Home / MAQOLA / INTERNET XATARIDAN OGOHLIK DAVR TALABIDIR

INTERNET XATARIDAN OGOHLIK DAVR TALABIDIR

Internet olami cheksiz maʼlumotlar va ulkan axborot manbaidir. U zamon va makon tanlamaydi, chegara nimaligini bilmaydi. Biror maʼlumotni bilmoqchi boʻlib izlashni boshlasangiz, bir lahzada minglab, millionlab maʼlumotlarni taqdim etadi. Tanganing ikki tomoni boʻlganidek, internetning salbiy jihati ham bor. Niyati buzuq johil kimsalar undan turli gʻarazli maqsadlarda foydalanadi. Internet insonga foydasi koʻp, ayni paytda xatari ham yetarlidir. Oʻrgimchak oʻz toʻriga tushgan oʻljani domiga tortgani kabi, ayrim kuchlar oʻz toʻriga ilingan kishini oʻziga bildirmagan holda, ipsiz bogʻlab qoʻyadi. Oqibatda undaylar oʻzi bilmagan, anglamagan holda manqurtga aylanadi.

Internet turli fitnalarga sabab boʻladigan axborot makoni boʻlib, u orqali insonlar bir-birini bemalol haqoratlashi, bir-biriga tuhmatlar yogʻdirishi, yolgʻon maʼlumotlar tarqatishi mumkin. Har kim oʻz qiziqishidan kelib chiqib maʼlumot izlaydi. Kimdir turli filmga, yana kimdir kuy-qoʻshiqqa qiziqadi. Kimdir internetdan ilm olsa, yana kimdir faqat oʻyin oʻynaydi. Ayrimlar oʻz eʼtiqodidan kelib chiqib, undan dinni oʻrganmoqchi boʻladi. Ularga ustoz ham tayyor turadi. Soʻnggi paytlarda turli ijtimoiy tarmoqlarda oʻzini hidoyatga chorlovchi ulamo sifatida tanishtirib, islom aqidasini notoʻgʻri talqin qiluvchi soxta olimlar paydo boʻldi. Oqibatda qanchadan-qancha yoshlar sof din toʻgʻrisida notoʻgʻri tushunchaga ega boʻlib qolmoqda. Baʼzan ota-bola, aka-uka, doʻst birodar oʻrtasida bir-birini adashganga, kofirga chiqarish holatlari uchramoqda. Qarindoshlik aloqalariga putur yetib, bagʻrikenglik silai rahm degan tuygʻular yoʻqolib bormoqda. Aslida bularning hammasi fitnadan boshqa narsa emas.

Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, ijtimoiy tarmoqlar orqali diniy kanallar ochgan kimsalarning aksariyati odatda oʻzini boshqa nom bilan tanishtiradi. Bularning aslida kimligini, ustozlari kimlar, qayerdan ekanligini, diniy taʼlimni qayerdan olganini ham bilmaymiz. Shu bois islom dinini internetdan oʻrganaman degan inson avval boshdayoq xatoga yoʻl qoʻyadi. Chunki nima toʻgʻriyu notoʻgʻri ekanini farqlay olmaydi. Oqibatda oʻzi bilmagan holda turli oqimlarga qoʻshilib qoladi. Buning sababli hayoti izdan chiqadi. Aslida bilmagan, tanimagan odamning duch kelgan maʼlumotini toʻgʻri deb qabul qilishdan ham qaytarilgan.   

Alloh taolo Qurʼonning bir necha oyatida bizni fitnadan ogohlantirgan. Aql-farosatli, ilmli, tafakkurli inson ijtimoiy tarmoqlar orqali eshitilgan har qanday xabarga ishonib ketavermasdan, uning toʻgʻri notoʻgʻri ekanligiga ishonch hosil qilishi kerak.

Haq taolo insonlarni turli yolgʻon xabarlarga ishonmaslikka va uni tarqatmaslikka chaqirib, bunday marhamat qilgan: “Ey imon keltirganlar! Agar bir fosiq xabar keltirsa, aniqlab koʻringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qoʻyib, qilganingizga nadomat chekuvchi boʻlmanglar[1].

Demak, inson har-xil xabarning toʻgʻriligiga ishonch hosil qilmay turib, unga ishonib qolish, boshqalarga tarqatishda nihoyatda ehtiyot boʻlishi kerak ekan.

Insonga berilgan umr­ eng gʻanimat neʼmat. Uni foydali mazmun bilan toʻldirish, jumladan, ishonchli kishilardan ilm olish, ota-onaning, yurtning xizmatida boʻlish aslida eng katta baxtdir. Shunday ekan, musulmon kishi vaqtini faqat va faqat foydali narsalarga sarflashi lozim. Nabiy sallollohu alayhi vasallam: “Albatta, kishining oʻzi uchun befoyda narsalarni tark qilishi islomning husnidandir”, deganlar[2]. (Termiziy, Ahmad va Hokim rivoyat qilganlar).

Binobarin, har bir inson internet tarmoqlaridan oqilona foydalanishi va hushyorlikni hech ham boy bermasligi lozim. Negaki, kasalni davolagandan koʻra, uning oldini olgan maʼqul va maqbuldir. 

Mashrab XIDIROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
[1](Hujurot surasi, 6-oyat).
[2]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ijtimoiy odoblar. T:.2012.B.257

Check Also

TAOMLANISH SIRLARI (6-qism)

TAOMLANISH SIRLARI (7 qismdan iborat)ni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:  DASTURXON  ATROFIDA:  Oliyjanob tarbiya koʻrgan, …