Bugungi kunda ilm rivojlanib, bilim olish vositalari koʻpaydi, ulardan turli uslub va maqsadlarda foydalanish ham keng ommalashdi. Ushbu vositalardan ustozsiz, tushunib-tushunmay maʼlumot olayotganlar ham koʻpayib ketdi. Xususan, diniy masalalarda, yanada aniqroq aytsak, aqidaviy va fiqhiy masalalarda boshqa mazhab yo oqimlar maʼlumotlarini, dalil va hukmlarini oʻqib, koʻr-koʻrona unga amal qilish anchagina xatarli ishlardan boʻlib qoldi. Bunday masalalarni, albatta, aniq, ishonchli, sinalgan ustozlardan oʻrganish kerak. Zero, diniy masalalarda adashish oqibatlari juda yomon ekanini ozgina islomdan xabari bor inson juda yaxshi biladi.
Ixtilofli masalalarda adashishning oldini olish va u haqda aniq, ilmiy javob berish maqsadida islom ummati tan olgan ulamolar kitoblaridan dalil keltiramiz. Bunda oʻtgan asr boshlarida yashagan alloma Anvar Shoh Kashmiriy (vaf. 1933)ning ixtilofli masalalarni qanday tushungani va ularga qay uslubda yechim izlaganini koʻrib oʻtamiz. Hind oʻlkasida oxirgi uch-toʻrt asrda yetishib chiqqan koʻpgina olimlarning islom ummati, islom dini, ilm-fan oldidagi yuksak xizmati barchaga maʼlum. Shunday olimlardan biri Anvar Shoh Kashmiriy boʻlib, bundan bir asr oldin Hindistonning Kashmir viloyatida yashab, ilmiy faoliyat olib borgan. Faqat oʻz yurti uchun emas, balki butun islom olami uchun xizmati qadrli sanaladigan bu olim fiqh, kalom, hadis, tafsir kabi yoʻnalishlarda koʻplab kitob yozgan. Kashmiriy “Asrining mujaddidi”, “Asrining imomi” kabi nomlar bilan mashhur boʻlgan. Ushbu alloma “Sihohi sitta”ga kiradigan “Olti sahih” kitobni, jumladan, ikki buyuk muhaddis vatandoshimiz Imom Buxoriy va Imom Termiziyning hadis kitoblari –“Sahihul Buxoriy” va “Sunani Termiziy”ni atroflicha sharhlagan. Uning yozgan sharhlari bir tomondan hanafiy mazhabi, moturidiy aqidasi asosida ekani uchun, ikkinchi tomondan hadislarga xolis baho berishi, mazhablar oʻrtasida ayirmachilik qilmasligi hamda boshqa mujtahid olimlar va ularning qarashlarini ham hurmat qilib yozilgani sababli boshqa sharh kitoblardan ajralib turadi.
Alloma Kashmiriyning hanafiy-moturidiy mazhabini rivojlantirish uchun qilgan saʼy-harakatlarini oʻrganish maqsadida quyidagi beshta fiqhiy masala misolida hadislarni qaysi uslublarda sharhlaganini va ular orqali mazhabini qanday asoslaganini tahlil qilamiz.
Dastlab tahoratda boshga masʼh tortish uchun olingan suv bilan quloqqa masʼh tortish haqidagi hadislarni qanday sharhlaganini koʻrib chiqamiz. Anvar Shoh Kashmiriyning hanafiylik mazhabini qoʻllab-quvvatlashini baʼzan bir qarashda kishi xayoliga kelmaydigan hadislarni dalil qilib keltirish bilan amalga oshirganini ham koʻrish mumkin. Bunga “Sunani Termiziy”da kelgan mana bu hadis misol boʻla oladi:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : » إِذَا تَوَضَّأَ الْعَبْدُ الْمُسْلِمُ – أَوِ : الْمُؤْمِنُ – فَغَسَلَ وَجْهَهُ خَرَجَتْ مِنْ وَجْهِهِ كُلُّ خَطِيئَةٍ نَظَرَ إِلَيْهَا بِعَيْنَيْهِ مَعَ الْمَاءِ – أَوْ : مَعَ آخِرِ قَطْرِ الْمَاءِ. أَوْ نَحْوَ هَذَا – وَإِذَا غَسَلَ يَدَيْهِ خَرَجَتْ مِنْ يَدَيْهِ كُلُّ خَطِيئَةٍ بَطَشَتْهَا يَدَاهُ مَعَ الْمَاءِ – أَوْ : مَعَ آخِرِ قَطْرِ الْمَاءِ – حَتَّى يَخْرُجَ نَقِيًّا مِنَ الذُّنُوبِ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhivasallam aytdilar: “Musulmon kishi tahorat olayotib yuzini yuvarkan, suvning oxirgi tomchilari oqishi bilan koʻzlari bilan qarab qilgan barcha xatolari yuzidan toʻkiladi. Qoʻllarini yuvganda qoʻllari bilan sodir etgan barcha xatolar qoʻllaridan oqayotgan soʻnggi tomchi suv bilan oqib ketadi” [2:92].
Kashmiriy bu hadisni qisqa ravishda zikr etgach, “Boshini masʼh qilgan vaqtda quloqlari bilan sodir etgan barcha xatolar toʻkiladi” degan ilovasini ham keltirgan va hanafiylarning bu boradagi fikrlarini quyidagicha bayon etgan: “Bu hadis shuni koʻrsatyaptiki, quloqlar boshning hukmi bilan bir xildir. Shu sabab hanafiylar aytganidek, boshga masʼh tortgandan soʻng quloqlarga masʼh tortish uchun yangi suv olish shart qilinmagan” [10:37].
Hanafiylar tahoratda quloqlar boshning hukmida ekanini dalil qilib, bosh uchun olingan suv bilan quloqqa masʼh tortishga kifoyalanib, yangi suv olmaslikni tavsiya etgan va buning uchun الاذنان من الراس– “Quloqlar boshdandir” [2:157; 3:49], degan hadisni dalil keltirgan. Kashmiriy esa, aslida tahorat fazilati haqida zikr etiladigan ushbu rivoyatni mazhabning foydasiga dalil sifatida keltirgan. Bu ham Kashmiriyning dalil keltirishdagi mahoratidan dalolat beradi.
Anvar Shoh Kashmiriyning mazhablar orasidagi ixtilofli masalalarda hanafiy mazhabining foydasiga dalil boʻla oladigan hadislarni izlab, uni tanlab olishiga yorqin bir misol sifatida imomning ortida iqtido qilib, namoz oʻqiyotgan jamoatning “Fotiha” surasini oʻqimaslik masalasidir. Mazhablar orasida ixtilofga sabab boʻlgan bu masala xususida koʻplab kitoblar yozilgan, shu jumladan, Imom Buxoriy “Al-qiroatu xalfal imom” nomli asar yozib, unda bu boradagi rivoyatlarni jamlagan.
Hanafiylar bu masalada imom ortida namoz oʻquvchi qiroat qilmay, jim turishini taʼkidlagan. Bunga qarshi shofeʼiylar farz namoz oʻquvchi muqtadiyga “Fotiha”ni oʻqishni farz qilgan va bu borada koʻplab kitob yozgan. Alloma Kashmiriy hanafiylarni qoʻllovchi hadislar ikki dona boʻlib, Buxoriy ularni kitobida keltirmagan, deb maʼlum qilgan [10:302]. Kashmiriy Imom Bayhaqiyning bir hanafiy olimga ushbu masalada tanqidi borligiga javoban mavzuga doir bir asar yozish zarurati bor deb hisoblagan. Masalani keng ravishda olgan Kashmiriy “Sunani Termiziy”ni sharhlashda oʻn toʻrt betda bu borada bahs yuritgan [10:302-316].
Anvar Shoh Kashmiriy Uboda ibn Somit roziyallohu anhu (vaf: 34/654) rivoyat qilgan الكتاببفاتحةيقرألملمنصلاةلا– “Fotihatul kitob”ni oʻqimaganning namozi yoʻqdir” [3:823] degan hadisni sharhlab, unda ikki masalaga urgʻu bergan:
Birinchisi “Fotiha”ning hukmi boʻlib, Kashmiriyning aytishi boʻyicha hanafiylarning nazdida namozda “Fotiha” surasini oʻqish vojib, qolgan uch mazhabda esa, rukn hisoblanadi.
Ikkinchi masala esa, jamoat imomning orqasida “Fotiha” surasini oʻqish yo oʻqimasligidir.
Kashmiriy ushbu hadis bilan birinchi masalani sharhlar ekan, hanafiylar qarashini qoʻllab quyidagi ikki rivoyatni dalil keltirgan: “Kim imomga iqtido qilsa, imomning qiroati unga ham qiroat hisoblanadi”. “Imom qiroat qilsa, jim turib, quloq soling” [11:168]. Soʻngra Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisni sharhlashga oʻtib, (صلاةلا) – “namozi yoʻqdir” ifodasini baʼzi hanafiylar aytganidek “mukammal namozi yoʻqdir” shaklida javob berishga qarshi chiqqan va quyidagi fikrni bildirgan: “Mening fikrimcha bunday javob qarshi taraf foydasiga eʼtiroz eshigini ochish sanaladi. Chunki “Fotiha”ni oʻqish bizda vojibdir. “Mukammal namozi yoʻqdir” degan javobga koʻra, namozda “Fotiha”ni oʻqish vojib emasligi kelib chiqadi. Zero, usul ulamolari aytganidek, subut jihatidanmi yo dalolati jihatidanmi zonniy boʻlgan bir hadis bilan vojiblik sobit boʻlmaydi” [9:385-386]. Yaʼni bir amalga vojib deyish uchun dalilining bizgacha yetib kelish darajasi va ushbu masalani qoʻllash kuchi oʻrtacha boʻlmasligi, balki kuchli dalillardan boʻlishi talab etiladi.
Koʻrinib turganidek, Kashmiriy usul qoidalarini ishlatib, koʻrinishda hanafiylar fatvosiga qarshi koʻringan bir hadisni hanafiylar dalillari tarkibiga olib kirgan. Shuningdek, صلاةلا (“La solata”) soʻzidan soʻng كاملة (“kamila”) soʻzini taqdir qilish, yaʼni bor deb faraz qilish arab tili nuqtayi nazaridan fasohatli gapirish boʻlmasligini, nahv – grammatika olimlari zarurat boʻlmasa, bu ishni ochiq ravishda qilmasligini aytib, oʻz fikrini bildirgan [10:263-254].
Anvar Shoh Kashmiriy “Muzzammil” surasidagi فاقرؤوا ما تيسر من القران “Qurʼondan muyassar boʻlganicha oʻqing” degan oyat bilan bahs qilinayotgan hadis oʻrtasida oʻzaro muvofiqlik borligini aytib, bu borada hanafiylarning qarashi nihoyatda toʻgʻri ekanini taʼkidlaydi va namozda oʻqiladigan “Fotiha” va zam suraga bir xil – vojiblik hukmini berish kerakligini uqtiradi. Kashmiriy shofeʼiylarning namozda “Fotiha” surasini qiroat qilish farz, zam surani sunnat deyishini tanqid qilgan. Namozda bu ikkisini oʻqish haqidagi hadislar xabari vohid, yaʼni bir rivoyat asosida yetib kelganini va bu holatda ikkisiga ikki xil hukm berish toʻgʻri emasligini taʼkidlaydi.
Xulosa qilib aytganda, hanafiylarning aytgani kabi umumiy maʼnoda namozda qiroat qilish oyat sababli farz, “Fotiha” va zam sura boʻlsa, xabari vohid bilan sobit boʻlgani uchun ikkisining hukmi vojib boʻlishi eng toʻgʻridir [9:394-395].
Shom namozining farzidan oldin ikki rakat namoz oʻqish. Avvalo, Kashmiriyning Abdulloh ibn Mugʻaffal (vaf:59/679)dan qilgan rivoyatini koʻrib chiqamiz. Bu rivoyat Alloma tomonidan hanafiylarning qarashlarini qoʻllab-quvvatlaganiga yaqqol misol boʻla oladi. Bu rivoyatga koʻra, Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) bunday deganlar: “Xohlagan kishiga azon va takbir oʻrtasida namoz bor” [1:157; 2:351]. Ahmad ibn Hanbal va Isʼhoq ibn Rohavayh kabi baʼzi mazhab imomlari hadisning umumiy maʼnosidan xulosa qilib, shom namozidan oldin ikki rakat namoz oʻqish mustahab amal degan boʻlsa, Imom Abu Hanifa bu namozga makruh deb hukm chiqargan. Tohoviy, Ayniy [4:178] kabi muhaddislar bilan bir qatorda Kashmiriy ham hanafiylarning bu qarashini toʻgʻri deb bilib, uni qoʻllab-quvvatlagan. Kashmiriy “Sunani Termiziy” sharhida bu rivoyatni shofeʼiylarning dalili ekanini aytib, hanafiylarning dalillarini zikr etgan va yuqoridagi hadisni taʼvil qilgan. Kashmiriy tomonidan “Arfush shaziy” asarida bu borada keltirilgan dalillar quyidagilardir:
- Sunnatga toʻlaqonli umrini bergan va har bir sunnatga amal qilib yurgan Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) bunday degan: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) zamonida hech kimning shomdan oldin ikki rakat namoz oʻqiganini koʻrmadim” [3:188]. Kashmiriy ushbu hadis sanadini “hasan” deb aytib, shunga koʻra hukm chiqargan.
- Kashmiriy “Sunani Abu Dovud”da kelgan hadisda Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): “Shom namozidan oldin ikki rakat namoz oʻqing” degandan keyin ikkinchi marta takrorlab turib, odamlarning bu namozni sunnat deb tushunmasligi uchun “xohlagan oʻqisin” [3:188] degan gapni qoʻshimcha qilishlaridan ham dalil sifatida foydalangan.
- Bazzor (vaf. 292/905) va Ibn Shohin (vaf. 385/996)ning bu rivoyatni nasx boʻlgan deganlarini ham dalil qilgan Kashmiriy hadisda kelgan “Shom namozi bundan mustasno” [5:303] degan gapni nosix deb taʼkidlagan.
- Shuningdek, Anvar Shoh bu hadisdan maqsad azon va iqomat orasida ikki rakat namoz oʻqigudek darajada vaqt oʻtishi kerakligini aytgan va bu borada Bazzorning “Musnad”ida kelgan “Har bir azon va iqomat oʻrtasida bir namoz bordir, shom namozi bundan mustasno”[5:303] degan hadisni dalil keltirgan.
Kashmiriy shu va shunga oʻxshash dalillar bilan shom namozidan oldin ikki rakat namoz oʻqish mustahab amal emasligini isbotlagan [201-202].
Bomdod namozi vaqti kirmasdan azon aytish. Mazhablar orasidagi ixtilof qilingan masalalardan yana biri bomdod vaqti kirishidan oldin azon aytish masalasidir. Hanafiylar nazdida bu amal joiz emas. Agar aytilgan boʻlsa, bomdod vaqti kirgach, qaytadan aytiladi. Hanafiylarning bu hukmiga qarshi koʻrinadigan baʼzi rivoyatlar bor. Jumladan, “Bilol kechasi azon aytadi, sizlar Abdulloh ibn Ummu Maktumning azonini eshitguningizcha yeb-ichavering” [1:156] degan hadis. Kashmiriy bu rivoyatning sharhida mazhablarning qarashlarini zikr etib, hijozliklar va shofeʼiylar nazdida subhi sodiqdan – bomdod vaqti kirishidan oldin azon aytish joizligini aytgan. Imom Abu Hanifa (vaf.150/767) va Imom Zufar (vaf.158/775) nazdida boshqa namozlarda boʻlgani kabi bunda ham vaqtidan oldin aytilgan azon joiz emas va u qaytariladi. Imom Abu Yusuf (vaf.182/798) dastlab joiz emas degan boʻlsa, imom Molik (vaf.179/795) bilan bahs-munozaradan keyin joizligiga fatvo bergan [10:216].
Kashmiriy yuqoridagi hadisga quyidagicha javob bergan:
“Azonni ikki marta aytishning sababi odamlarni saharlik qildirishdir”. Chunki “Sahihayn”da kelgan hadisda “Sizlardan biringizni Bilolning azoni saharlikdan qaytarmasin. Zero, u namoz oʻquvchi namozidan toʻxtashi va uxlagan uygʻonishi uchun azon aytadi” [1:156] deyilgan. Shunday ekan, azonni takroran aytish ramazon oyida boʻlishi kerak. Abdulmalik ibn Qatton Shofeʼiy (vaf.123/741) va Ibn Daqiqul Iyd (vaf.702/1302) buni ochiq ravishda bildirgan. “Shirʼatul islom” kitobida saharlik uchun azon aytish mustahabdir deb aytilgan. Bu kitobning muallifi Burhoniddin Margʻinoniy (vaf.593/1197)ning ustozi boʻlib, uning asari dalil sifatida qabul qilish mumkin boʻlgan eʼtiborli kitob sanaladi. Men shuni aytamanki, azonni takroran aytilishi butun yil davomida boʻlgan ish emas. Bu borada “Sharhu maonil osor” va “Nasbur roya” asarlarida koʻpgina dalil mavjud” [10:216-217].
Kashmiriy hanafiylar nazdida hadislarni mana shu uslub va yoʻllar bilan ham tushunish va amalga kiritishni koʻrsatib bergan. Yuqoridagi hadisni sharhlashda va tushunishda hanafiylar toʻgʻri yoʻlda ekanini yanada aniq isbotlash uchun Doroqutniy (vaf.385/996)ning “Sunan” nomli hadis asarida kelgan bir rivoyatni keltirgan. Ushbu hadisga koʻra, Madinaning toʻqqiz burchagida masjidlar faoliyat olib borgan va ular Bilolning azonini eshitishi bilan namozga turgan [6:458]. Bundan ham maʼlum boʻlmoqdaki, Bilolning bomdod vaqti kirishidan oldin aytgan azoni butun yil boʻyicha davom etmagan, aks holda ular saharlik qilishga kirishish oʻrniga, namozga turgan boʻlarmidi?! [9:218].
Namozning intiqol – bir holatdan boshqasiga koʻchishda aytiladigan takbirlar vaqtida qoʻllarni koʻtarish. Namozga kirishdagi birinchi takbir – takbiri tahrimani aytishda qoʻllarni koʻtarish kerakligi borasida barcha mazhab bir xil fikr bildirgan. Ammo ular ruku va sajdaga borishda qoʻllarni koʻtarish borasida ixtilof qilgan. Sahobalardan Umar (vaf.23/644), Ali (vaf.40/661), Ibn Masʼud (vaf.32/652), Ibn Umar (vaf.73/693), Ibn Abbos (vaf.66/686), Abu Hurayra (vaf.58/678) (roziyallohu anhum)dan, mazhab imomlaridan Imom Abu Hanifa va Sufyon Savriy (vaf.161/778)dan qoʻllarni koʻtarmaslik haqida rivoyatlar naql qilingan [7:354]. Qolgan imomlardan esa qoʻllarni koʻtarish haqidagi fikrlar yetib kelmagan [12:193].
Kashmiriy ushbu mavzuga atab “Naylul farqadayn fi rofʼil yadayn” kitobini va unga hoshiya – sharh sifatida “Bastul yadayn li naylil farqodayn” degan alohida asar yozgan. Shuningdek, “Sunani Termiziy”ni sharhlashda masalani kengroq yoritgan va mazhablar orasidagi farqlarni hamda ularning dalillarini bayon qilgan [9:451-501]. Masalaga tegishli hadislarni sharhlash jarayonida fiqhiy munozaralarni tilga olgan va har bir mazhabning dalillarini batafsil keltirgan, hatto mazhab imomlaridan turli qarashlar yetib kelgan boʻlsa, ularni ham erinmasdan keltirgan va bu bilan kuchli, aniq, ishonchli natijaga erishishga harakat qilgan.
Alloma Kashmiriy dastlab Imom Shofeʼiy va Ahmad Ibn Hanbalning namozda qoʻllarni koʻtarishga aloqador qarashlarini, soʻng imom Molikdan kelgan bir rivoyatga koʻra, uning Imom Abu Hanifa bilan bir xil fikrda ekaniga urgʻu bergan. Molikiy mazhabida aynan oʻsha rivoyatga asosan qoʻllar koʻtarilmasligini ham bayon etgan. Shundan soʻng rivoyatlarni sharhlashga kirishib, mavzuga daxldor barcha rivoyatlarni koʻrib chiqqan. Ular ichida ikki sajda orasida va uchinchi rakatga turishda ham qoʻllarni koʻtarishga tegishli rivoyatlar borligini, lekin shofeʼiylar nimagadir bularga amal qilmaganini bayon qilgan. Kashmiriy hanafiy mazhabi dalillariga oʻtishdan oldin, molikiylarning qarashlarini yana bir bor tilga olgan. Shu yerda u “Bidayatul mujtahid” asaridan rivoyatlarni naql qilib, Imom Molikning namozda qoʻllarni koʻtarmaslikni tarjih qilgani Madina ahlining amaliga asoslanganini aytib oʻtgan [9:454-455].
Xulosa sifatida Kashmiriy har ikki tarafning ishi ham mutavotir yoʻl bilan sobit boʻlganini, ularni inkor etish imkoni yoʻqligini taʼkidlab, oʻrtaga uchta ehtimolning yuzaga chiqqanini aytgan. Bular – qoʻllarni koʻtarmaslik (bu biz hanafiylarning tutgan yoʻlimiz); qoʻllarni koʻtarish; tarjih qilishga qoldirishdir. Kashmiriy qoʻllarni koʻtarmaslikka doir barcha marfuʼ hadislarni va koʻtarish haqida hech narsa deyilmagan rivoyatlarni bir joyga jamlaganda hanafiylarning dalillari nihoyatda koʻpayib ketishini aytgan [10:263]. Qoʻllarni koʻtarishga targʻib qilingan hadislarning sanadini tadqiq qilib, u sanadlarni tanqid qilgan [10:458]. Oxirgi natija va xulosa sifatida Kashmiriy quyidagilarni aytgan: “Bu masaladagi ixtilof afzaliyat, yaʼni eng yaxshirogʻini qilishga boʻlgan ixtilofdir. Hanafiylardagi qoʻllarni koʻtarish makruh degan qavl faqatgina “Munyatul musolliy” nomli fiqhiy kitobda ochiq ravishda keltirilgan. Manba sifatida keltiriladigan boshqa hanafiy kitoblarda esa, buning aksini koʻrish mumkin” [8:155].
Yuqoridagi namozga tegishli fiqhiy masalalarni oʻrganish natijasida shu narsa maʼlum boʻldiki, Anvar Shoh Kashmiriy hadislarni har tomonlama oʻrganib, soʻngra unga hukm bergan. Rivoyatlarni zohiriga qarab “bu olinmaydi” yoki “bu rivoyatda qaysidir kamchilik bor” deb qaytarmagan. Shuningdek, hadislarni batafsil oʻrganib, koʻrinishidan mazhabga muvofiq kelmaydiganlarini atroflicha tahlil qilgan. Boshqa ulamolar eʼtibordan chetda qoldirgan hadisni kerak boʻlsa, mazhabi uchun dalil qilib keltirgan. Bularning barchasi Anvar Shoh Kashmiriyning hadislarni anglash va mazhab bilan bogʻlashdagi mahoratidan dalolat beradi.
-
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Al-Jomeʼ as-sahih. – T.: Gʻafur Gʻulom. 1999. J:1.
-
Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra. Jomeʼut Termiziy. –Karotishiy, Pokiston: Maktabatul Bushro. 2012. J.1.
-
Abu Dovud Sulaymon ibn Ashʼas Sijistoniy Azdiy. Sunani Abu Dovud. – Bayrut, Dorul fikr, 1998.
-
Abu Muhammad Mahmud ibn Ahmad ibn Muso ibn Ahmad Badriddin Ayniy. Sunani Abu Dovud bi-sharhi Al-Ayniy. – Ar-Riyod: Maktabat ar-Rushd, 1999. J.V.
-
Abu Bakr Ahmad ibn Omir ibn Abdulxoliq al-Bazzor. Al-Bahr az-zahhor al-maʼruf bi-musnadi al-Bazzor. – Madina: Al-Maktabat al-ulum val hukm, 2009. J.X.
-
Abulhasan Ali ibn Umar ibn Ahmad ibn Mahdiy Doroqutniy. Sunani Doroqutniy. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 2011.
-
Abulhasan Ali ibn Xolaf ibn Abdulmalik ibn Battol Qurtubiy. Sharhu Sahih al-Buxoriy. Ar-Riyod, Maktabat ar-Rushd, 2008. J.II.
-
Ibrohim Anar. Anvar Shoh Kashmiriyning hadischiligi”. Karaman oʻgʻli Mehmetbey universiteti, ijtimoiy fanlar instituti. – Karaman., 2020.
-
Maorifus sunan. II. – Karotishiy, Pokiston., 1990.
-
Muhammad Anvar Shoh Kashmiriy. Arfush shaziy ʼala Jomiʼi Termiziy. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 2007. J. 1.
-
Muslim ibn Hajjoj Qushayriy Naysaburiy. Sahihi Muslim. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya. 1999.
-
Xattobiy. Maolimus sunan. – Halab: Matbaatul ilmiya. 1933. J. I.