Home / FOTO LAVHALAR / Kasbiga sodiq boʻlgan har bir fidoyi inson Vatan himoyachisidir!

Kasbiga sodiq boʻlgan har bir fidoyi inson Vatan himoyachisidir!

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Vatan himoyasi – muqaddas burch” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Markaz direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev tabrik soʻzida Vatan himoyasining nafaqat harbiy, balki maʼnaviy va fuqarolik jihatlariga ham alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi. Qayd etilganidek, har bir soha vakili kasbiga sodiq boʻlib, yurti shaʼni va ravnaqi uchun mehnat qilsa, oʻz ishining ustasi va fidoyisi boʻlsa, u albatta Vatan himoyachisidir.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar milliy gʻoya, tarixiy va diniy qadriyatlar, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Shiddat bilan oʻzgarib borayotgan globallashuv sharoitida fuqarolarning ongli va faol pozitsiyaga ega boʻlishini taʼminlash, el-yurt taqdiri uchun daxldorlik tuygʻusi va masʼuliyat hissini mustahkamlash, mafkuraviy tahdidlarga qarshi qatʼiy gʻoyaviy himoya toʻsigʻini shakllantirish zarurligi taʼkidlandi.

Ishtirokchilar Vatan himoyasi tushunchasi faqat harbiy xizmat bilan cheklanmasligini, balki har bir inson oʻz burchiga sidqidildan yondashib, yurtiga sodiq boʻlsagina, mamlakat ravnaqiga hissa qoʻsha olishini taʼkidlab oʻtdi. Bu fikrlarni tarixiy misollar, buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yoʻli va hikmatlari bilan tasdiqladi.

Bayramona ruhda va joʻshqinlik bilan oʻtgan tadbir ishtirokchilarda fidoyilik va yangicha shiddat bilan ishlashga, ilm-maʼrifat sohasidagi xizmatlari orqali Vatanning maʼnaviy muhofazasiga yanada koʻp hissa qoʻshish uchun doimo shay turishga ishtiyoq uygʻotdi.

Qatnashchilarga yangi chop etilgan Qurʼoni karim maʼnolarining izohli tarjimasi hadya qilindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Hijriy ilk uch asrda Samarqandda roviylik va isnod anʼanasi

📢 DIQQAT, E’LON! ✅ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va …