Bandalariga eng ulugʻ neʼmatlarini baxsh etgan Alloh taologa hamd boʻlsin. Chunki Alloh bandalaridan shaytonning hiylalari va tuzoqlarini uzoqlashtirgan, barcha umidlarini va gumonlarini barbod qilgan. Alloh roʻzani ham bandalarini himoya qilish va qutqarish uchun, doʻstlarini himoya qilish uchun bir qalʼa va qalqon qilib qoʻygan. Roʻza orqali ularga jannat eshiklarini ochib bergan. Alloh taolo lutfu karami bilan bandalarini himoya qilib, ularga shaytonning tuzoqlaridan qutula olish va ortiqcha shahvat orqali qalblarga qanday kirishini ham oʻrgatgan. Shuningdek, shaytonning chuqur oʻrnashib olgan qalbdan chiqarilishi va nafsining xotirjam boʻlishi uchun zarur boʻlgan narsalarni ham oʻrgatgan. Bu jihatdan shaytonning va nafsining belini sindirish uchun unga ochiq kuch va quvvat bergan, katta lutf bergan.
Insonlarga manfaatli yoʻllarni koʻrsatgan va ularga eng sogʻlom qoidalar – shariatni tayyorlagan hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, u zotning Ahli Baytiga, uzoqni eng yaxshi koʻra oladigan basirat sohiblari boʻlmish sahobalariga, ustun aqllar sohibi boʻlmish doʻstlariga koʻpdan koʻp salavotu salomlar boʻlsin.
Roʻza imonning asosiy qismi hisoblanadi. Roʻza musulmonlar uchun oʻta muhim amal boʻlib, ularni Allohga yaqinlashtiradi va shaytonning vasvasalaridan himoya qiladi. Bu amal musulmonlarni maʼnaviy jihatdan yuksaltirish va taqvodorlikni oshirishga yordam beradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytganlaridek, roʻza imon mavzusi bilan bogʻliq boʻlib, imonning toʻrtdan bir qismi hisoblanadi. Bu borada paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
“Roʻza – sabrning yarmidir”[1] deb marhamat qilganlar. Boshqa bir hadisda:
“Sabr – imonning yarmidir”[2] deb aytganlar.
Boshqa jihatdan Alloh taolo bu ibodatni Oʻziga nisbat berib, oʻziga xos xususiyat sohibi boʻlmoqda. Chunki Alloh taolo paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yetkazgan hadisi qudsiyda shunday deydi:
“Banda har bir qilgan hasana (yaxshi amali)si uchun oʻn barobar savob bilan taqdirlanadi. Bu taqdirlash yetti yuz barobargacha ortishi mumkin. Ammo roʻza ibodati bunday emas. Chunki u faqat Mening uchun tutiladi va uning mukofotini Men berurman!”[3].
Alloh taolo muborak kalomi sharifida shunday marhamat qilgan:
“(Ey, Muhammad), Mening imon keltirgan bandalarimga ayting: «Parvardigoringizdan qoʻrqingiz! Bu dunyoda ezgu ish qilgan zotlar uchun (oxiratda) chiroyli (oqibat – jannat) bordir. Allohning yeri kengdir. Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob berilur”[4].
Roʻza – sabrning yarmidir. Buning savobi, eʼtibor berilsa, hisob va taqdir oʻlchovlarining barchasidan oshib ketgan. Yaʼni, hisob qonunlari doirasida baholanadigan ibodat emasdir.
Roʻzadorning ogʻzidan keladigan hid Alloh taolo nazdida mushk-anbardan koʻra xushboʻyroqdir.
Roʻzador insonning bir muddat hech narsa yemasligi, uning meʼdasidan hid chiqishiga sabab boʻladi. Lekin bu hid Alloh taoloning nazdida mushkning hididan koʻra xushboʻyroqdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
“Jonim qoʻlida boʻlgan Zotga qasamki, roʻzadorning ochlik sababli ogʻzidan keladigan hidi Alloh taolo huzurida mushk-anbarning hididan ham qiymatliroqdir. Chunki Alloh taolo: “Bandam Mening roziligimni koʻzlab nafsoniy istaklari, yeyish va ichishni tark etdi. Bunday holda roʻza Men uchundir va uning ajr-mukofotini faqat Men beraman” deydi”[5].
Roʻzadorlarning jannatga kirish eshiklari oʻzlari uchun alohida xoslangandir!
Jannatda faqat roʻzadorlargina kiradigan bir eshik boʻlib, uning nomi Rayyon deyiladi. Roʻza tutganlarni ehtirom qilib, ularning sharafini ulugʻlab shu eshikdan kirishlari aytiladi. Sahl ibn Saʼd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Jannatda bir eshik boʻlib, uni “Rayyon” deyiladi. Qiyomat kuni undan faqat roʻzadorlargina kirishadi. Ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. “Roʻzadorlar qayerda?” deyiladi. Shunda ular turishadi. Ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. Ular kirib boʻlishgach (eshik) yopiladi, undan boshqa hech kim kira olmaydi”[6].
Eʼtibor berilsa, bu ibodat orqali bandaning Rabbi bilan uchrashishi uning tutgan roʻzasining mukofoti sifatida baholanadi. Yaʼni, roʻza oʻz sohibiga ikki dunyo xursandchiligini ato qiladi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Roʻzadorga ikki xursandchilik bordir. U ikkisini ham boshidan oʻtkazadi. Qachon iftor qilsa, xursand boʻladi va qachon Rabbisiga yoʻliqsa, roʻzasi ila xursand boʻladi”[7].
Yana boshqa bir hadisda:
“Har narsaning bir eshigi bordir, ibodatning eshigi – roʻzadir”[8] deyilgan.
Boshqa bir hadisda:
“Roʻzadorning uyqusi ham ibodatdir”[9] deyilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Ramazon oyi kirgach, jannatning barcha eshiklari ochiladi. Jahannam otashining esa eshiklari yopiladi. Shaytonlar kishanlanadi va bir nido qilguvchi bunday nido qiladi: “Ey, yaxshilik va xayrli amallar ortidan quvgan inson! Bu yerga kel! Ey, yomonlik va gunoh ortidan quvgan kishi! Endi bu ishingni qoʻy!””[10] dedilar.
Vakiyʼ ibn Jarroh “(Jannat ahliga): “Oʻtgan kunlarda (dunyoda) qilib oʻtgan (ezgu) amallaringiz sababli (ushbu noz-neʼmatlarni) yoqimli ishtaha bilan yeb-ichaveringlar” (deyilur)”[11] mazmunidagi oyati karima haqida bunday degan: “Bu oyatda nazarda tutilgan kunlar – roʻza tutilgan kunlardir. Chunki u kunlarda banda Alloh rizosi uchun yeyish va ichishdan tiyilgan”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoda zohidona hayot va roʻza tutish oʻrtasidagi darajani va birining ikkinchisiga nisbatan ustunligini bayon qilish maqsadida shunday deganlar:
“Albatta, Alloh taolo ibodatga berilgan bir yigitni koʻrsatib, bu orqali farishtalariga maqtanib shunday deydi:
“Yolgʻiz Mening rizoligimni koʻzlab, shahvoniy istak va his-tuygʻularidan voz kechgan ey yigit! Yigitlik yillarini Mening yoʻlimda sarflagan navqiron yigit! Aslida sening qadring Mening huzurimda ayrim farishtalarim qadrichadir”[12].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam roʻza tutish bilan bogʻliq haqiqatni shunday bayon qilganlar:
“Alloh taolo shunday deydi:
“Ey, farishtalarim! Shahvoniy istak va his-tuygʻularini, zavqlarini, yeyish-ichishini faqatgina Mening rizoligimni qozonish maqsadida tark etgan shu bandamga bir qarang!”[13]
“Bas, ularning qilib oʻtgan amallariga mukofot uchun yashirib qoʻyilgan koʻzlar quvonchini (oxirat neʼmatlarini) hech kim bilmas”[14] mazmunidagi oyati karima haqida shunday deyilgan: “Oyatda keltirilgan amaldan koʻzlangan maqsad mazkur kishilarning roʻza tutishidir. Chunki Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
“(Ey, Muhammad), Mening imon keltirgan bandalarimga ayting: «Parvardigoringizdan qoʻrqingiz! Bu dunyoda ezgu ish qilgan zotlar uchun (oxiratda) chiroyli (oqibat – jannat) bordir. Allohning yeri kengdir. Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob berilur”[15].
Mazkur oyatda “sabr qiluvchilarning ajrlarining behisobligi” haqida gapirilmoqda. Chunki roʻzaning boshqa bir nomi sabrdir. Shuning uchun roʻza tutuvchilarning oladigan ajrlari hisob va elektron hisoblagichlar bilan baholab boʻlmaydigan darajada koʻpdir. Chunki Alloh roʻza tutuvchilarga shunday ajr beradiki, uning hech qanday hisobi yoki chegarasi yoʻq. Buning muayyan chegaraga ega emasligi ham bir qiymatdir. Chunki roʻza faqat Alloh uchun tutiladi, xuddi shunday Allohga nisbat berilish bilan ham sharaflanadi. Gap shundaki, barcha ishlar Alloh uchun qilinadi. Har birining alohida holati, alohida qiymati va oʻrni bor.
Alloh taolo Kaʼbani Oʻziga nisbatlash bilan, yaʼni “Baytulloh/Allohning uyi” deyilish bilan sharaflagan boʻlsa, hammasining alohida qiymati va ahamiyati bor. Chunki yer yuzidagi hamma narsa Unga tegishli. Bu holatni ikki jihatdan izohlash mumkin:
- Roʻza ibodati boshqa hech qanday ibodatga oʻxshamaydi. Chunki bu maʼlum narsalardan uzoq turish, maʼlum vaqt ichida ovqatlanish, ichish va jinsiy aloqadan uzoq boʻlishdir. Bu jihatdan roʻza alohida bir sir/maxfiy ibodatdir. Roʻzaning ibodat sifatida koʻzga koʻrinadigan tomoni yoʻqdir. Yaʼni odamlar buni koʻrmaydilar. Boshqa bajariladigan barcha ibodatlar odamlar tomonidan koʻriladi va kuzatiladi. Chunki hammaning oldida, koʻz oʻngida bajariladi. Lekin roʻza unday emas. Kimning roʻzador ekanini faqat Alloh biladi. Boshqa birov buni bila olmaydi. Inson “men roʻzadorman” deb bizni aldashi mumkin, lekin, hamma narsadan boxabar Zot Allohni alday olmaydi. Chunki roʻza ibodati insonning botin/ichki tomoniga tegishli ibodat boʻlib, sabrga bogʻliq. Faqatgina sabrga…
- Roʻza ibodati Alloh taoloning dushmanini magʻlub qilish va quvish uchun muhim ibodatdir. Maʼlumki, shayton alayhi laʼnaning vositasi shahvoniy istak va his-tuygʻulardir. Shahvoniy istak va xohishlar ham ovqat va ichimlik bilan kuch va quvvat oladi.
Alloh taolo oylarning sultoni Mohi Ramazoni sharifni barchamizga muborak qilsin! Tutayotgan roʻzalarimizni dargohida qabul qilsin! Oʻzining ibodatiga muvaffaq qilgani uchun masrur boʻlganimizdek, Oʻziga yoʻliqadigan kunda ham roziligi ila bizlarni xursand qilsin!
Otabek MUHAMMADIYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi