Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Turkiyaning “TRT El Arabiya” teleradiokanali ijodiy guruhi tomonidan shu nomli hujjatli filmning tegishli qismi suratga olinmoqda. Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar – Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi allomalarning boy ilmiy merosini keng jamoatchilikka tanishtirishga qaratilgan kinoasarning Imom Buxoriyga oid qismida Markaz olimlari buyuk muhaddis hayoti, ilmiy merosi va islom ilmi rivojida tutgan oʻrni haqidagi maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashmoqda.
Filmni suratga olish jarayonida Markazning salohiyati, zamonaviy tadqiqot usullari, bu yerda olib borilayotgan ilmiy ishlar ham yoritilib, Imom Buxoriy merosining bugungi kunda qay darajada tadqiq etilayotgani, bu izlanishlarning ahamiyati va umuminsoniy qadriyatlar bilan bogʻliq jihatlari haqida fikrlar bildirilmoqda.
Hujjatli filmning boshqa qismlari Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida suratga olinadi.
Buyuk allomalarimiz yuksak ilmiy salohiyatini dunyoga tanitish, ularning ilmiy merosini yanada keng targʻib qilishga xizmat qiladigan filmni joriy yilning mart oyida “TRT El Arabiya” telekanali orqali namoyish etish rejalashtirilgan.