Ayni kunlarda Malayziyada safarda boʻlib turgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlaridan iborat delegatsiya aʼzolari 3-fevral kuni Malayziya Bosh vaziri huzuridagi Dinlararo totuvlik qoʻmitasi aʼzosi, Malayziya islomni anglash instituti (IKIM) raisi, professor Muhammad Nur Manuti qabulida boʻldi.
Muloqot chogʻida shu kunlarda Malayziya islomni anglash instituti tasarrufidagi “TV-IKIM” telekanalida Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar, buyuk mutafakkir allomalarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar va Yangi Oʻzbekistonda tashkil qilingan xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari faoliyati va ularning yutuqlari haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyishi katta eʼtiborga sazovor boʻlgani, akademik doiralar va jamoatchilik tomonidan ulkan qiziqish va mamnuniyat bilan qabul qilingani taʼkidlandi.
Uchrashuvda qoʻshma anjumanlar tashkil etish, hamkorlikda allomalar ilmiy merosi va qoʻlyozmalarni oʻrganish boʻyicha tadqiqotlar olib borish masalalari muhokama qilindi.