Shu kunlarda mamlakatimizda Naqshbandiya tariqatining Oltin Silsila pirlari ziyoratgohlari boʻylab davom etayotgan “Naqshbandiya festivali” ziyorat tadbirlari qatnashchilari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida mehmon boʻldi.
Malayziya, Indoneziya, Singapur, Hindiston, Bruney, Turkiya, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Nepal kabi davlatlardan kelgan yuzdan ziyod din, fan va jamoat arboblari, olimlar va turizm sohasi vakillaridan iborat nufuzli delegatsiyani direktor oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev kutib olib, Markazning maqsad va vazifalari hamda faoliyat natijalari xususida qisqacha maʼlumot berdi.
Har yili anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan festival ishtirokchilari Markaz muzeyi va undagi eksponatlarni koʻzdan kechirar ekan, Imom Buxoriy hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati uchun minnatdorlik bildirib, bu kabi ziyorat tadbirlari nafaqat mamlakatlar oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, balki diniy-maʼrifiy targʻibot ishlarida ham muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Festival tadbirlari davom etmoqda.