Yurtimizda ilm-maʼrifatga berilayotgan eʼtibor tufayli necha asrlar davomida koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab kelinayotgan qadimiy qoʻlyozma manbalarni oʻrganish, tadqiq qilish va jamoatchilikka yetkazish imkoniyati kengaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bugungi kunning eng dolzarb vazifasi sifatida soʻzlab: “Tariximiz, madaniyatimiz, dinimizga aloqador boʻlgan bir varaq qoʻlyozma boʻlsa ham, ularni toʻplab, xalqimizni, yoshlarimizga tanishtirish, bizning qanday buyuk va betakror merosimiz borligini anglatish, farzandlarimizni shu ulugʻ merosga munosib qilib tarbiyalash”, deya taʼkidladilar [1-120].
Islom dinining bir jabhasi hisoblangan tasavvuf ilmi musulmon mamlakatlarining ijtimoiy va maʼnaviy hayotiga chuqur kirib borib, fan, madaniyat va adabiyot rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. XI asrdan boshlab Sharqning deyarli barcha nufuzli shoir va yozuvchilari, mutafakkir olimlari tasavvufdan oziqlanib, uning insonparvarlik va haqsevarlik gʻoyalaridan ruhlanib, ijod qilishgan. Shuni nazarda tutgan rus olimi Ye.E.Bertels tasavvufga shunday taʼrif beradi: “Tasavvuf adabiyotini oʻrganmasdan turib, oʻrta asrlar musulmon Sharqi madaniy hayoti haqida tasavvurga ega boʻlish mumkin emas. Bu adabiyotdan xabardor boʻlmasdan Sharqning oʻzini ham anglash qiyin” [2:54]. Basmala mavzusi tasavvuf adabiyotida muhim yoʻnalish sifatida qadrlanib, manbalarda qayd etilgan.
Basmala aslida “Bismillahir rohmanir rohim”ning qisqartirilgan shaklidir. Bu islomiy ibora sifatida islom dinining asosiy belgisi va musulmon jamiyatining bir boʻlagidir. U “Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan”, degan maʼnoni anglatadi. Vikipediyada yahudiylarning muqaddas kitobi hisoblanadigan qadimgi Tavrotda Basmala va shunga oʻxshash iboralar ibodat vaqtida, yaʼni namozning boshida “Rabbi nomi bilan” deb qoʻllanilgan. Eʼtiborli tomoni, musulmonlarning “Alloh ar-Rohman ar-Rohim” iborasiga oʻxshash yozuv ham uchragani qayd etilgan. Boshqa manbalarda esa islom dini taʼsiri ostida XI asrda Misrda (Qohira Geniza) yahudiylarning liturgik oʻramlarida qisqartirilgan Basmala shakli “Rahmdil nomi bilan” aytilgani aniqlangan.
Islom dini dunyoga keng tarqala boshlagandan beri mazkur ibora islomiy shiorga aylandi. Hozirgi kunda islom davlatlarida rasmiy hujjatlar, maktublar, shartnomalar, murojaatlar, vasiyatnomalar ayni shu jumlalar bilan boshlanishi bunga dalildir.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, yurtimiz allomalari tomonidan yozilgan manbalarda Basmala asar muqaddima qismining boshlangʻich kalimasi boʻlgan. Hozirgi kungacha manbashunos olimlar asarning muqaddimasini uch qismga – Basmala, hamd va naʼtga boʻlib, qoʻlyozmalarni tadqiq qilib kelmoqdalar [3:98]. Misol uchun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan manbalarning yozilgan davridan, mavzusidan, sohasidan qatʼi nazar barchasida soʻz boshi sifatida Basmala yozilgan. Bu shuni koʻrsatadiki, islom diniga oid manbalar Basmala bilan boshlangani ba bu ibora islom taʼlimotida juda katta ahamiyatga ega ekaniga guvohlik beradi.
Basmaladan har bir davrning mashhur boʻlgan davlat arboblari, shoirlari, musavvirlari, xattotlari, kotiblari oʻz asarlari yoki xatlarida keng foydalangan. Shuningdek, madaniy meroslardan tashqari meʼmoriy yodgorliklarda ham bezak sifatida islomiy qadriyatlarni ifodalagan Basmala yozuvi masjid va madrasalarning ustun va peshtoqlarida ham aks etgan.
Islom ulamolari taʼkidlashicha, islom manbalarining katta qismini tasavvufiy adabiyotlar tashkil etadi. Tasavvufning asosiy maqsadi zohidlik va taqvo orqali qalbni tiklash, yaʼni ruhiy quvvatni oshirish, dunyoviy mashgʻulotlar va yomon his-tuygʻulardan poklash, botiniy gunohlarni tashlab, qalbga faqat Alloh boʻlgan muhabbatni joylash va Uning roziligi uchun yashashlikdir. Bu taʼlimotlar tasavvufiy adabiyotning asosiy mezoni hisoblanadi. Shu sababli tasavvuf ahli oʻz yoʻliga ega boʻlgan va Qurʼoni karim va hadislarga tasavvufning asl ildizi, asosiy manbalari, deb qarashgan.
“Tasmiya” iborasi ham Basmala kabi islom manbalarida keng qoʻllanilgan. Tasmiyaning asosi “اسم” soʻzidan olingan boʻlib, u “atalgan, nomlangan”, degan maʼnolarni anglatadi.
Basmalaning asosi arab tili boʻlgani bois, bu iborani chuqurroq oʻrganishda shu tilning xususiyatidan kelib chiqqan holda kalimalarni tahlil qilish maqsadga muvofiqdir.
Dastlab, Basmalaning toʻliq shakli بسم الله الرحمان الرحيم ni tilshunoslik nuqtayi nazaridan tahlil qilsak:
“بِ”- Basmala bi harfi bilan boshlanib, u koʻmakchi hisoblanadi, qoidaga koʻra keyingi soʻzga qoʻshilib yoziladi. U mustaqil maʼnoga ega emas. U soʻzlarni bir-biriga bogʻlash uchun qoʻllaniladi va oʻzbek tiliga “bilan”, deb tarjima qilinadi.
“اسم”– Ikkinchi kalima, mustaqil maʼnoga ega boʻlgan soʻz boʻlib, u gapda “ism, nom, ot”, degan maʼnolarni anglatadi. Grammatik qoidalarga asosan اسم+ب ga qoʻshilishi oqibatida ا “alif”, yaʼni kalimaning oʻzagida boʻlmagan alif tushib qolgani sababli بسم koʻrinishi hosil boʻladi.
“ألله”– Alloh ismi boʻlib, “Yagona ibodat qilinuvchi iloh ismi”, degan maʼnoni ifodalaydi. Baʼzi ulamolarning fikriga koʻra u Ismi Aʼzamdir. Qoida asosida بسم dan keyin kelgani uchun izofa orqali birikkan, natijada بسم الله deb yozilgan, maʼnosi “Allohning ismi bilan”, deb tarjima qilinadi.
“الرحمان” — Rohman ismi sifat vazifasida kelgan boʻlib, “Juda marhamatli, sanoqsiz va ulugʻ neʼmatlar ato etuvchi, moʻmin-u kofirlarni, butun maxluqotni bu dunyoda neʼmatlantiruvchi, butun borliqqa shafqat va rahmat qiluvchi”, maʼnolariga egadir.
“الرحيم”- Rohim ismi ham shunday vazifadadir, “Rahmati, shafqati, marhamati ustun boʻlgan, oxiratda esa faqat moʻminlarga rahmati va neʼmatlarini ehson qiladigan zotdir”, deya ulamolar tomonidan taʼrif beriladi[4:3].
الرحمان الرحيم – Ikkita ism jamlangan holda kelganda maʼnolar taʼkid va kuchaytirilgan darajada: “Behad mehribon va benihoya rahmli”, degan maʼnolarni ifodalaydi. Islom ulamolari tomonidan ushbu ismlar Allohning 99 ta ismlaridan, deya taʼkidlashadi.
بِسۡمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحۡمَانِ ٱلرَّحِيمِ — Yuqoridagi maʼnolarni jamlagan holda umumiy maʼnosi “Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan” yoki “Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman”, deb tarjima qilinadi.
Tasavvuf ulamolari qarashida esa “Ishimni Rahmon va Rahimli boʻlgan Allohning nomi bilan boshlayman; Uning amri va istagi bilan shu ishning boshidaman; Uning amri va quvvati tufayli bajaraman; Shu ishni ado etishda barcha kuch-qudrat Allohdandir; U menga quvvat bermasa, bu ishni bajara olmayman”, deya Basmalaga taʼrif berishadi.
Tasavvuf ahli Basmalaning asl mohiyatini va mazmunini izohlashda Qurʼoni karim va hadislardagi iqtiboslardan foydalanmagan fikrni topa olmaysiz.
Ibn Abbosning quyidagi soʻzlari juda oʻrinlidir: “Qurʼonning tashqi va botiniy tomonlari bordir. U bitmas-tuganmas, unga yetib boʻlmaydi. Unga shoʻngʻigan inson faqat najot topadi. Qurʼonning zohiri tilovat, botiniy sharhi esa tafsirdir. Uni tushunish uchun ulamolar bilan yonma-yon oʻtir va ahmoqlardan saqlan” [5:50].
Tafsir ulamolarining xizmatlari shu oʻrinda benihoya qadrlidir. Chunki Qurʼoni karimni toʻgʻri anglash va uning mazmun-mohiyatini tushunishda tafsirlar asosiy manba hisoblanadi. Mufassirlar har bir oyatni tafsir qilishda juda ehtiyotkorlik bilan yondashgan, shuningdek, barcha ilmlarni jamlab, har bir harfni ham inobatga olib sharhlagan. Jumladan, Basmalaning Qurʼoni karimda qanday shaklda zikr qilingani, uning nozil boʻlish sabablari atroflicha oʻrganilgan.
Tafsir ilmi ham boshqa islomiy ilmlar qatorida yillar davomida rivojlandi va kengaydi. Oʻziga xos ilm tarmoqlari paydo boʻla boshladi, bu sohada ijod qiluvchilar soni oshib bordi, ayniqsa, tasavvuf ilm ahillari orasida tafsir yozish boʻyicha oʻzlarining yondashuv va uslublari paydo boʻldi. Natijada islom manbalari ichida ishoriy-tasavvufiy tafsirlar vujudga keldi.
Tasavvufiy tafsirlarning ahamiyatli jihati tasmiyaga alohida urgʻu berilgani boʻldi. Sababi, ayni shu turdagi tafsirlarda tasmiyaning sharhi har bir suraning boshida berilib, uning yangi maʼnolari atroflicha ochilgan. Shu uslub tasavvufiy tafsirga xos jihat boʻlib, boshqa tafsir turlarida uni uchratmaysiz. Shu boisdan mashhur mufassirlar qatorida ishoriy tafsirlar yozgan ulamolarimizning asarlari juda ahamiyatlidir.
Tasavvufiy tafsirlar ichida naqshbandiya tariqatining vakili Xoja Muhammad Porso (v.1420y.)ning “Tafsir” asari alohida ahamiyatga ega [6]. Tafsir bilan tanishuv davomida uning boshqa asarlar kabi muqaddima qismi Basmala, hamd va naʼtdan boshlanganidan tashqari Basmalaga taʼrif yuqoridagi uslub bilan qoʻllanilgani yaqqol koʻzga tashlanadi.
Misol uchun, Xoja Muhammad Porso Qadr surasining boshida: “Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan Uning soʻzlarini tilovat qilaman va boshqa ism bilan emas ayni Oʻzi taʼlim bergan nom bilan boshlayman. Yaʼni bu ismi Aʼzam ismi Allohnikidir. Unda Allohning Rahmon va Rahim sifatlari bordir, yana Qurʼonda kelgan hukmlar rioyasi bordir, qiyomda farzi va uni zikr qilishda hamda maʼnolarini anglashda sir-asrorlari bordir”, deydi.
Bayyina surasida esa yuqoridagi taʼriflarga qoʻshimcha qilib, tasmiyadagi harflarning sanogʻiga ishora qilgan holda 19 raqamini keltirib, undan 18 raqamni oʻn sakkiz ming olamga, bittasini esa doʻzax olamiga ishora qilib oʻtadi. Xoja Muhammad Porso har bir soʻzini hadis va ulamolarning fikrlari bilan dalillaydi. Maʼnolarni chiroyli tarzda bayon qilish bilan bir qatorda sodda iboralardan foydalanib, uning botiniy maʼnolariga, ishoralarga urgʻu berib oʻtadi.
Muallifning yana bir sharhlashdagi uslubini Zalzala surasidagi tasmiyaga berilgan izohda koʻrish mumkin. Bu yondashuv yuqoridagi taʼriflardan farqli boʻlib, unda muallif Basmalani ikki qismga ajratgan holda tadqiq qiladi. Boshida muallif tasmiyaga oid hadislarni birma-bir keltirib, unga oid maʼlumotlarni jamlab, uning dindagi qadr-qiymatini va fazilatlarini ochib bergan boʻlsa, ikkinchi qismida esaالرحمان الرحيم Allohning sifatlariga alohida urgʻu beradi. Hayotiy misollar orqali asl maʼnolarini ochishga harakat qiladi. Dastlab, muallif Basmalani umumiy taʼriflaydi, keyingi oʻrinlarda esa uning fazilatlarini bayon qiladi, soʻngra tasmiyada yashiringan botiniy maʼnolarini yoritib beradi. Bu izohlarning har biri oʻziga xosligini, bir-biriga mazmun jihatidan bogʻliqligini hamda bayon qilishda turli uslublardan foydalanganini ifodalaydi. Muallif tafsirda Basmala bilan birga tasmiya iborasidan ham koʻp oʻrinlarda foydalangan.
Yuqoridagi maʼlumotlardan foydalangan holda, islomshunos M.Ismoilov Xoja Muhammad Porsoning “Qadr surasining tasavvufiy tafsirlari” nomli maqolasida: “Haq maʼbudning nomi bilan. U kechiruvchi, xaloyiqqa rahm qiluvchi ulugʻ Zotdir. Uning kalomini oʻqiyman. Uning nomi bilan boshlayman. Bu oʻrinda Ismi Aʼzamiga ishora bor”, deya Basmalaga berilgan taʼrifini keltirib oʻtgan [7:4].
Xoja Muhammad Porso qoʻllagan bu yoʼlning asosi Qushayriy uslubidan olingan, deyish mumkin. U mashhur soʻfiy boʻlib, uning toʻliq ismi Abdul-Karim ibn Havozin Abul Qosim al-Qushayriy (376-465h./986-1072m.)dir. Qushayriy tasmiyaga alohida urgʻu bergan holda boshqa tafsirlardan farqli ravishda oʻzining yondashuvini bayon qilgan olimdir. Unga koʻra, Basmalani sharhlashda suraga mos holda taʼriflash va takrorlanmaydigan maʼnolarni har bir suraning boshida keltirish taklifini beradi. Bu metod keyinchalik soʻfiylarda, ayniqsa, tasavvufiy tafsir bilan ijod qilgan soʻfiylarning ijodlarida yaqqol koʻrinadi. Turk tadqiqotchilari ishoriy tafsirlarni oʻrganish jarayonida shunday xulosaga kelishgan. Ular bu uslubni Qushayriydan olingan, deb eʼtirof etishadi [8:101].
Qushayriydan oldin yashagan mashhur soʻfiy Jafar Sodiq (80, 83-148/699, 702-765) esa boshqacha uslubni qoʻllagan. Unga koʻra, U Basmalani birinchi navbatda oyat, deb hisoblagan. Shuni inobatga olgan holda Basmalani shunday tafsir qilgan: “Ba(ب) Allohning abadiyligi, (س) ismlari, mim (م) mulki yoki mavqeidir. Moʻminning imoni — Uning abadiyligini zikr qilishidir… Alloh soʼzida toʻrtta harf bor, birinchi Alifni tavhidga, ikkinchisini fahmga, uchinchisini Nubuvvatga va ha (ه) esa ishoradagi oxirgi darajadir”, deya ishora qilib koʻrsatadi. “Alloh taolo shunday yagona ismki, u hech narsaga bogʻlanmagan, hamma narsa Unga bogʻlangan, yaʼni U shunday bir maʼnodirki shuning uchun ham insonlar Uning tabiatini anglab, sifatini anglab hayratda qoladilar. U koʻz va oʻylardan yashirin, ulugʻligi bilan idrok etishdan pardalangandir”, deb taʼrif beradi [8:53].
Mashhur olim Yaʼqub Charxiy (1359-1447) “Tafsiri Charxiy”da esa tasmiyani juda fasohat va balogʻat bilan ifodalagan. Masalan: “Qurʼonning kaliti “Bismillahir rohmanir rohim” turur. Maʼnosi ul boʻlurkim, qachon bir sohibdavlat yosh oʻgʻlonin mullogʻa topshirsa, mullo amr qilip ul norasidagʻa aytsa kim aytgʻil “Bismillahir rohmanir rohim”. Haq taolo farmonlagʻaykim, ul oʻgʻlongʻa bir baroate bitirgaylarkim tamugʻ oʻtindin ozod boʻlgʻay va ustodi birla ota-onasigʻa ham Tangri rahmat qilib, tamugʻ oʻtindan ozod boʻlgʻay…”, kabi namunalarni koʻrish mumkin[9:67].
Charxiyning fikricha, Alloh Basmala orqali bandalarga chiroyli taʼlim berib, bandaning har bir nafasi, hayoti va amali Alloh bilan bogʻliq boʻlishi lozimligini taʼkidlaydi. Musulmon kishi Basmalani aytib yurishi, Allohni yod etishi orqali banda bilan Alloh oʻrtasida bogʻlanish yuzaga kelishini hamda ayni bu holat ixlos maqomini hosil qilishga olib boruvchi yoʻl ekanligini eʼtirof etadi.
Basmala Fotiha surasining dastlabki oyati hisoblanishi haqida islom ulamolari tomonidan koʻplab ixtiloflar boʻlgani haqida manbalarda keltiriladi. Bu masala boʻycha esa aqoid ilmi ulamosi Abu Mansur Moturidiy “Taʼvilot al-Qurʼon” asarida bunday keltiradi: “Tasmiya — Qurʼondan bir oyat boʻlib, Fotihat-al-Kitobidan emas. Uni alohida bir oyat deb belgilashning dalili Muhammad (s.a.v)dan rivoyat qilingan ushbu hadisdir:
“U zot alayhissalom Ubay ibn Kaʼbga: “Senga oʻzimdan avval Sulaymon ibn Dovuddan boshqa biron kimsaga nozil boʻlmagan bir oyatni oʻrgataman, — dedilar. Soʻng masjiddan chiqayotib, oyoqlaridan birini eshikdan chiqardilar va unga: “Sen Qurʼonni qaysi oyat bilan boshlaysan?”– dedilar. Ubay: “Bismillahir rohmanir rohim” bilan”, deb javob berdi. “U oʻsha-men senga oʻrgatmoqchi boʻlgan oyatdir”, dedilar Muhammad (s.a.v)”. Mazkur hadis “Basmala”ning Qurʼondan bir oyat ekaniga dalolat qiladi. Biroq bir vaqtning oʻzida “Fotiha” surasining tarkibiga kirmasligiga ham yaqqol dalildir. Shuningdek, Imom Aʼzam Abu Hanifa esa tasmiyani namozda jahriy aytmaslik toʻgʻrisida atroflicha eʼtirof etgan va sharhlab bergan. Hozirgi kungacha bu hukm asosida hanafiy mazhabi vakillari namozda amal qilib kelmoqda.
Naml surasining 30-oyatida esa paygʻambar Sulaymon (a.s.) va Sabaʼ malikasi haqidagi qissa boʻlib, oyat islom ummati uchun muhim boʻlgan aqidaviy masalalarni oʻz ichiga oladi: “…Malika soʻzida davom etdi: “Albatta, u Sulaymondandir, albatta, unda: “Bismillahir rohmanir rohim”. “Menga qarshi bosh koʻtarmay, taslim boʻlgan holingizda keling” deyilmishdir, dedi” [10:I:328]. Demak, bu oyat Basmalaning toʻliq shaklini bayon qilish bilan bir qatorda ishni faqat Allohning ismi bilan boshlash lozimligi hukmini, rasmiy xatlarning boshida Basmalani yozilish anʼanasiga aynan shu oyat dalil boʻlgani, shuningdek, bu kalima islom dinini boshqa din vakiliga tanishtirish uchun “islom ramzi” yoki “ilk taʼlimot” vazifasini ham bajarganidan xabar qiladi.
بسم الله : Hud surasining 41-oyatida insonning har bir harakati va faoliyati Basmala bilan bogʻliqligi ochiq tasvirlab berilgan: “Va u: U (kema)ga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila boʻlur. Albatta, Rabbim magʻfiratli va rahmlidir”, dedi [10:III:102]. Keltirilgan suraning ushbu oyatida Nuh (a.s)ning qissalari bayon qilingan boʻlib, oyatda Nuh (a.s)ning toʻfon boshlanganida, oʻzlari bilan olishlari kerak boʻlganlarga qarab aytgan gaplari keltirilgan: “U (kema)ga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila boʻlur”, dedilar. Bu oyatdan inson har bir ishini Alloh nomi bilan boshlash kerakligi haqidagi koʻrsatma kelib chiqadi. Bu oyatda “الرحمان الرحيم” qoʻshib zikr qilinmagan. Demak, “Bismillahir rohmanir rohim” bu shaklda ham foydalansa boʻladi va bu uning qisqartirilgan shakliga asos boʻladi.
:اسم الله Anʼom surasining 118,119,121,138-oyatlarida “bi” yordamchi bilan emas, balki ذكر (zikr qilmoq) feʼli bilan keltirilgan. Misol uchun oyatlarning birida: “….Allohning ismi zikr qilingan narsalardan eng!”, deya tafsir qilingan. Bu oyatlarning nozil boʻlish sababini koʻrib chiqsak, islomdagi asosiy taʼlimotlar tasmiya bilan bogʻliq ekanligini uchratasiz, yaʼni musulmonlar faqat Alloh nomi bilan soʻyilgan jonliq goʻshtidan isteʼmol qilishligi, taqiqlangan jonliqlardan tashqari qolgan hayvonlarni Basmalani aytishlik bilan halol hukmiga oʻtishi bayon qilingan. Har bir oyat Basmalaning islom aqidasida qanchalik ahamiyatli ekanligiga dalildir.
Yuqoridagi suralardan farqli jihati Haj surasida “اسم الله” iborasini uchratamiz: “…Maʼlum kunlarda rizq qilib bergan chorva hayvonlarini (soʻyishda) Allohning ismini zikr qilsinlar. Bas, ulardan yenglar va bechora, faqirlarga ham yegizinglar” (28-oyat), “.. Allohning ismini eslashlari uchun, qurbonlik qilishni joriy etganmiz” (34-oyat), “Ular Alloh zikr qilinganda qalblari titraydigan va oʻzlariga yetgan musibatga sabr qiluvchilar hamda namozni toʻkis ado etuvchilardir, ularga rizq qilib bergan narsalarimizdan infoq qiladilar” (35-oyat), “….Allohning nomi koʻp zikr qilinadigan ibodatxonalar, masjidlar vayron qilingan boʻlur edi” (40-oyat) [10:IV:31]. Yuqorida keltirilgan oyatlarda tasmiyaga bogʻliq hukmlar chiroyli tarzda aniq, bir-birini toʻldirgan holda bayon qilingan.
:بذكر الله Raʼd surasi 28-oyatda “اسم” ning oʻrniga “ذكر” soʻzi qoʻllanilgan: “Imon keltirganlar va Allohning zikri ila qalblari orom topganlar”. Bu Allohning zikri yoki Alloh ismini zikr qilish, deb sharhlangan.
: باسم ربك Alaq surasining ilk oyatida “Yaratgan Robbing nomi bilan oʻqi” kelgan. Alloh ismi“ربك“ ga oʻzgarganini koʻramiz. Asl maʼnosi Basmala bilan bir xildir. Undan tashqari boshqa koʻplab suralarda bu koʻrinish bilan keltirilgan. Masalan, Al-Haqqo surasining 52-oyatida: “Bas, ulugʻ Rabbingning ismini poklab yod et” [10:VI:249], deb marhamat qilgan.
بالله : Istiozada أعوذ بالله من الشيطان الرجيم (“Quvgʻin etilgan shayton (vasvasasi)dan Alloh panoh berishini soʻrayman”) بالله shakli qoʻllanilgan va maʼnosi “Alloh ismi bilan” deb tarjima qilingan.
الرحمان الرحيم : Allohning bu ikkala ismining birga ““بسم الله dan ayri holda – Fotiha surasining 3-oyatida: “U Rahmon va Rohimdir”; Baqara surasi 163-oyatida: “Va ilohingiz bir ilohdir. Rahmon va Rohiym boʻlmish Undan oʻzga ibodatga sazovor zot yoʻqdir” va Hashr surasining 22-oyatida: “…U mehribon va rahmlidir” deya zikr qilingan [10:VI:115]. Shuningdek, Qurʼoni karimda alohida Ar-Rohman nomli sura ham mavjud. Muhammad (s.a.v.): “Har bir narsaning kelini bor, Qurʼonning kelini “Ar-Rahmon” surasidir”, deganlar. Chunki, bu sura, xuddi kelinlar bezaklari ila boshqalardan farqlanib turganidek, oʻziga xos uslubi bilan boshqa suralardan ajralib turadi.
Demak, Basmala qanday shaklda kelishidan qatʼi nazar uning mohiyati va asosiy mazmuni: “Allohning ismini yod etish va Allohning rahmatini eslash”, deya taʼkidlanadi. Bu esa tasavvuf olamining asl maqsadidir. Misol tariqasida yuqoridagi qiyosiy tahlil va ishoriy tafsirlardan namunalar bunga asosdir.
Ikkinchi asosiy manba hadislardir. Muhammad (s.a.v.) Qurʼon asosida hayot kechirganliklari haqida koʻplab asarlar bitilgan. Jumhur ulamolar Muhammad (s.a.v.)ning sunnatlari ayni Alloh tomonidan kelgan Qurʼondagi hukmlarning amaldagi koʻrinishidir, deya eʼtirof etadi. Shunday ekan, Basmalani tadqiq qilishda ham hadislar juda katta ahamiyatga egadir. Misol uchun, Muhammad (s.a.v.): “Tasmiyasiz boshlangan ishning oxiri yoʻq”, deb aytgan mashhur hadislari hammaga maʼlumdir.
Basmalaning nozil boʻlishi haqida Ibn Umar (r.a)dan rivoyat qilingan hadisda Muhammad (s.a.v.) “Jabroil (a.s.) menga Alloh taolodan vahiy olib kelganida, avvalgi aytgan kalimasi “Bismillahir rohmanir rohim” boʻlar edi”, deb marhamat qilganlar. Bundan koʻrinadiki, Jabroil (a.s.)ning Muhammad (s.a.v.)ga oʻrgatgan ilk taʼlimi bu aynan tasmiyadir.
Keyingi hadis esa Jobir (r.a)dan rivoyat qilingan. Muhammad(s.a.v.) “Bismillahir rohmanir rohim”ning nozil boʻlishi haqida bunday deganlar: “Vaqtiki “Bismillahir rohmanir rohim” nozil boʻlganda maloikalardan iborat osmon ahli xursand boʻlib, shodlandilar. Uning nozil boʻlishi bilan Arsh titradi. U bilan mingta farishta nozil boʻldi”. Farishtalarni xursand qilgan va ularning yerga tushishiga sabab boʻlgan, shu bilan birga Alloh taoloning eng haybatli maxluqoti hisoblangan Arshni titratgan “Bismillah” lafzining fazilati naqadar ulugʻ ekanligiga dalil boʻladi.
Basmalaning fazilati toʻgʻrisida Ibn Masʼud (r.a)dan rivoyat qilingan hadisda: “Kimki doʻzaxning Zaboniya farishtalari changalidan omonda boʻlmoqni xohlasa, “Bismillahir rohmanir rohim”ni koʻp oʻqisin. Alloh taolo “Bismillahir rohmanir rohim”dagi har bir harfni har bir Zaboniya farishtaga qalqon qiladi”, deyilgan. Mazkur hadislardan shuni anglash mumkinki, kim “Bismillah”ni koʻp zikr qilar ekan, u albatta, dunyoda baxtli va oxiratda najot topuvchilardan boʻladi.
Ali ibn Abi Tolib (r.a.) esa tasmiya haqida bunday degan: “Bismillahir rohmanir rohim”ni chiroyli yozmoqlik yuzni chiroyli qilur. Undan tashqari Alloh taoloning nomi “Bismillahir rohmanir rohim” har bir kasallikka shifo, har bir dori-darmonga vositadir” [11:19].
Islom manbalarida tasmiyaning ahamiyati va fazilatini ochib beruvchi maʼlumotlar juda koʻp boʻlib, ularni anglash va toʻgʻri talqin qilish lozimdir.
Xulosa shuki, Basmala islom dinida katta ahamiyatga ega boʻlgan va manbalarda asosiy “kalit” vazifasini bajargan iboradir. Uning qiyosiy tahlilida iboraning har tomonlama ahamiyatli jihatlari ochib berildi va Basmalani tasavvuf olami bilan uygʻun holda anglash, uning mazmun-mohiyatini bilish uchun zamin boʻldi. Jumladan, Xoja Muhammad Porsoning “Tafsir” asaridagi sharhlar Basmalaning mazmun-mohiyati cheksizligidan, u biz bilmagan juda koʻp zohiriy va botiniy maʼnolarga ega ekanligidan dalolat beradi. Alloma Fayzul Qodir aytganidek: “Bismillahir rohmanir rohim” har qanday kitobning kalitidir”.
-
Мирзиёев Ш.М. Миллий тараққиёт йўлимизни қатъият билан давом эттириб, янги босқичга кўтарамиз. 1-жилд. – Т.: Ўзбекистон, 2017.
-
Бертельс Е.Э. Суфизм и суфийская литература. – М.: Наука, 1995.
-
Erkinov A. Matnshunoslik va manbashunoslik asoslari: oʻquv qoʻllanma. – T.: 2019.
-
Abdulqahhor Shoshiy. Avliyolar kitobi. – T.: Gʻafur Gʻulom, 2018.
-
Abdulhakim Yuce. Razinin tefsirinde tasavvuf. – Izmir.: 1996.
-
Xoja Muhammad Porso. OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshinoslik qoʻlyozmalar instituti. Qoʻlyozma № 2180.
-
Исмоилов М. Қадр сурасининг тасаввуфий тафсирлари // Ҳидоят, – T.: Shamsiddin Boboxon, 2021.
-
Ishari Tafsiri. Eksen Matbaacilik. Yeni Ufuklar neshriyati. – Istanbul, 1998.
-
Usmonov I., Saidova G. Movarounnahr turkiy tafsirlari tarixidan. – T.: 2012.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. I-VI juz – T.: Hilol Nashr, 2007.
-
Tafsiri Bahr. Qoʻlyozma kitoblar asosida Qurʼoni karim oyatlari maʼnolarining ilmiy-izohli tarjima va tafsirlari. Monografiya. TIU. – Toshkent, 2010