Home / FOTO LAVHALAR / Xorijiy tillarni oʻrganish va taʼlim muammolari muhokamasi

Xorijiy tillarni oʻrganish va taʼlim muammolari muhokamasi

19-fevral kuni Toshkentda Oriyental universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan “Xorijiy tillar tadqiqi va taʼlimi muammolari” mavzusiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boshlandi.

Dunyo miqyosidagi nufuzli taʼlim va tadqiqot muassasalari vakillari, professor-olimlar, mutaxassis va tadqiqotchilar qatnashayotgan nufuzli anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov ham onlayn ishtirok etdi. Olim oʻz maʼruzasida xorijiy tillarni tadqiq qilish va taʼlim jarayonida ularning oʻrniga alohida urgʻu berdi. Tarixiy manbalarni oʻrganish, qadimiy qoʻlyozmalarni tahlil qilish va ularni keng ommaga yetkazishda til bilish muhimligini taʼkidladi. Shuningdek, Imom Buxoriy merosini oʻrganishda turli tillardagi manbalarni tadqiq etish zaruratiga eʼtibor qaratdi.

Sh.Ziyodov konferensiya mavzusining dolzarbligiga toʻxtalar ekan, globallashuv jarayonida tillarni oʻrganish va madaniy muloqotni mustahkamlash ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi. Anjuman ishiga muvaffaqiyat tilab, bunday tadbirlar akademik doiralar va ilmiy muassasalar hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.

Konferensiyada mamlakatimizdagi yetakchi ilmiy muassasalar bilan birga Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi, Oʻmondagi Sulton Qobus universiteti, Malayziyadagi Utara universiteti, Saudiya Arabistonidagi Podshoh Saud universiteti, Moskva Davlat pedagogika universiteti, AQSH,  Xitoy va Misrning ilgʻor taʼlim muassasalari vakillari maʼruzalar qilmoqda.

Anjuman davomida xorijiy tillarni oʻqitish, ilmiy-tadqiqot faoliyatida tilning ahamiyati, kognitiv tilshunoslik, tarjima nazariyasi va amaliyoti, zamonaviy metodik yondashuvlar kabi mavzular yuzasidan qizgʻin muhokamalar boʻlib oʻtmoqda. Mutaxassislar fikriga koʻra konferensiya oʻz maqsadlariga erishgan holda, ishtirokchilarning yangi ilmiy xulosalar bilan oʻrtoqlashishi va tajriba almashishi uchun muhim platformaga aylanadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Sheʼriyatning oliy mutasavvifi, tasavvufning aʼlo shoiri

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida navoiyxonlik kechasi tashkil etildi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, Hadis ilmi …