Home / FOTO LAVHALAR / Hamkorlik – keng imkoniyatlar eshigi

Hamkorlik – keng imkoniyatlar eshigi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Indoneziyaning Sharif Hidoyatullo Davlat islom universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Ayni kunlarda delegatsiya aʼzolari “Hadis ilmida musulmonlar amiri Imom Buxoriy merosini oʻrganish yoʻlida: Indoneziyaning 1000 nafar izlanuvchisi” nomli maʼrifiy-sayyohlik dasturining ilk qatnashchilari sifatida mamlakatimizda mehmon boʻlib turibdi. Dastur indonez xalqi orasida Oʻzbekistonning turizm salohiyatini keng targʻib qilish hamda akademik va madaniy aloqalarni kengaytirish maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, uning doirasida qator ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etish nazarda tutilgan.

Mehmonlarni Markaz rahbari Shovosil Ziyodov kutib olib, muzey bilan tanishtirdi.

Tashrif doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Indoneziyaning Sharif Hidoyatullo Davlat islom universiteti rahbariyati oʻrtasida muloqot oʻtkazildi.

Suhbat avvalida mehmonlarga Markaz faoliyatining yoʻnalishlari, erishilgan natijalar xususida maʼlumot berilib, muassasaning yaratilish tarixi va bugungi salohiyati haqidagi videorolik namoyish etildi.

Delegatsiya rahbari Sharif Hidoyatullo Davlat islom universitetini rivojlantirish qoʻmitasi raisi prof. dr. Ismatu Ropi ushbu oliy taʼlim dargohi haqida batafsil maʼlumot berdi.

Universitet Jakarta shahrida joylashgan boʻlib, Indoneziyadagi yetakchi diniy oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Anʼanaviy islomiy fanlar va zamonaviy akademik yoʻnalishlarni oʻzida mujassam etgan taʼlim dargohi sultonlik davrining mashhur islomiy ulamosi va arbobi Sharif Hidoyatulla sharafiga shunday nomlangan.

1957-yilda Davlat islom tadqiqot instituti (IAIN) sifatida tashkil etilgan muassasa 2002-yilda universitet maqomini olib, bugungi kunda dinshunoslik, ijtimoiy, tabiiy va texnik fanlar boʻyicha taʼlim beradi.

Muloqot jarayonida muassasalararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, “Hadis ilmida musulmonlar amiri Imom Buxoriy merosini oʻrganish yoʻlida: Indoneziyaning 1000 nafar izlanuvchisi” dasturini hamkorlikda amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar oʻzaro aloqalarni mustahkamlash va tadqiqot loyihalarida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Shovosil Ziyodov oʻz navbatida, Imom Buxoriyning ilmiy merosini keng targʻib qilishga qaratilgan loyiha ahamiyatiga toʻxtalib, uning oʻzaro hamkorlik, madaniy va ziyorat turizmi sohasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim rol oʻynashini taʼkidladi.

Professor Ismatu Ropi universitetning ilmiy ishlab chiqarish va xalqaro hamkorlik sohasidagi tajribasiga tayanib, Imom Buxoriyning ilmiy merosini oʻrganishga oid dasturlar oʻz mamlakatidagi islomiy taʼlimni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Universitet delegatsiyasi aʼzolari, shuningdek, Markazning mavjud loyihalari va ilmiy tadqiqotlar natijalarini oʻz mamlakatidagi ilmiy jamoalarga tanishtirish va ommalashtirishga tayyorlik bildirdi. Shu universitetning oʻzi bilan oʻnga yaqin yoʻnalishda ilmiy hamkorlik oʻrnatish imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Indoneziya tomonining fikricha, bu hamkorlik ham aniq ilmiy natijalarga, ham ikki tomonning madaniy-ilmiy aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muloqotning soʻnggi qismida yaqin fursatda hamkorlikka oid Anglashuv memorandumini imzolash va shu asosda birgalikda yangi tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish va qoʻshma ilmiy konfyerensiyalar tashkil etishga kelishib olindi.

Oʻrnatilajak muassasalararo hamkorlik, ayniqsa, kelajakda Imom Buxoriyning ilmiy merosini izchil oʻrganish va keng targʻib qilish boʻyicha yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Sheʼriyatning oliy mutasavvifi, tasavvufning aʼlo shoiri

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida navoiyxonlik kechasi tashkil etildi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, Hadis ilmi …