Bilol ibn Raboh Habashiy roziyallohu anhu (vaf. 20/640)
Sahoba naslining eng koʻzga koʻringan namoyandalaridan biri asli habashistonlik[1] Bilol ibn Raboh roziyallohu anhu hijratdan taxminan 40-yil sana oldin 580-yillar atrofida Makkada Bani Jumah qabilasiga xizmat qiluvchi qul oilasida dunyoga kelgan. Otasi Raboh va onasi Hamomalar ham asli habash boʻlgan qullardan edi[2]. Abu Abdulkarim, Abu Amr, Abu Abdulloh va Abu Abdurrahmon kabi kunyalar bilan tanilgan Bilol roziyallohu anhu manbalarda Bilol ibn Hamoma shaklida ham keltirilgan[3].
Islomning ilk yillarida chamasi 30 yoshlarda boʻlgan Bilol roziyallohu anhuning oldingi hayoti haqida maʼlumot uchramaydi. Islom diniga daʼvatning ilk kunlarida (610) birinchilardan boʻlib imon keltirdi. Qullar orasidan ilk musulmon boʻlish sharafiga noil boʻlgan shaxsdir[4]. Musulmon boʻlgani uchun qiynoqqa uchragan kishilar safining boshida zikr etiladi. Dinida sobit ekanini koʻrgan Abu Bakr roziyallohu anhu uni sohibi Umayya ibn Halaf bilan kelishgan holda sotib olgan. Shu tariqa Bilol roziyallohu anhu Abu Bakr roziyallohu anhuning qoʻliga oʻtdi.
Madinaga hijrat qilingach (622) Paygʻambar alayhissalom uni Abu Ubayda ibn Jarroh[5] (vaf. 18/639) yoki Ubayda ibn Horis[6] (vaf. 2/624) yoxud Abu Ruvayha Hasʼamiy[7] roziyallohu anhumlardan biri bilan qardosh deb eʼlon qilganlar. Paygʻambar alayhissalomning muazzini boʻlgan Bilol roziyallohu anhu Badr (2/624), Uxud (3/625), Xandaq (5/627) va boshqa barcha janglarda ishtirok etgan. Turli vaqtlar va joylarda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shaxsiy qoʻriqchisi sifatida faoliyat olib bordi[8]. Bir muddat Baytul molda ham masʼul lavozimda ishladi[9].
Paygʻambar alayhissalom vafotlaridan soʻng (11/632) islomga xizmat qilish maqsadida Madinadan Shomga koʻchib oʻtdi[10]. Hazrati Umar roziyallohu anhu (vaf. 23/643) xalifaligi davrida Shomda yoki Damashqda, boshqa rivoyatda Halabda (20/640) yilda[11], boshqa rivoyatga koʻra (21/641) yilda[12], boshqasida esa (28/648) sanada vafot etgan[13].
Hayotlik chogʻida paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam tomonlaridan jannat bashorati bilan mujdalangan Bilol roziyallohu anhuning ayoli Hind Huloniyya[14] edi. Ulardan farzand qolmagan[15]. Xolid ismli ukasi va Gʻufayra ismli singlisi boʻlgani keltiriladi.
Koʻp miqdorda fatvo bergan sahobalardan biri[16] boʻlish barobarida Bilol roziyallohu anhu hadis rivoyat qilgan kishi sifatida ham mashhur boʻlgan. Hadis adabiyotida jami 44 ta hadisi borligi maʼlum[17].
«Kutubi Sitta» mualliflarining barchasining asarlarida Bilol roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadislar oʻrin olgan[18]. Musnad sohiblaridan Tayolisiy (vaf. 204/819) uning 3 ta[19], Humaydiy (vaf. 219/834) 2 ta[20], Xalifa ibn Xayyot (vaf. 240/854) bitta[21], Ahmad ibn Hanbal (vaf. 241/855) 40 ta[22] hadisini asarlariga kiritgan. Buxoriy (vaf. 256/870) va Muslim (vaf. 261/874) Bilol Habashiyning 4 ta hadisini ittifoq bilan taxrij qilganlar. Shuningdek, Buxoriy musnad boʻlmagan ikki, Muslim esa bitta hadisini alohida rivoyat qilgan[23]. Hadislarini bevosita Paygʻambar alayhissalomdan olgan Bilolning asosiy roviylari, Abu Bakr, Umar, Kaʼb ibn Ujra (vaf. 52/672)[24], Usoma ibn Zayd (vaf. 54/673)[25], Ibn Umar (vaf. 74/693)[26] roziyallohu anhum kabi sahobalar va Abu Idris Xuloniy (vaf. 80/699)[27], Said ibn Musayyab (vaf. 93/711)[28] va Abu Usmon Nahdiy (vaf. 100/718)[29] roziyallohu anhum kabi tobeinlardir.
Juʼal Habashiy roziyallohu anhu
Asli habash sahobalardan. Tavallud joyi va sanasi, Arabistonga kelishi haqida maʼlumotlar uchramaydi.
Bir jang oldidan paygʻambar alayhissalom huzurlariga kelgan Juʼal qora tanli va yoqimsiz hidga ega boʻlishiga qaramay Alloh yoʻlida jang qilib shahid boʻlsa, Alloh uni jannatga kiritishi yoki kiritmasligi haqida soʻragani, ijobiy javob olgach katta zavq bilan jangda qatnashib, shahid boʻlgani rivoyat qilinadi.
Mazkur rivoyatdan uning Madina davrida yashagani tushuniladi. Chunki Makka davrida hech qanday jang boʻlmagan. Shuningdek, Ibn Hajarning Ibn Shahin[30] (vaf. 385/995)dan naql qilib keltirishicha, Juʼal juda ham kamtar va tavozeli kishi boʻlgan[31]. Bu holat uning qul boʻlganini anglatsa-da, uning xojasi sifatida hech kimning ismi tilga olinmaydi.
U ishtirok etgan jang nomi ham manbalarda aniq zikr etilmagani bois, qachon va qayerda vafot etganiga doir maʼlumot yoʻq.
Durayd Rohib Habashiy roziyallohu anhu
Asli habash sahoba. Habashistonda tugʻilib, u yerda rohib boʻlib voyaga yetgan. Yoshlik yillari haqida maʼlumot yoʻq. Najoshiy Asʼhamaning saroyida va unga yaqin muhitda yashagan.
Durayd Makkadagi tazyiqdan Habashistonga qochgan musulmonlar hijrati natijasida Islom dinini qabul qilish sharafiga ega boʻlgan. Rivoyatga koʻra, musulmonlardan Islom haqida maʼlumot olgan Najoshiy, darhol Islomni qabul qilgan va Paygʻambar alayhissalom huzurlariga bir guruh[32] rohiblarni yuborgan[33]. Durayd ham shu guruhning ichida boʻlib, ular Paygʻambar alayhissalom huzurlariga kelib, Qurʼoni karimni tinglagach koʻrgan haqiqatlari sababli koʻz yoshlarini tutolmay, yigʻlaganlar. Bu sirada Alloh taolo Moida surasining 82 va 83-oyatlari nozil qildi[34]. Bu hayʼatning Madinaga kelgan sanasi manbalarda koʻrsatilmagan.
Paygʻambar alayhissalom bilan uchrashganidan keyingi hayoti haqida maʼlumot yoʻq. Katta ehtimol bilan Durayd Habashistonga qaytib, oʻsha yerda vafot etgan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi