Imom Buxoriy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari delegatsiyasining Malayziyaga tashrifi davomida Malayziya xalqaro islom universiteti prorektori, professor Muhammad Favzan Nuriddin bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Taʼkidlash kerakki, Malayziya xalqaro islom universiteti xalqaro islom universitetlari reytingida 2-oʻrinda turadi. Xorijiy tillarda debat qilish boʻyicha dunyoning eng kuchli universitetlari reytingida 41-oʻrinni egallagan.
Tadbirda Malayziya xalqaro islom universiteti bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻrtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Prorektor Muhammad Favzan Nuriddin barcha yoʻnalishlarda Oʻzbekiston bilan hamkorlikka tayyor ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, Malayziya xalqaro islom universiteti Islom bilimlari fakulteti dekani Shukran Abdurahmon bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Malayziya tomoniga Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida keng qamrovli maʼlumot berildi. Sh.Abdurahmon oʻz soʻzida:
“Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan diniy sohada amalga oshirilayotgan loyihalar meni hayratlantirdi. Qisqa vaqt ichida bu kabi keng koʻlamli ishlarni tashkil etish kamdan-kam rahbarning qoʻlidan keladi. Oʻzbekiston – islom sivilizatsiyasining beshigi. Agar Oʻzbekiston tomoni imkoniyat bersa, men ham bu qadimiy oʻlkaga borib ilmiy tadqiqot qilgan boʻlar edim” – deya taʼkidladi.