Home / FOTO LAVHALAR / Ustozga hurmat-ehtirom – yoshlarga ragʻbat

Ustozga hurmat-ehtirom – yoshlarga ragʻbat

Namangan shahrida Buyuk mutafakkir, adib, olim, davlat arbobi va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542-yilligi munosabati bilan “Axsikent – Sharq mashʼali” I xalqaro ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtdi.

Namangan viloyati hokimligi, Oʻrta Osiyo xalqlari tarixi instituti, Turon fanlar akademiyasi va Aksikent tarixi va arxeologiyasini oʻrganish ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida yurtimiz hamda Qozogʻiston va Qirgʻizistondagi oliy taʼlim muassasalari tarixchi olimlari, professor-oʻqituvchilar, yoshlar va nuroniylar ishtirokida tashkil etilgan anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev qatnashib, “Maxdumi Aʼzamning konfliktologik metodlari” mavzusida maʼruza qildi.

Olim Boburning Maxdumi Aʼzam bilan muloqotlari, ularning zohidlik, Vatanga sadoqat va adabiy meros borasidagi qarashlarining umumiy jihatlarini teran tahlil qilib, buning ahamiyatini zamonaviy qiyosda yoritib berdi.

Anjumanda Turon fanlar akademiyasi olimlari, mahalliy va xorijlik mutaxassislarning Bobur Mirzo hayoti va ijodi, Aksikent tarixi va Sharq sivilizatsiyasiga oid maʼruzalari ham tinglandi.

Tadbir yakunida Markaz olimi “Eng ulugʻ ustoz” xalqaro esdalik nishoni bilan taqdirlandi. Turon fanlar akademiyasi tomonidan taʼsis etilgan mazkur mukofot Oʻzbekiston Respublikasi va xalqaro miqyosda taʼlim va tarbiya sohasida yuqori natijalarga erishgan, yosh avlodga ilm va maʼrifat ulashgan pedagoglar, olim va murabbiylarga taqdim etiladi. Mukofot ustozlarga hurmat-ehtirom belgisi boʻlib, ularning mehnatini munosib qadrlash va shu orqali yoshlarni ilmga ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Radikalizmning oldini olishda maʼrifiy yondashuv

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand Davlat arxitektura-qurilish universitetida “Radikalizm – …