رَبَّهُمْ مِنْ فَوْقِهِمْ﴿ – “Ular (farishtalar) oʻzlari uzra (kuzatib turgan) Parvardigoridan qoʻrqurlar” (Nahl surasi, 50-oyat)ining zohiri olinadigan boʻlsa, “Alloh taolo yuqorida” degan maʼno chiqadi. ﴾فَأَيْنَمَا تُوَلُّوا فَثَمَّ وَجْهُ اللَّهِ﴿– “Bas, yuzingizni qaysi tomonga qaratsangiz, oʻsha tomonda Allohning “yuzi” mavjuddir” (Baqara surasi, 115-oyat)ining zohiri olinadigan boʻlsa, “U Zot past tomonda” degan maʼno kelib chiqadi. Shunday holatlarni hadisi shariflar misolida ham koʻrish mumkin. Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Banda Parvardigoriga eng yaqin boʻladigan vaqt – bu uning sajda qilib turgan holatidir. Bas, sajdada duoni koʻpaytiringlar” (Imom Muslim rivoyati), deganlar. Hadisning zohiri olinadigan boʻlsa, Alloh taolo yerda ekani tushuniladi va u ﴾أَمْ أَمِنْتُمْ مَنْ فِي السَّمَاءِ﴿ – “Yoki sizlar “osmondagi” zot (Alloh)dan xotirjammisiz?!” (Mulk surasi, 16-oyat)iga zid keladi. Shuning uchun mutashobih iboralarni taʼvil qilishga ehtiyoj bor.
Taʼvil ikki xildir. Birinchisi umumiy boʻlib, soʻzni bir qarashda undan tushuniladigan maʼnodan burish va hech qanday maʼnoni tayin qilmaslikdir. Taʼvilning bu turiga taʼrif salafi solihlarning mutashobih iboralar borasida aytgan “ular qanday kelgan boʻlsa, hech qanday tashbehsiz shundayligicha oʻtkazib yuboring” soʻzlarida oʻz aksini topgan. “Hech qanday tashbehsiz” iborasining maʼnosi “Alloh taoloni U yaratgan narsalardan hech biriga hech bir jihatdan oʻxshatmagan holda” deganidir. Bu gap zamirida mutashobih iboralarning zohirini olmaslik lozim, degan maʼno borligi uchun bu ish umumiy taʼvil deb atalgan.
Taʼvilning ikkinchi turi – bu tafsiloti bilan taʼvil qilishdir. Buning joizligiga ushbu hadisi qudsiy dalil boʻladi: “Alloh azza va jalla: “Ey bandam! Xasta boʻldim, holimdan xabar olmading”, deydi. Banda: “Sen olamlarning Rabbi boʻlsang, men qanday qilib holingdan xabar olishim mumkin?” deydi. U Zot: “Falonchi bandam hasta boʻldi, sen uning holidan xabar olmading”, deb aytadi” (Imom Muslim rivoyati). Bu hadisda Alloh taoloning “Xasta boʻldim” degan soʻzi “Falonchi bandam hasta boʻldi, sen uning holidan xabar olmading” degan soʻzlari bilan batafsil taʼvil qilib berilgan.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu xolasi Maymunaning uyida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga edilar. U zot tungi ibodat uchun oʻrinlaridan turdilar. Ibn Abbos tahorat suvi tayyorlab berdi. Paygʻambar alayhissalom uni mukofotlamoqchi boʻlib, bagʻrlariga bosdilar va: “Ey Alloh, unga hikmat va taʼvilni oʻrgatgin!” deb duo qildilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu duolari taʼvilning shariatda mavjudligiga va u paygʻambarlar eʼzozlagan goʻzal ish ekaniga dalolat bordir.
Taʼvilning bu turi salafi solihlarning ilmiy qarashlarida ham koʻp uchraydi. Masalan, Imom Buxoriy rahimahulloh ﴾كُلُّ شَيْءٍ هَالِكٌ إِلَّا وَجْهَهُ﴿ – “Uning “yuzi”dan boshqa barcha narsa halok boʻluvchidir” (Qasas surasi, 88-oyat)idagi “yuzi”ni “Uning mulki, yaʼni hukmronligi”, deb taʼvil qilgan. Sufyon Savriy esa “Uning mulki, yaʼni Allohga yaqinlik paydo qiladigan amallar”, deb maʼno bergan. Imom Ahmad “Fajr” surasidagi ﴾وَجَاءَ رَبُّكَ﴿ – “Va Rabbingiz kelganda” oyatini “U Zotning qudrati keladi, yaʼni qiyomat kuni Alloh taolo qudratining zohiriy alomatlari – juda dahshatli voqealar namoyon boʻladi” deb taʼvil qilgan.
Mutashobih iboralarga salafi solihlar tomonidan berilgan bunday taʼvillar tafsir kitoblarida juda koʻp uchraydi. Binobarin, taʼvilni inkor etib, bidʼatga chiqarayotganlar uning mohiyatidan bexabar, Alloh taolo haqidagi eʼtiqodida tashbeh asorati boʻlgan kimsalardir. Ular dilida ogʻish borligi tufayli odamlarni fitnaga solish uchun koʻproq mutashobih iboralarga urgʻu beradi. Aslida taʼvilni bidʼat demoqning oʻzi bidʼatdir. Vaholanki, bandalar mutashobih oyatlarning maʼnosini bilmagani uchun qiyomat kuni hisob-kitob qilinmaydi. Ammo Alloh taoloning sifatlarini U yaratgan narsalardan birortasining sifatlariga oʻxshatgani uchun soʻroqqa tutilishi muqarrardir. Shuning uchun soxta bilagʻonlar fitnaga qoʻl urishdan oldin buning javobi borligi va ogʻirligi haqida yana bir oʻylab koʻrsa, yaxshi boʻlardi.
Alouddin NEMATOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi