Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Gʻallaorol tumani ixtisoslashtirilgan maktabida buyuk jadid, ma’rifatparvar va Turkiston millatparvarlari yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiyning 150 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda Markaz ilmiy xodimlari B.Mahmudov, A.Mamadaliyev, tuman Adliya bo‘limi bosh yuristi E.Muhammadiyev va Davlat xizmatlari bo‘limi xodimi Gʻ.Normatov ishtirok etdi.
Tadbir davomida ma’ruzachilar Behbudiyning jadidlik harakatidagi o‘rni va uning tub mafkuraviy maqsadlariga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, Mahmudxo‘ja Behbudiy XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkistonda kechgan milliy uyg‘onish jarayonlarining eng faol va ilg‘or namoyandalaridan biri edi. Uning asosiy maqsadi ilm va ma’rifat orqali millatni ozodlikka yo‘llash, jaholat zulmatidan qutqarish bo‘lgan. Shu maqsadda mutafakkir yangi uslubdagi maktablar tashkil etib, eski usuldagi ta’lim tizimini isloh qilishga kirishgan. 1911 yilda yozgan “Padarkush” dramasi orqali o‘zbek dramaturgiyasiga asos solgan. 1913 yilda esa “Samarqand” gazetasi nashrini yo‘lga qo‘yib, milliy matbuotni rivojlantirish tarixida ham ulkan iz qoldirdi.
Tadbir ishtirokchilari Behbudiyning til masalasidagi xizmatlarini alohida qayd etdi. 1918 yilda u Turkistondagi rus ma’murlariga murojaat qilib, turkiy tillar orasida o‘zbek tili davlat tili sifatida tan olinishi kerakligini ta’kidlagan. Mutafakkirning fikricha, milliy rivojlanishning asosiy ustuni – bu o‘z ona tiliga ega bo‘lishdir. Shu bois bu taklif o‘sha paytdagi hukmron doiralarga ma’qul kelmagan, albatta. Shunga qaramay, Behbudiy o‘zbek tili va turkiy tillarning nufuzini oshirishga intilgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Millatga g‘amxo‘r bo‘lmoq kerak, uning tilini, urf-odatini saqlamoq kerak” degan so‘zlari hozirgi kunda ham dolzarbligini yo‘qotmagan.
O‘quvchilar bildirgan fikrlar va ingliz tilida o‘tgan savol-javoblar yoshlarning keng dunyoqarashi va yuksak bilim darajasini namoyon etdi. Jadidlik harakati, Behbudiy g‘oyalari va ularning bugungi kundagi ahamiyati haqida qizg‘in munozaralar bo‘lib o‘tdi. Mutafakkirning fidoyiligi, millat hurriyati va ravnaqi uchun kurashi, ma’rifat yo‘lidagi xizmatlari hozirgi yoshlar uchun buyuk ibrat maktabi ekani ta’kidlandi.
Tadbir so‘ngida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari faol ishtirokchilarni esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati