Home / MAQOLALAR / MASHHUR MUHADDISLARNING MASLAKLARI

MASHHUR MUHADDISLARNING MASLAKLARI

Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh

118/736-yilda tavallud topgan Ibn Muborak siqa (ishonarli) bir roviy boʻlishi bilan birga bir qancha kitob taʼlif etgan, hadis rivoyat qilgan va oʻz davrining mashhur olimi sifatida qabul qilingan[1].

Horun Rashid xalifaligi davrida Vizantiyaga qarshi kurashgan. Uning zohidlik haqidagi qarashi dunyodan batamom uzilish emas, balki unga bogʻlanib qolmaslikdir. Shu sababli boshqaga muhtoj boʻlmaslik uchun umrining oxirigacha tijorat bilan shugʻullangan. Shu bilan birga u juda saxiy inson boʻlgan. Kambagʻallar, olimlar, talabalarni oʻz gʻamxoʻrligiga olgan, doʻstlarini hajga olib borgan va barcha xarajatlarini qoplagan hamda har yili yuz ming dirham sadaqa qilgan[2]. Otasining savdo qilish uchun bergan ellik ming dirhamini ham hadis ilmi yoʻlida sarflagan[3].

63 yoshida 181/797-yili Hit[4]da vafot etgan.

 

Imom Abu Yusuf rahmatullohi alayh

113/731-yili Kufada dunyoga kelgan. Hishom ibn Urva, Yahyo ibn Saʼid, Aʼmash va Abu Isʼhoq Shayboniy roziyallohu anhum kabi kishilardan hadis tinglagan va Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan fiqhdan dars olgan[5].

Kambagʻal oilaga mansub boʻlgan. Otasining kichik bir ustaxonasi bor boʻlgan. Otasi Yusufga ehtiyojmand ekanini va ishlashi kerakligini aytgan, lekin shuncha qiyinchiliklarga qaramay, ilm oʻrganish uchun Abu Hanifaning dars halqasiga qoʻshilgan va ilm olishni davom ettirgan. Abu Hanifa unga moddiy yordam koʻrsatgan[6].

Xalifa Muso ibn Mahdiy davrida moddiy qiyinchilikka duch kelgani uchun Bagʻdodga koʻchib oʻtgan va xalifa tomonidan qozilik maqomiga tayinlangan. Bagʻdoddagi qozilik vazifasini Xalifa Hodiy davrida ham davom ettirgan. Horun Rashid birinchi bor “qoziyul quzot” (qozilar qozisi) institutini tashkil etib, Abu Yusufni qoziyul quzot etib tayinlagan[7].

182/798-yili 69 yoshida Bagʻdodda vafot etgan[8].

 

Imom Muhammad Hasan Shayboniy rahmatullohi alayh

132/749-750-yili Vositda dunyoga kelgan, Kufada voyaga yetgan. Turli ustozlardan hadis tinglagan. Hadis ustozlari orasida Imom Molik, Avzoiy va Ibn Jurayj roziyallohu anhum kabi olimlar bor.  Imom Abu Hanifaning eng yetuk shogirdlaridan biri boʻlgan[9].

Unga otasidan oʻttiz ming dirham meros qolgani va bu pulning yarmini hadis va fiqh ilmini oʻrganish uchun sarflaganini aytgan[10]. Xalifa Horun Rashid uni Raqqa qozisi etib tayinlagan, keyinchalik bu vazifadan boʻshatgan[11]. Keyinchalik Abu Yusuf rahmatullohi alayh vafotidan soʻng Horun Rashid uni qoziyul quzot etib tayinlagan[12].

Horun Rashid hamrohligida borgan Ray shahrida 189/805-yili[13] 57 yoshida vafot etgan.

 

Abu Abdulloh Gʻundor rahmatullohi alayh

110/728-yili atrofida dunyoga kelgan. Ibn Jurayj, Maʼmir ibn Roshid, Ibn Abu Aruba va Shuʼba ibn Hajjoj rahmatullohi alayhimlardan hadis rivoyat qilgan[14].

Toʻqilgan dagʻal libos (kirbos) va taylasan (salla matosi) savdosi bilan shugʻullangan[15].

193/809-yili Zulqaʼda oyida vafot etgan[16].

 

Vakiʼ ibn Jarroh rahmatullohi alayh

129/747-yili dunyoga kelgan. Hishom ibn Urva, Aʼmash, Ibn Jurayj va Sufyon Avzoiy rahmatullohi alayhim kabi kishilardan hadis tinglagan, oʻz navbatida undan Ibn Muborak, Ibn Madiniy va Yahyo ibn Maʼiyn kabi koʻplab olimlar hadis rivoyat qilgan[17].

Otasi Baytulmol masʼuli boʻlgan. Unga onasidan 100,000 dirham kabi katta miqdorda pul meros qolgan[18]. Bundan tashqari, unga qozilik taklif qilinganida, u bu taklifni rad etgan[19].

197/812-yilda haj ziyoratidan qaytishida Fayd deb nomlangan hududda vafot etgan[20].

 

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh

107/725-726-yili Shaʼbon oyida dunyoga kelgan. Amr ibn Dinor, Asvad ibn Qays, Abu Isʼhoq va Zayd ibn Aslam rahmatullohi alayhim kabi koʻplab kishilardan hadis rivoyat qilgan[21]. Oʻn olti yoshligida Ibn Shihob Zuhriydan dars olgan[22].

Bobosi yoki otasi davlat amaldorlarining xizmatkori boʻlgan, zargarlik bilan shugʻullangan, keyinchalik zarar koʻrganidan soʻng Makkaga koʻchib oʻtgan[23]. Harmala ibn Yahyo uning yengidan arpadan tayyorlangan nonni chiqargani, oltmish yil mobaynida shu tarzda faqat non bilan kun kechirganini rivoyat qilgan. Bu uning juda ham boy yashamaganligini koʻrsatadi[24].

198/814-yili Makka[25]da, 91 yoshida vafot etgan.

[1] Ibn Hajar. Tahzib. J. 5. – B. 386.
[2] Küçük. Abdulloh ibn Muborak. TDIE. J. 1. – B. 123.
[3] Yılmaz. Abdulloh ibn Muborak. – B. 386.
[4] Ibn Hajar. Tahzib. J. 5. – B. 386.
[5] Zahabiy. Tarix. J. 4. – B. 1021.
[6] Zahabiy. Siyar. J. 8. – B. 536.
[7] Bagʻdodiy. Tarix. J. 16. – B. 359.
[8] Zirikliy. Aʼlom. J. 8. – B. 193.
[9] Zahabiy. Tarix. J. 4. – B. 954.
[10] Bagʻdodiy. Tarix. J. 2. – B. 562.
[11] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 7. – B. 242.
[12] Zahabiy. Tarix. J. 4. – B. 955.
[13] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 7. – B. 242.
[14] Zahabiy. Siyar. J. 9. – B. 99.
[15] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 220.
[16] Zahabiy. Tarix. J. 4. – B. 118.
[17] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 224.
[18] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 124.
[19] Zahabiy. Siyar. J. 9. – B. 144.
[20] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 6. – B. 365.
[21] Zahabiy. Tarix. J. 4. – B. 1110.
[22] Ibn Hibbon. Siqot. J. 6. – B. 403.
[23] Hatiboğlu. Sufyon ibn Uyayna. TDIE. J. 38. – B. 28.
[24] Mizziy. Tahzib. J. 11. – B. 191.
[25] Zirikliy. Aʼlom. J. 3. – B. 105.
Otabek MUHAMMADIYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

AHLI SUNNANING IKKI BUYUK IMOMI

Soxta shayxlarning Islom olamining buyuk namoyandalarini, ayniqsa, ahli sunna val jamoa imomlari boʻlmish Imom Moturidiy …