Home / FOTO LAVHALAR / Radikalizmning oldini olishda maʼrifiy yondashuv

Radikalizmning oldini olishda maʼrifiy yondashuv

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand Davlat arxitektura-qurilish universitetida “Radikalizm – jamiyat barqarorligiga tahdid” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Universitet pedagog-xodimlari va talabalari ishtirokida oʻtgan uchrashuvda radikalizmning kelib chiqish sabablari, jamiyat uchun xavfli oqibatlari va uning oldini olishda maʼrifiy yondashuvning oʻrni haqida maʼruzalar tinglandi.

Markaz ilmiy xodimlari radikal gʻoyalarning tarqalish mexanizmlari, ijtimoiy tarmoqlardagi tahdidlar va yoshlarni bu kabi zararli taʼsirlardan himoya qilish usullari haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, islom dinining aslida bagʻrikenglik, tinchlik va ezgulikka chorlovchi taʼlimot ekani, turli ekstremistik oqimlar uni notoʻgʻri talqin qilish orqali insonlarni, ayniqsa, yoshlarni toʻgʻri yoʻldan chalgʻitishga harakat qilayotgani taʼkidlandi.

Uchrashuv ishtirokchilar oʻrtasida qizgʻin muloqotlarga boy boʻldi. Qatnashchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan bafurja javoblar oldi. Xususan, radikallashuvning oldini olishda oila, taʼlim muassasalari va keng jamoatchilikning masʼuliyatiga koʻproq eʼtibor qaratildi.

Tadbir yakunida yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy savodxonligini oshirish, ularni har qanday zararli gʻoyalar taʼsiridan himoya qilish uchun bu kabi uchrashuvlarni muntazam ravishda oʻtkazib borish muhim ekani taʼkidlandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Amir Temur – buyuk davlat va siyosat arbobi”

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabida 9-aprel – Amir Temur tavalludining 689 yilligi munosabati …