Home / MAQOLALAR / TOBEIN MUHADDISLARNING MASLAKLARI 4-QISM

TOBEIN MUHADDISLARNING MASLAKLARI 4-QISM

Solim ibn Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu

Hazrati Usmonning xalifaligi davrida tugʻilgan[1]. Otasi Abdulloh ibn Umar, amakisi Zayd ibn Xattob, Hazrati Oysha, Abu Ayyub Ansoriy, Abu Hurayra, Abu Luboba Ansoriy va Said ibn Musayyab roziyallohu anhum kabi koʻp kishilardan hadis rivoyat qilgan[2].

Zohidona hayot kechirgan, davlat rahbarlari tomonidan berilgan sovgʻalarni qabul qilmagan[3]. Bozordan nimalardir sotib olib, shu bilan oldi-sotdi qilgani rivoyat qilinadi[4]. Shuningdek, Umar ibn Abdulaziz (r.a.)ning Madina voliyligi davrida maslahat kengashida faoliyat koʻrsatgan[5].

106/725-yili Madinada vafot etgan[6].

 

Sulaymon ibn Yasor roziyallohu anhu

34/654-yilda tugʻilgan. Koʻp sonli hadis rivoyat qilgan siqa (ishonchli) roviydir[7]. Zayd ibn Sobit, Ibn Abbos, Abu Hurayra, Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhum kabi sahobalardan hadis rivoyat qilgan[8].

Umar ibn Abdulaziz (r.a.) Madina voliysi sifatida faoliyat olib borganida Sulaymonni Madina bozoriga masʼul etib tayinlagan[9]. Bundan tashqari, u Umar ibn Abdulazizning maslahat kengashida ishtirok etgan[10].

107/725-yili[11], 73 yoshida vafot etgan.

 

Bakr ibn Abdulloh Muzaniy roziyallohu anhu

Tugʻilgan yili haqida maʼlumot mavjud emas. Basralik[12]. Anas ibn Molik, Ibn Abbos, Ibn Umar, Mugʻiyra ibn Shuʼba, Hasan Basriy, Urva ibn Mugʻiyra ibn Shuʼba roziyallohu anhum kabi sahoba va tobeinlardan hadis rivoyat qilgan[13].

Muzaniyning onasi va rafiqasi boy odamlar boʻlgan. Uning ham ahvoli yaxshi boʻlib, hatto kiygan kiyimining qiymati 4000 dirham deb baholangan. Boylar kabi kiyinar, ammo kambagʻallar bilan suhbatlashib, ularning koʻnglini olgan[14].

108/726-yili vafot etgan. 106-yilda vafot etganiga doir rivoyatlar ham mavjud[15].

 

Hasan Basriy roziyallohu anhu

Hazrati Umarning xalifaligi tugashidan ikki yil oldin, 21/642-yili tugʻilgan[16]. Imron ibn Husayn, Mugʻiyra ibn Shuʼba, Abdurahmon ibn Samura ibn Jundub, Nuʼmon ibn Bashir, Ibn Abbos va Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhum kabi shaxslardan hadis rivoyat qilgan[17].

Xuroson voliysi Robiʼ ibn Ziyod (r.a.)ning kotibligini qilgan[18]. Basra voliysi Sulaymon ibn Harb (r.a.) davrida Basra qoziligi vazifasida ishlagan[19].

110/728-yili Rajab oyida[20] 89 yoshida vafot etgan.

 

Ibn Siriyn roziyallohu anhu

Hazrati Usmonning xalifaligi tugashidan ikki yil oldin, 34/654-yili tugʻilgan[21]. Anas ibn Molik, Zayd ibn Sobit, Hazrati Hasan, Huzayfa ibn Yaman, Ibn Abbos va Ibn Umar roziyallohu anhum kabi shaxslardan hadis rivoyat qilgan[22].

Hukm chiqarish, faroiz (meros) va hisob ishlari boʻyicha mutaxassis boʻlgan. Roʻzgʻori taʼminoti uchun savdo bilan shugʻullangan[23]. Rivoyatlarga koʻra, savdo uchun 40,000 dirhamga sotib olgan yogʻning ichiga sichqon tushib ketgach, hammasini toʻkib yuborgan va katta zarar koʻrgan. Qarzi boʻlgan Ibn Siriyn shu sababli qarzini toʻlay olmagach, qamoqqa tushgan[24].

110/729-yili tugʻilgan joyi Basrada[25], 76 yoshida vafot etgan.

[1] Zahabiy. Siyar. J. 4. – B. 458.
[2] Zahabiy. Siyar. J. 4. – B. 458.
[3] Ibnul Javziy. Muntazam. J. 7. – B. 114.
[4] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 69.
[5] Said Kaya. Solim ibn Abdulloh ibn Umar. TDIE. J. 36. – B. 47.
[6] Zirikliy. Aʼlom. J. 3. – B. 71.
[7] Zirikliy. Aʼlom. J. 3. – B. 138.
[8] Zahabiy. Siyar. J. 4. – B. 444.
[9] Ibn Asokir. Tarix. J. 72. – B. 227.
[10] Çeker. Sulaymon ibn Yasor. TDIE. – B. 110.
[11] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 70.
[12] Samʼoniy. Ansob. J. 12. – B. 230.
[13] Ibn Hajar. Tahzib. J. 1. – B. 484.
[14] Zahabiy. Siyar. J. 4. – B. 534.
[15] Ibn Hibbon. Siqot. J. 4. – B. 74.
[16] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 7. – B. 115.
[17] Zahabiy. Siyar. J. 4. – B. 565.
[18] Zahabiy. Tazkira. J. 1. – B. 157.
[19] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 7. – B. 116.
[20] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 7. – B. 132.
[21] Ibn Saʼd. Tabaqot. J. 7. – B. 143.
[22] Ibn Hajar. Tahzib. J. 9. – B. 214.
[23] Buxoriy. Tarix. J. 1. – B. 91.
[24] Ibnul Javziy. Muntazam. J. 7. – B. 139.
[25] Zirikliy. Aʼlom. J. 6. – B. 154.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

ILLATGA YAQINLASHISH ILLATGA ELTADI

Islom poklik dinidir. Buzuqlik keskin taʼqiqlangan gunohlardan sanaladi. U insonning ruhiy tinchligini yoʻqotadigan razolatdir. Shuningdek, …