Home / FOTO LAVHALAR / Islomgacha boʻlgan davrda Soʻgʻd va ilk islom davrida Movarounnahr: davlat boshqaruvi va kamonchilik anʼanalari

Islomgacha boʻlgan davrda Soʻgʻd va ilk islom davrida Movarounnahr: davlat boshqaruvi va kamonchilik anʼanalari

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida galdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Yevropaning bir qator davlatlaridan olimlar ishtirok etdi. 

Seminarda AQSHning Xempshteddagi Xofstra universiteti tasviriy sanʼat, dizayn va sanʼat tarixi professori Dr. Aleksandr Naymark “Islomgacha boʻlgan davrda Soʻgʻd va Movarounnahrning ilk islom davrida davlat boshqaruvi va kamonchilik anʼanalari”  mavzusida maʼruza qildi.

Olim arxeologik qazishmalar vaqtida Afrosiyob xarobalarida Qoraxoniylar saroyi topilgani va saroy devorida kamon va oʻq tutgan hukmdor tasvirlangan rasm aniqlanganiga urgʻu berdi. 

Aytish joizki, hokimiyat timsoli boʻlgan ushbu tasvir  Oʻrta Osiyoda  Qoraxoniylar sulolasiga qadar tangalarga zarb etilgan. Buni Noshxab va Samarqand tangalarida kuzatishimiz mumkin.

Professor Aleksandr Naymarkning taʼkidlashicha, kamonchi obrazi Parfiya tangalarining orqa tomonini 450-yil davomida egallab turgan. Shu boisdan olim bu tasvirlarni  azaldan xalqlarning aralashuvi va savdo-sotiqqa bogʻlaydi.

Abdulkarim Sotuq Bugʻroxon asos solgan   qoraxoniylar sulolasi davriga kelib, zarb qilingan  tangalardagi yozuvlarning aksariyati arab alifbosida boʻlib,  xalifaga hurmat va sadoqat oʻlaroq uning nomi yozilgan. 

Olimning mazkur yoʻnalishdagi izlanishlari tadqiqotchilarga Markaziy Osiyo tarixi va madaniyatini numizmatika orqali ochib berish imkonini beradi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi va Misrning Al-Azhar majmuasi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi

Mamlakatimiz elchixonasi koʻmagida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Misrning Al-Azhar …