Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Misr Arab Respublikasidagi vakili, “Ash-Shaʼlon” Qurʼon tadqiqotlari jamgʻarmasi raisi doktor Abdulloh Husayn Shaʼlon Misr vaqf ishlari vaziri professor, doktor Usoma Azhariy bilan uchrashdi.
Suhbat chogʻida Markaz bilan mazkur vazirlik oʻrtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Doktor Usoma Azhariy Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Misr Vaqf ishlari vazirligi oʻrtasidagi hamkorlikni har tomonlama kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini taʼkidladi.
Muloqot asnosida Misr vaqf ishlari vaziri Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar, sogʻlom fikr va asl islomiy qadriyatlarni yoyishga, xavfsizlik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga, ekstremistik gʻoyalarga qarshi kurashishga qaratilgan saʼy-harakatlar Ehromlar yurtida katta mamnuniyat bilan qabul qilinayotganini qayd etdi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi kabi yangi muassasalar tashkil etilgani Misr ahlini ham quvontirishi taʼkidlandi. Bu bilan islom sivilizatsiyasi ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshgan, ikki mamlakat va umuman musulmon dunyosi uchun birdek aziz va moʻtabar boʻlgan allomalarimizning merosini oʻrganish, xalqaro anjumanlar, ilmiy seminar va simpoziumlar, koʻrgazmalar tashkil etish, bagʻrikenglik, totuvlik va moʻtadillik qadriyatlarini targʻib etish uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilgani eʼtirof etildi.
Tomonlar ilmiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashib, tez fursatda muassasalararo hamkorlikka oid Anglashuv memorandumini imzolash boʻyicha kelishuvga erishdi. Shuningdek, doktor Usoma Azhariy Markazga oʻzining “Dinni oʻyin qiluvchilarga raddiya mavzusida ochiq haqiqat” nomli kitobini oʻzbek tiliga tarjima qilish uchun ijozat berdi.