Home / MAQOLALAR / VATAN OSOYISHTALIGINI QOʻRIQLASH MUQADDAS BURCH

VATAN OSOYISHTALIGINI QOʻRIQLASH MUQADDAS BURCH

Barchamizga maʼlumki, har qanday taraqqiyot – u xoh diniy, xoh ijtimoiy, xoh iqtisodiy, xoh oilaviy boʻlsin, barchasining negizida bir narsa – tinchlik, xotirjamlik yotadi.

Bobo-momolarimiz duo qilganlarida: “Tani-sihatlik, xotirjamlik, dili begʻamlik bergin”, deb aytishadi. Chunki tinchlik – Alloh taoloning insoniyatga bergan ulkan neʼmatlardan biridir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham muborak hadislarida tinchlik-xotirjamlik ulkan neʼmat ekanligini taʼkidlab bunday deydilar:

يقول النبي ﷺ: نعمتان مغبون فيهما كثير من الناس: الصحة، والفراغ

“Ikki neʼmat borki, koʻpchilik odamlar undan mahrumdirlar: sihat-salomatlik va tinchlik-xotirjamlik”

Albatta, har bir hurfikr inson bu neʼmat shukrini qilmogʻi lozim. Ayrim neʼmatlar borki, ularning shukri “Alhamdulillah” deyish bilan ado boʻladi, ammo tinchlik neʼmatining shukri “Alhamdulillah” deyish bilan ado boʻlmaydi. Bu neʼmatni asrab turish uchun har bir jabhada, avvalo maʼrifat sohasida kurashmoq kerak.

Tinchlik-xotirjamlikni bizga taʼmin qilib beradigan, osoyishta yashashimizga oʻzining beqiyos hissasini qoʻshayotgan kasb egalari borki, ularning xizmatlarini, yon davlatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini tiklab, dunyoning siyosiy maydonida mohirona diplomatik munosabatlarni amalga oshirib kelayotgan hukumatimiz rahbarlarining xizmatini alohida eʼtirof etmogʻimiz kerak.

Alhamdulillah, Vatanimiz sarhadlarini, hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini kecha-yu kunduz taʼminlab turgan Milliy Armiyamiz – Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari mavjud. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول: رباطُ يومٍ فى سبيل الله أفضلُ من شهْرٍ صيامه و قيمه

“Alloh roziligi uchun bir kecha-kunduz Vatan sarhadini qoʻriqlash bir oylik kunduzlari roʻza tutib, kechalarini ibodat bilan qoim oʻtkazganning savobidan afzalroqdir”, deganlar.

أنَّ رَسولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ قالَ: رِبَاطُ يَومٍ في سَبيلِ اللَّهِ خَيْرٌ مِنَ الدُّنْيَا وما عَلَيْهَا

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh roziligi uchun bir kecha-kunduz Vatan sarhadini qoʻriqlash dunyo va undagi barcha narsadan yaxshiroqdir”, dedilar.

Shuningdek, boshqa hadisda:

رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول: عَيْنَانِ لَا تَمَسُّهُمَا النَّارُ: عَيْنٌ بَكَتْ مِنْ خَشْيَةِ الله، وَعَيْنٌ بَاتَتْ تَحْرُسُ فِي سَبِيلِ الله

“Doʻzaxda azoblanmaydigan ikki koʻz (egalari) bor: Alloh taolodan qoʻrqib yigʻlaydigan koʻz va Alloh roziligi yoʻlida mijja qoqmay kechani qoʻriqchilik qilib oʻtkazgan koʻz”, deb Alloh yoʻlida fuqarolar tinchligini, Vatan sarhadlarini qoʻriqlashning ajr-savobi naqadar buyuk ekanini, bu xizmatda tunni bedor oʻtkazganlar uchun ulkan ajr – doʻzax oʻtidan omonlik berilishini mujda berdilar.

Afsuski, mamlakatimizning tinchligini koʻrolmaydigan toifalar ham bor. Ularning ayrimlari siyosiy maqsadlarini amalga oshirish uchun “inson huquqlari”, “demokratiya” kabi soʻzlarni oʻzlariga qalqon qilib, mamlakatda fitna qoʻzgʻashga harakat qilsalar, ayrimlari muqaddas dinimizning muqaddas shiorlarini oʻz maqsadlari uchun qalqon qilib, jamiyatda fitna urugʻini sepishga harakat qilmoqda. Holbuki, Alloh taolo Oʻzining Kalomi sharifida bunday marhamat qiladi:

﴿وَالفِتْنَةُ أشَدّ مِنَ القَتْل﴾

“Fitna odam oʻldirmoqdan koʻra gunohi ogʻirroqdir”. (Baqara surasi, 191-oyat.)

Bir hududda fitna olovini yoqishning gunohi odam oʻldirganning gunohidan ogʻirroq ekan. Chunki qotilning zarari bir insonning umrini zavol qilish bilan toʻxtaydi, ammo fitnachining fitnasi ortidan keladigan zarar yillar oʻtsa-da toʻxtamaydi. Shuningdek, boshqa oyatda:

﴿إنَّ الصَّلاةَ تَنْهَى عَنِ الْفَعْشَاءِ وَ الْمُنْكَرِ﴾

“Namoz fahsh va munkar (gunoh) ishlardan qaytarur”, (Ankabut surasi, 45-oyat.) deb marhamat qiladi.

Agar iymonimiz, ibodatlarimiz bizlarni fahsh-munkar sanalgan amallardan, jamiyat ichida fitna qoʻzgʻaydigan harakatlardan qaytarmas ekan, unda imonli ekanligimizda, ibodatlarimizning maqbul boʻlishida shubha bor.

Darhaqiqat, mamlakatimiz tinchlik va oʻzaro hurmat siyosatini olib borib, oʻz hududida va qoʻshni davlatlar hududida tinchlikni asrash uchun ulkan ishlarni amalga oshirmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan aholi tinch-totuv umrguzaronlik qilib, oʻz kundalik tashvishlari bilan band.

Ulugʻ shayx Alixon Toʻra Sogʻuniy rahmatullohi alayh aytadilar: Toʻrt narsa insoniylik sharafi va uning iqboli butunligidan dalolatdir: 1) Ozodlik, hurlik va erkinlik; 2) Mehnat bilan topilgan boylikka oʻzi egalik qilishi; 3) Tugʻilib oʻsgan ona vatanida istiqomat qilishi; 4) Pokiza va muqaddas haq din Islomga eʼtiqod qilmogʻi.

Alixon Toʻra Sogʻuniyga koʻra mana shu toʻrt narsa kimda boʻlsa, demak oʻsha inson baxtlidir, saodatlidir. Ushbu mezonga koʻra Oʻzbekiston xalqi ham tom maʼnoda baxtlidir. Aziz vatandoshlar, 14-yanvar – mamlakatimiz uchun eng muhim bayram – Vatan himoyachilari kuni. Bu bayram bilan Vatan himoyasiga oʻz hissasini qoʻshayotgan barcha yurtdoshlarimizni muborakbod etamiz. Alloh taolo Vatanimiz va dunyoda tinchlik-xotirjamlikni, osuda hayotni barqaror qilsin!

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

XX ASR 20-YILLARIDA OʻZBEKISTON TAʼLIM TIZIMI TARIXSHUNOSLIGI

Kirish. Dunyoning koʻplab ilmiy-tadqiqot markazlarida Oʻzbekiston maorif tizimining XX asr 20-yillari tarixini oʻrganish boʻyicha ilmiy …