Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari rahbar xodimlari 3-fevral kuni Kuala-Lumpur shahrida joylashgan Malayziya xalqaro islom universiteti huzuridagi Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi xalqaro instituti mutasaddilari bilan uchrashdi. Muloqot chogʻida islom ilmi va maʼnaviyatini chuqur oʻrganish, koʻp asrlik ilmiy merosni asrab, kelgusi tadqiqotlar uchun yangi yoʻnalishlar belgilash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Samimiy va doʻstona ruhda kechgan uchrashuvda movarounnahrlik allomalar asarlarini oʻrganish va yoyish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni xalqaro miqyosda keng targʻib qilish, shuningdek, qoʻshma simpozium va seminarlar tashkil etish, turli ilmiy muassasalar bilan oʻzaro aloqalarni yanada mustahkamlash boʻyicha tashabbuslar ilgari surildi, ilmiy jihatdan oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.