Home / ALLOMALAR / IMOM DORIMIYNING MOVAROUNNAHR HADIS ILMI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

IMOM DORIMIYNING MOVAROUNNAHR HADIS ILMI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Bugungi kunda inson ruhiy-maʼnaviy kamolotining ilmiy manbai boʻlgan hadisshunoslik faniga qiziqish tobora ortmoqda. Bunda keyingi yillarda islom ilmlarining oltin davrida yashab ijod qilgan allomalar merosini oʻrganishga keng yoʻl ochilgani muhim omil boʻlmoqda. Shu bois boʻlsa kerak, xalqimizning hozirgi taraqqiyot bosqichida oʻsha davr allomalarining asarlarida nozik nuqtalar bilan ifodalangan durdonalarni oʻrganish tadqiqotchilarning muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bunday yuksak ilm sohiblari orasida Movarounnahrda yashab ijod etgan yetuk muhaddis alloma, tafsir, hadis kabi fanlarning asoschilaridan biri Imom Dorimiy alohida oʻrin tutadi. Uning shoh asari boʻlmish “Sunan” faqat nodir meros emas, balki “Kutubi tisʼa”, yaʼni “Toʻqqiz kitob” deb ataluvchi eng ishonchli hadis toʻplamlaridan biri sifatida gʻoyat qadrlidir.

Imom Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdulloh Abu Muhammad Tamimiy Dorimiy Samarqandiy 181/797-yili Samarqandda tavallud topgan. Bu sananing eʼtibor tortadigan jihati bor – xuddi shu yili yirik muhaddis Abdulloh ibn Muborak Marvaziy vafot etgan. Manbalarda shu sababli Imom Dorimiyga Abdulloh deb ism qoʻyilgani qayd etiladi. Jumladan, buyuk olim Isʼhoq ibn Ibrohim Varroq bunday deydi: “Men Dorimiyning: “181/797-yilda, yaʼni Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh vafot etgan yili tugʻilganman” deganini eshitganman”.

Muhaddisning bobosi Bani Tamim qabilasi mavlosi va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning kotiblaridan biri boʻlgan Dorim ibn Molik ibn Hanzala ibn Zayd Manot ibn Tamimga bogʻlangani uchun allomaga Dorimiy nisbasi berilgan. Oʻsha davrda olimlarga otasi yo bobosining ismi yoki tugʻilgan joyining nomi yoki ustozining ismi bilan nisbat berish odat boʻlgan.

Allomaning toʻliq ismi – Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon Tamimiy Dorimiy Samarqandiy rahimahulloh. U “Naqz” va “Musnadul kabir” asarlari sohibi hofiz Usmon ibn Said Dorimiy emas, balki uning zamondoshidir.

Alloma hifzu xotirasi, ilm yoʻlida safarda boʻlishi va ilmiy mahorati bilan tanilgan. Xatib Bagʻdodiy rahimahulloh: “Hadis borasida safar qilganlardan biri, hadisni xotirasida saqlab qolish, jamlash, mahoratlilardan oʻziga ishonch, sidqidillik, taqvo va soʻfiylik bilan sifatlanganlardan biri edi. Diyonati, halimligi va dinda hushyorligi bilan zarbulmasal qilingan”, deydi [3:26].

Imom Dorimiy hadis ilmining sultoni Imom Buxoriydan oʻn uch yosh katta boʻlgan. Ular bir zamonda (IX asr) yashab, hadis toʻplagan, kitobat qilgan. Albatta, bu ikki buyuk muhaddis bir-birini tanigan, yaqin ilmiy munosabatda boʻlgan.

Imom Dorimiy Imom Muslim, Abu Dovud va Termiziy kabi muhaddis ulamolarga ustozlik qilgan. Shuning oʻzi allomaning qanday mavqega ega boʻlgani toʻgʻrisida yorqin tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Imom Dorimiy oʻz zamonasining ham hadis, ham fiqh sohasida faoliyat koʻrsatgan eng mashhur olimlaridan boʻlgan. Dunyoqarashi murakkab siyosiy, diniy va ijtimoiy muhitda shakllangan boʻlsa, ilmiy faoliyati har xil soxta, toʻqima hadislar tarqalgan davrda, turli firqa va oqimlar oʻrtasidagi bahs-munozaralar avj olgan paytda kechgan. Asosan mana shu omillar olimni ishonchli hadislarni jamlashga, bu gʻoyat masʼuliyatli ishga chuqur mulohaza, oʻta sinchkovlik bilan, tanqidiy va tahliliy yondashishga yetaklagan.

“Ciyar aʼlamin nubalo”, “Tabaqotul huffoz” va “Aʼlom” asarlarida Imom Dorimiy Movarounnahrning eng yirik muhaddislaridan biri sifatida eʼtirof etilgan.

Taniqli olimlar Imom Dorimiy haqida quyidagicha fikr bildirgan: “Hofizul hadis Abu Quraysh rahmatullohi alayhi muhaddis haqida bunday deydi: “Men Muhammad ibn Bashshorning: “Dunyoda toʻrt buyuk hofiz (juda koʻp hadis yod olgan muhaddis) bor. Birinchisi – Abu Zurʼa, ikkinchisi – nishopurlik Imom Muslim, uchinchisi – samarqandlik Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy, toʻrtinchisi – buxorolik Imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriy”, deganini eshitganman”.

Muhammad ibn Ibrohim Sheroziy aytadi: “Ibn Abdurahmon Dorimiy aql-idrokda, dinu diyonatda yetuk kishi edi. U zotning hadis va turli darslarni yodlashdagi quvvai hofizasi, halimligi, komil moʻminga xos ibodati, zohidligi va hadis ilmi sohibiga xos ziyrak-bilimdonligi zarbulmasal qilingandir”. Yana shu roviy: “Imom Dorimiyning hadis, tafsir, fiqhga oid va boshqa ilmiy ishlari hali u Samarqandda paytidayoq maʼlum va mashhur edi. Soʻng Xurosonda, undan keyin Shom, Iroq, Makkai mukarrama, Madinai munavvara va Misrdagi ulamolar huzurida boʻlib, hadis, tafsir va fiqh ilmlarini oʻrgangan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni u zotning hadislariga qoʻshilgan yolgʻonlardan qoʻriqlovchilar qatorida boʻlib, buyuk muhaddis, komil mufassir va faqih olim edi”, deb aytadi [3:5].

Abu Hotim Muhammad ibn Hibbon Samarqandiy: “Imom Dorimiy ilmda oʻz zamonasining yetuk peshvosi edi. Ibn Abdurahmon bekamu koʻst hofizlardan boʻlib, taqvo ahlidan sanalgan. Qurʼoni karim va hadisi shariflarni yod olgan, yozib jamlagan, dinda faqih olim darajasiga yetgan, bir qancha kitoblar tasnif etgan, tinglovchi muxlislarga hadis aytgan. Alloma oʻz ona shahri Samarqandda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini joriy qilgan ulugʻ kishilardan boʻlib, moʻminlarni sunnatga amal qilishga chaqirgan va shariat toptalgan joylarda uni himoya qilgan. Shariatga xilof ish qilganlarni toʻgʻri yoʻlga solish maqsadida baʼzi bir loqayd kimsalarga munosib raddiyalar bera olgan zot edi”, deb taʼrif bergan.

Muhammad ibn Abdulloh ibn Numayr: “Bu zot hifz va taqvoda bizdan oʻzib ketgan”, deb aytadi.

Isʼhoq ibn Rohavayh: “Bagʻdodda Muhammad ibn Abdulloh ibn Mubarrad Mahromiyning bunday murojaatini eshitdim: “Ey Xuroson ahli, toki orangizda Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy bor ekan, boshqa muhaddislar bilan mashgʻul boʻlishning hojati yoʻqdir”, degan.

Bandorning zikr qilishicha: “Dunyoning hofizlari toʻrt kishi: Muhammad ibn Ismoil Buxoriy, Muslim ibn Hajjoj Naysoburiy, Abu Zurʼa Roziy va Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy Samarqandiydir”.

Navaviy: “Oʻz zamonasining hofizlaridan boʻlib, hadis yod olish va husni fazilatda unga tenglashadigani kam edi”, deydi.

Bulardan boshqa koʻplab ulamolar ham uning aql-zakovati, odob-axloqi va ilmini vasf qilgan.

Imom Dorimiy hayoti davomida bir necha asarlar yozgan boʻlib, ilmiy-maʼnaviy merosini “Musnad”, “Tafsir”, “Jomiʼ”, “Sulosiyot fil hadis”, “Kitob sunna fil hadis” va “Kitob savmul mustahazot val mutaxayyirot” kabi asarlari tashkil qiladi. Allomaning eng mashhur asari “Musnad” (lugʻaviy maʼnosi – “Tayanch” yoki “Sanadli hadislar toʻplami”) boʻlib, “Sunani Dorimiy” nomi bilan mashhur. Eʼtiborli tomoni shundaki, Imom Buxoriy, Imom Muslim, Abu Dovud Sijistoniy, Imom Termiziy, Ibn Moja va boshqa koʻplab boshqa muhaddislar oʻz asarlarida Imom Dorimiyning “Sunan”idagi hadislarni keltirgan. Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Hovlisida xurmo daraxti bor xonadon ahli hech qachon och qolmaydi” yoki “Sirka – eng yaxshi nonxurush (hazm qiluvchi vosita)dir” degan soʻzlarini yuqorida zikr etilgan koʻpchilik muhaddislar Imom Dorimiydan rivoyat qilgan.

Imom Dorimiyning vafot sanasi va dafn etilgan joyi haqida turlicha maʼlumotlar mavjud. Biroq aksariyat ishonchli manbalarda, jumladan, Xatib Bagʻdodiy, Abu Hafs Nasafiy, Shamsuddin Zahabiy kabi olimlarning taʼkidlashicha, Imom Dorimiy 255/869-yili 75 yoshida vafot etib, Arafa (zulhijja oyining toʻqqizinchi, juma) kuni dafn etilgani qayd qilinadi. Shuningdek, Hofiz Ahmad ibn Sayyor Marvaziyning aytishicha: “Dorimiy yetmish besh yoshda, 255/869-yil zulhijja oyining tarviya (sakkizinchi) kuni, asr namozidan soʻng dorul fanodan dorul baqoga rihlat qilib, arafa (juma) kuni dafn qilingan” [1:7].

Imom Dorimiy oʻz davrida hadis ilmining eng buyuk imomlaridan biri boʻlganini faxr va fazl bilan tilga olmoq darkor. Darhaqiqat, oʻsha davr imomlaridan baʼzilari uning bevosita shogirdlari boʻlgan, masalan:
– Imom Muslim ibn Hajjoj Nishopuriy (vaf. 875-y.) “Sahihi Muslim” kitobida yetmishdan ortiq oʻrinda undan hadis rivoyat qilgan.
– Imom Muhammad ibn Iso Abu Iso Termiziy (vaf. 892-y.) “Sunan” kitobida ellikdan ortiq oʻrinda undan hadis rivoyat qilgan.
– Imom Sulaymon ibn Ashʼas Abu Dovud Sijistoniy (vaf. 889-y.) oʻz “Sunan”ida bir qancha oʻrinlarda undan rivoyat qilgan.
Imom Buxoriyning ham Imom Dorimiydan hadis rivoyat qilganini Imom Termiziy “Sunan”ining oxirida aytib oʻtgan [3:23].

Dorimiyning hadis kitobiga kelsak, u sunnati nabaviyani jamlagan kitoblar orasida alohida oʻrin tutadi. Imom Jaloliddin Suyutiy va boshqa bir qancha ulamolar uni haqli ravishda sahih deb atagan. Imom Ibn Hajar “Sunan Ibn Moja”dan koʻra Imom Dorimiyning kitobini “Olti eng ishonchli kitob”ning oltinchisi deb hisoblash maʼqul, ekanini taʼkidlagan. Bu esa uning hadisi sharif kitoblari orasida yuksak mavqega ega ekanidan dalolat beradi.

Asar nabaviy moʻjizalar bilan toʻldirilgan. Shuningdek, ishonchliligi, ilm fazli va yuksak odob-axloqi baʼzi fazilatlari bilan ajralib turadi. Asar sharhlashga, izohlashga va tolibi ilmlar orasida yoyishga munosibdir.

Asarni fiqhiy boblarga boʻlinadigan sunan kitoblariga muvofiq tuzgan. Asar kitoblar va boblar uslubiga asoslangan. Asarni nabaviy siyratlar va moʻjizalar, sunnatga amal qilish, yoshlarning odob-axloqi va ilmning fazilati haqidagi bir necha bobni oʻz ichiga olgan muqaddima bilan taqdim etgan. Soʻng odatiy tartibda “Poklanish” kitobi bilan boshlab, “Namoz”, “Zakot”, “Roʻza”, “Haj” kitoblari bilan davom ettirgan, soʻngida “Qurʼonning fazilatlari” kitobi bilan tugatgan. Marfuʼ, mavquf, maqtuʼ, muttasil, munqatiʼ, sahih va zaif hadislarni iqtibos qilgan. Bularning hammasi rivoyat sanadi bilan, sanadlari tanqid qilinmaydigan holda bayon qilingan.

Navaviy, Ibn Saloh va Aloiy rahimahumulloh kabi baʼzi allomalar sanadlarining kuchli va roviylarining afzalligi bois Dorimiyning “Sunan” asarini Ibn Mojaning “Sunan”idan yuqori qoʻygan.

Ibn Hajar rahimahulloh: “Sunan” kitobi “Musnadi Dorimiy” deb nomlangan. Ammo u martaba jihatidan “sunan”dan quyi emas. Balki beshinchi boʻlib qoʻshilsa, Ibn Mojadan avloroq boʻladi. Chunki unda koʻproq hadis keltirilgan”, degan.

Abu Hotim Muhammad ibn Hibbon rahimahulloh: “Imom Dorimiy ilmda oʻz zamonasining peshvosi edi. Ibn Abdurahmon bekamu koʻst hofizlardan boʻlib, taqvo ahlidan sanalgan. Qurʼoni karim va hadisi shariflarni yod olgan, yozib jamlagan, dinda faqih olim darajasiga yetgan, bir qancha kitoblar tasnif etgan, tinglovchi muxlislarga hadis aytgan. Alloma oʻz ona shahri Samarqandda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini joriy qilgan ulugʻ kishilardan boʻlib, moʻminlarni sunnatga amal qilishga daʼvat qilgan… Shariatga xilof ish qilganlarni toʻgʻri yoʻlga solish maqsadida baʼzi bir loqayd kimsalarga munosib raddiya bera olgan zot edi”, deb yozgan.

Shayx Abdulhay Kattoniy: “Uning sanadi yuqori darajada turadigan sulosiyot hadislari ham boʻlib, Buxoriyning sulosiyotlaridan ham koʻpdir”, degan.

“Ciyar aʼlamin nubalo”, “Tabaqotul huffoz” va “Aʼlom” asarlarida Imom Dorimiy Movarounnahrning eng yirik muhaddislaridan biri sifatida eʼtirof etilgan.

“Sunan”ning 1986-yilda Favoz Ahmad Zumariy va Xolid Sabʼa Aʼlamiy tomonidan Bayrutdagi “Dorul kitobul arabiy” matbaa uyida chop etilgan zamonaviy nashrida hadislar, boblar va kitoblarga raqamlar qoʻyilib, mundarija ishlab chiqilgan.

Taʼkidlanganidek, Imom Dorimiyning eng mashhur kitoblaridan biri “Sunani Dorimiy” boʻlib, uni Dorimiy asarlarining durdonasi, javohiri, deb atashadi. U haqli ravishda “Olti sahih”ning biri deb ham yuritiladi [6].

Abu Fazl Muhammad ibn Tohir Maqdisiy (448/1056-508/1114) “Atroful kutubis sitta” kitobida Imom ibn Mojaning “Sunan”idagi hadislar besh “Sahih”dagilardan 1339 taga ziyodaligini hisobga olib, Imom ibn Mojani oltinchi oʻringa qoʻygan. Keyingi baʼzi ulamolar ham shun­ga ergashgan. Lekin Shayx Salohiddin Aʼloiy aytadi: “Imom Dorimiyning “Musnad”ini Ibn Moja “Sunani” oʻrniga qoʻyilsa, eng maʼqul ish boʻlur edi”. Shayx Abulhaq Dehlaviy (1551-1642) shu fikrni hujjat bilan isbotlab: “Baʼzi ulamolar fikr yuritib, Imom Dorimiyning “Sunani” oltinchi sahih kitob boʻlishi afzalroqligini, chunki undagi rivoyatlar isnodida zaif kishilar ozligi, inkor qilingan soʻzlar kamyobligi, isnodlarning ishonchliligi va hatto sulosiy (sanadi uch roviyli) hadislari Imom Buxoriyning “Sahih”idagilardan koʻproq ekanini aytadi”, deb taʼkidlaydi.

Imom Dorimiyning “Musnadi” musulmon kishining shaxsiy va ijtimoiy hayotida uchraydigan deyarli barcha holat (masala)larni oʻz ichiga olgan keng qamrovli asardir. Olimlar “Sunan”ning nomlanishiga turlicha munosabat bildirgan. Hofiz Iroqiy va Imom Zahabiy asardagi barcha hadislar mukammal isnod bilan berilgani uchun – “Musnad”, Alouddin Mugʻultoiy hadislarning ishonchliligi darajasidan kelib chiqqan holda – “Sahih”, Ibn Hajar Asqaloniy va Suyutiy kabi ulamolar fiqhiy hadislar toʻplami boʻlgani bois – “Sunan” deb ataydi. Biroq ayrim tadqiqotchilar muallif oʻz asarini umumiy nom bilan ataganini taxmin qiladi [2:14].

Kitob fiqhiy boblarga boʻlib yozilgani, toʻplamda turli (marfuʼ, mavquf, maqtuʼ) hadislar mavjudligini eʼtiborga olib, uni “Sunan” deb atash tarafdori boʻlgan ulamolar koʻpchilikni tashkil etadi. Shunday boʻlsa-da, asarga berilgan barcha nomlar haqli ravishda uning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib qoʻyilganini taʼkidlash kerak.

Imom Dorimiyning “Sunan”ida Qurʼoni karimning 51 surasidagi baʼzi oyatlar hadislar orqali sharhlangani allomaning yetuk mufassir ham boʻlganidan dalolat beradi.

Asarda boʻlim va boblarning fiqhiy tartibda berilishi va fiqhga oid hadislar koʻpligi muallifning faqihlik salohiyati yuksak darajada ekanini koʻrsatadi. Imom Dorimiy hadislardan hukm olishda eʼtiborga loyiq sharʼiy masalalarni puxta oʻrganib, ularni fiqhiy mavzusiga koʻra tegishli boblarga joylashtirgan. Fiqhiy masalalarni yechishda hanafiy mazhabiga ergashgan holda, Qurʼon oyatlari, hadislar, sahoba va tobeinlarning fikrlarini keltirish bilan asosli hukm chiqarish joizligini koʻrsatib bergan.

Imom Dorimiyning “Sunani” boblarga nom berish, bahs-munozarali hadislar boʻyicha izoh yozish va oʻz fikrlarini qayd etish usuli, shuningdek, boshqa sahih toʻplamlarda uchramaydigan hadislar rivoyat qilingani, roviylar silsilasining qisqaligi bilan alohida ajralib turadi. Eʼtiborga molik yana bir jihati unda oʻn beshga yaqin sulosiy (sanadi uch roviyli) hadis mavjudligidir.

Vaqt oʻtishi bilan bu asar “Sunani Dorimiy” oʻlaroq tanilib, aynan shu nom bilan hozirga qadar yetib kelgan.

Imom Dorimiyning “Sunan” asari koʻplab ulamolar tomonidan tadqiq qilinib, nashr etilgan. Xususan, “Sunan”ning 1407/1987-yilda Favoz Ahmad Zumariy va Xolid Sabʼa Aʼlamiy tomonidan Bayrutdagi “Dorul kitob arabiy” matbaasida chop etilgan zamonaviy nashr nusxasida hadislar, boblar va kitoblarga raqamlar qoʻyilib, mundarija ishlab chiqilgan.

Ushbu nusxa ikki jilddan iborat boʻlib, birinchisida arablarning islomdan avvalgi baʼzi odatlari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlari, hadislarning yozilish davri va ilm fazilati haqida soʻz yuritilgan muqaddima, keyin ibodat, tahorat, namoz, zakot kitoblari keltirilgan. Ikkinchi jildi roʻza, ibodat, qurbonlik, ov, yeguliklar, ichimliklar, tushlar, nikoh, taloq, jazolar, vaʼdalar va qasamlar, xun, jihod, savdo, izn soʻrash, meros huquqi, vasiyatlar, Qurʼon fazilatlari haqidagi kitoblarga boʻlingan.

Asar 3503 hadisni oʻz ichiga olgan boʻlib, jami 23 kitob, 1374 bobdan tashkil topgan.

“Sunani Dorimiy”ning eng mukammal sharh va tadqiqi Sayyid Abu Osim Nabil ibn Ibrohim ibn Hoshim Gʻumariy yozgan “Fathul Mannon Musnadil jomiʼ” asaridir. Ushbu sharhda har bir hadis raqamlangan, sanadi va matni tadqiq qilingan boʻlib, mundarija tuzilgan. Shuningdek, roviylarning darajalari bayon qilingan, har bir hadisning taxriji keltirilgan. Asar oʻn jilddan iborat, Makka kutubxonasi huzuridagi “Bashoirul islomiya” nashriyoti tomonidan 1999-yilda nashr etilgan.

Hadislarni toʻplam holiga keltirish deyarli oʻz yakuniga yetgandan keyin rivoyatlarni oʻquvchiga yanada mukammalroq yetkazish uchun sharhlar bitilgan boʻlsa, oʻrganishni yengilroq qilish maqsadida “Saylanma”, “Muxtasar”, “Sulosiyot” uslubida mashhur hadis toʻplamlarini alohida, hajmi kichraytirilgan kitob shakliga keltirilish ham keng tarqaldi. Shu tariqa Imom Dorimiyning shoh asaridan ham jamiyatda juda dolzarb boʻlgan hadislar ajratib olinib, katta-kichik hajmda saylanma kitoblar tuzilgan.

Ushbu xayrli ishlarning davomi oʻlaroq va kitobdan foydalanishni yengillatish maqsadida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Imom Dorimiyning “Sunan”idan bugungi kunda eng dolzarb boʻlgan hadislarni saralab olib, oʻzbek tiliga tarjima qildi. Bunda yuqorida keltirilgan ikki asar asos qilib olindi. Oʻquvchi oson tushunishiga alohida eʼtibor qaratildi – zarur oʻrinlarda izohlar berildi. Saylanmaga jami 946 ta hadis kiritildi. Jumladan, ijtimoiy-axloqiy koʻrsatmalar, sharʼiy masalalarda ilmsizlik va johillik bilan fatvo bermaslik, shariat ilmini egallagan kishilar fatvo masalasida juda ehtiyot boʻlishga chaqirilgani toʻgʻrisidagi hadislar oʻrin olgan. Shuningdek, saylanmada moʻmin kishi oʻzi uchun lozim boʻlgan sharʼiy masalalar yechimini qanday hal qilishiga oid koʻrsatmalar bor.

Masalan, Qosimdan rivoyat qilinadi: “Kishi Alloh taoloning haqqini bilganidan keyin johil (ilmsiz) holda yashashi uning uchun bilmagan narsasini gapirishdan koʻra yaxshiroqdir”.

Maʼlumki, Qurʼoni karim oyatlari va hadislarda oddiy insonning aqli ilgʻamaydigan maʼnolar bor. Shu bois islom taʼlimotida tafsir va hadis ilmlarini chuqur oʻzlashtirmay turib, aqidaviy va fiqhiy masalalarda fatvo berishdan ehtiyot boʻlish zarurligi alohida taʼkidlanadi. Bunday oyatlarni ulamolar jamoatisiz, oʻzicha tafsir qilib, fatvo beradigan kimsalardan uzoq boʻlish buyuriladi.

Saylanmada buning yana bir tasdigʻini koʻrish mumkin:

Oishadan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “U Sizga Kitob nozil qilgan Zotdirki, u (Kitobdan) shu Kitobning asli – mohiyati boʻlgan muhkam – aniq-ravshan oyatlar ham va boshqa (qiyomat, jannat, doʻzax va hokazo haqidagi) mutashobih – tushunish qiyin boʻlgan oyatlar ham (oʻrin olgandir)[5] oyatini tilovat qilib: “Qurʼondagi mutashobih oyatlarga ergashadigan toifani koʻrsangiz, ulardan ehtiyot boʻling”, dedilar”.

Sharʼiy masalalarda fatvo berish uchun faqat ilmning oʻzi yetarli emas, balki fatvo beruvchi kishi Qurʼon va sunnatni mukammal bilishi bilan bir qatorda, ibodat, taqvo va zuhdda ham peshvo boʻlishi kerak.

Abu Salama soʻzlab berdi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan Kitob (Qurʼon) va sunnatda boʻlmagan, yangi paydo boʻladigan ish(lar – bidʼat) haqida soʻraldi. U zot: “U ish(lar)haqida moʻminlarning eng ibodatli boʻlgani fikr yuritadi (hukm chiqaradi)”, dedilar”.

Boshqa hadisda moʻmin kishi sharʼiy masalalarda qanday yoʻl tutishi lozimligiga ishora qilinib, ulamolarga ergashish kerakligi haqidagi oyat keltiriladi:

Atodan rivoyat qilinadi: “Allohga, Rasulga va oʻzlaringizdan boʻlgan ish egalariga itoat etingiz!” [4] oyatidagi “ish egalari” iborasi “Ilm va fiqh egalari”, deb, “Rasulga itoat etish” iborasi “Kitob va sunnatga ergashish”, deb tafsir qilinadi”.

Ilm olish yillar davomida mashaqqatlarga bardosh berishni talab qiladi. Saylanmada tolibi ilmga bu yoʻlda azmu qarorini mustahkam qilmoq va barcha qiyinchiliklarni sabr bilan yengib oʻtmoq buyuriladi:

Abdulloh ibn Abdurahmon Qushayriydan rivoyat qilinadi: “Paygʻambar Dovud alayhissalom: “Ilm sohibiga temirdan boʻlgan aso (hassa) va temirdan boʻlgan oyoq kiyim olishni va asosi sinib, oyoq kiyimi teshilguncha ilm talab qilishni ayt”, degan”.

Shuningdek, Imom Dorimiyning “Sunan”ida ilm olish va boshqalarga oʻrgatishning fazilati bayon etilib, ilm talab qilish ikki dunyo saodati ekani uqtiriladi:

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi kishi ilm talab qilgan holda yoʻl yursa, oʻsha ishi sababli Alloh unga jannat yoʻlini yengil qilib qoʻyadi. Amali sustlashtirgan kishini nasabi tezlashtira olmaydi” (yaʼni, kishining solih amallari boʻlmasa, yuqori nasl-nasabi uni jannatga kirita olmaydi), dedilar”.

Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda suhbat qilib oʻtirgan ikki jamoa yonidan oʻtdilar. Soʻng u zot: “Ularning ikkisi ham yaxshilik ustidadir. Lekin ularning biri ikkinchisidan afzalroq. Anavilar Alloh taologa duo qilib, Unga ragʻbat qilmoqda. Xohlasa, ularga (soʻraganlarini) beradi, xohlamasa, bermaydi. Ammo anavi davradagilar fiqh va boshqa ilmlarni oʻrganib, ilmsiz odamlarga oʻrgatmoqda. Shuning uchun ular afzalroqdir. Albatta, men oʻrgatuvchi qilib yuborilganman”, dedilar va ular orasiga borib oʻtirdilar”.

Ulamolar borida ularning qadriga yetish lozimligi, aks holda, eʼtiborsizlikning oqibati ayanchli boʻlishi mumkinligi toʻgʻrisidagi hadislar hech bir davrda dolzarbligi va ahamiyatini yoʻqotmaydi:

Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo ilmni insonlardan tortib olib qoʻymaydi, ilmning olinishi ulamolarni vafot ettirish bilan boʻladi. Birorta ham olim qolmagach, odamlar oʻziga johillarni rahbar qilib oladi. Soʻng ularga savol berilsa, ilmsiz(lik bilan)fatvo berib,(oʻzi)adashadi va(boshqalarni ham) adashtiradi”, dedilar”.

Imom Dorimiy olimlar Alloh taoloning suygan bandalari ekani, shu bilan birga, ular zimmasida ulkan masʼuliyat borligini, yaʼni ilm talab qilish va yoyishda bardavom boʻlishi zarurligini bayon qiladi:

Muoviyadan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qoʻyadi”, deb aytayotganlarini eshitdim”.

Tovusdan rivoyat qilinadi: “Ey Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam! Eng ilmli inson kim?” deb soʻraldi. U zot: “Oʻz ilmiga qoʻshib, insonlarning ilmini ham egallagan kishi va ilmga chanqoq barcha tolibi ilm”, dedilar”.

Taʼkidlanganidek, saylanmaga aqidaga oid hadislar ham kiritilgan boʻlib, Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamning inson oʻz taqdirida bitilgan narsadan qochib qutula olmasligi, uning achchiq sinovlariga bardoshli boʻlishi kerakligi toʻgʻrisidagi soʻzlari kiritilgan:

Makhul soʻzlab berdi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Biringizga biror musibat yetsa, mening (vafotim) sababli unga yetadigan musibatni esga olsin. Chunki, u eng katta musibatdir”, dedilar”.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollar, xotin-qizlar jamiyatning muhim qatlami ekaniga alohida urgʻu berib, xayrli ishlarda ularni chetda turmaslikka chaqiradilar:

Amr ibn Muoz momosi Havvodan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey muslima ayollar, hech biringiz qoʻshni ayolga qoʻyning kuydirilgan tuyogʻi bilan boʻlsa ham yaxshilik qilishni past sanamasin”, dedilar”.

Bayon etilganlardan maʼlum boʻladiki, Imom Dorimiy oʻz zamonasining hadis, fiqh va aqida ilmlari sohasida faoliyat koʻrsatgan eng mashhur va maqbul olimlaridan boʻlgan. Binobarin, uning hayoti va ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganib, keng afkor ommaga yetkazish olimlarimiz oldida turgan dolzarb vazifalardan boʻlib qolaveradi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy. Sunani Dorimiy. Muhammad Abdulaziz Xolidiy tadqiqi. Dorul kutubil ilmiya. – Bayrut: 1996.
  2. Alimova M. Imom Dorimiy. – T.: TIU, 2009.
  3. Imom Dorimiy. Sunani Dorimiy. –Samarqand: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, 2023.
  4. Niso surasi, 59-oyat.
  5. Oli Imron surasi, 7-oyat.
  6. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. 1-juz. – T.: Sharq, 2008.
OTABEK MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktor oʻrinbosari,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim

Check Also

XORAZMNING ILK ROVIYLARI

Uygʻonish davri tarixini oʻrganish jarayonida shu narsaga amin boʻlamizki, Xorazm oʻlkasi VIII asrdan musulmon dunyosiga …