Diyorimizga oylarning sultoni, mehr-shafqat va saxovat ramzi, Qurʼoni karim nozil boʻlgan, fazilati jihatidan boshqa oylardan afzal, rahmat, magʻfirat oyi sanalmish muborak Ramazon kirib kelmoqda.
Muborak Ramazonning roʻzasi islomning besh shartidan biri boʻlib, paygʻambar yuborilgan har bir ummatga farz qilingan. Alloh taolo hijratning ikkinchi sanasida bu oyni ibodatga xoslab, ushbu oyatni nozil qildi: “Ey imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham roʻza tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli boʻlsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).
Alloh taolo ushbu oyatda bandalarga Ramazon roʻzasini farz qilish bilan birga, taqvo hosil qilishga, yaʼni, insonni gunohlardan tiyilishga, oʻzini har-xil yomonliklar, gʻiybat-boʻhton va xurofotga berilmaslikka, barcha amallarni Alloh yoʻlida ado etmoqqa chorladi.
Hadisi qudsiylarning birida: “Roʻza Men uchundir va uning mukofotini Men beraman” deyilib, roʻzaning xos ibodat va ulugʻ savobga ega ekaniga ishora qilinadi.
Demak, muborak Ramazon oyi Alloh taoloning moʻmin bandalariga bergan ulugʻ neʼmati ekan. Bu oy roʻzasini tutish farz, tarovih namozini oʻqish sunnat, Qurʼoni karimni xatm qilish esa fazilatdir. Ramazon oyida jannat darvozalari ochilib, jahannam eshiklari yopiladi, shaytonlar zanjirband qilinadi.
Dinning ustuni namoz boʻlsa, jamiyatniki zakot, ruhniki roʻzadir. Roʻza – ruh shifosi. Har bir ilohiy amrda oʻziga xos hikmat bor. Roʻzaning barcha xususiyati va hikmati yolgʻiz Allohga ayon. Anigʻi shuki, Ramazon – rahmat va magʻfirat oyi, oylarning sultoni va eng ulugʻidir. Roʻza tanaga ham, ruhga ham fayz bagʻishlaydi. Uni jonlantiradi, moddiy va maʼnaviy zararlardan muhofaza etadi. Boshqa oylarga nisbatan bu oyda Allohga yaqinlashish, ulugʻ ajru mukofotlarga sazovor boʻlish imkoniyatlari koʻproq.
Qadr kechasining ming oydan afzalligi, bu kechada qilingan ibodatning ajri ming oylik nafl ibodatning savobidan ortiqligini bir tasavvur qilib koʻring-a!
Qurʼoni karim shu oyda nozil boʻldi, Allohning Rasuli islom diniga daʼvatni shu oydan boshladilar, shu oydan boshlab islom dini zafarga, kuch-quvvatga, nurga toʻlaverdi. Shuning uchun ham Ramazon oyi va Ramazon roʻzasi butun ummat tomonidan buyuk muhabbat va hurmat bilan eʼzozlanadi. Bu oyda Yerning toʻrt burchagidagi musulmonlar mushtarak tuygʻu va qarashlar bilan birlashadi. Bir xil vaqtda ochiqadi, chanqaydi, jamoat boʻlib, tartibli holda Allohga taslim boʻladi. Muhabbat namunasini koʻrsatadi, yaxshilik, xayru hasanot barchaga barobar ochiladi. Har bir moʻmin Allohning afv va magʻfirat xazinasidan oʻz ulush va nasibasini olishga harakat qiladi.
Moʻmin-musulmonlar roʻza davomida ruhini sabr-qanoat, mashaqqat va qiyinchiliklarda toblaydi. Alloh bergan neʼmatlarning qadriga yetish haqida oʻylay boshlaydi.
Shubhasiz, roʻza islomning boshqa ahkomlari va ibodatlari kabi jamiyat hayoti va taraqqiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Xatmi Qurʼon, tarovih va iftorliklar musulmonlarni yanada jipslashtiradi, ularda mehr-oqibat, dinu diyonat tuygʻularini junbishga keltiradi.
Alloh barchamizni roʻza ibodatini mukammal va ixlos bilan ado etadigan taqvodor va solih bandalaridan aylasin.
Otabek BAXRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi