Home / MAQOLALAR / MEHR KOʻRSATGAN MEHR KOʻRADI

MEHR KOʻRSATGAN MEHR KOʻRADI

  Imom Buxoriyning ustozlaridan biri Imom Muhammad ibn Salom Baykandiydan quyidagi hadisi muborak rivoyat qilinadi:

حَدَّثَنَا مُحَمَّدُ بْنُ سَلامٍ، قَالَ‏:‏ أَخْبَرَنَا جَرِيرٌ، عَنْ مُحَمَّدِ بْنِ إِسْحَاقَ، عَنْ عَمْرِو بْنِ شُعَيْبٍ، عَنْ أَبِيهِ، عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ قَالَ‏:‏ قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم‏:‏ لَيْسَ مِنَّا مَنْ لَمْ يَرْحَمْ صَغِيرَنَا، وَيُوَقِّرْ كَبِيرَنَا‏.‏

Muhammad ibn Salom Jarirdan, u Muhammad ibn Isʼhoqdan, u Amr ibn Shuaʼybdan, u otasidan, u Abdulloh ibn Amr ibn Osdan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kichigimizga rahm koʻrsatmagan va kattamizni ulugʻlamagan bizdan emas”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu muborak hadislari bilan norasida goʻdaklarga rahm-shafqat qilishga, ulugʻ yoshdagi kishilarga mehribon boʻlishga buyurmoqdalar.  Chunki yosh bolalar ham, yoshi ulugʻ, keksa kishilar ham zaif, boshqalar koʻmagiga muhtojdirlar. Aytish joizki, goʻdaklarga mehr koʻrsatmaslik musulmonlarning yoʻliga va tabiatiga ziddir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu maʼnoda “bizdan emas” dedilar.

Ota-ona bolalarini himoya qilishi va ularga rahm-shafqat, mehr koʻrsatishi Alloh taolo ularning qalbida yaratgan goʻzal tuygʻudir. Agar qalbi qotib, bolaga rahm-shafqatni bilmagan yoki unga mehribon boʻlmagan odam boʻlsa, unda yaxshilik yoʻqligidan dalolat beradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarida bunday taʼkidlanadi: “U zot bir bolani oʻpdilar, bir badaviy: “Bolalaringizni oʻpasizlarmi? Allohga qasamki, mening oʻnta farzandim bor, ularni oʻpmayman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh qalbingizdan rahmatni olib qoʻygan boʻlsa, men nima qila olardim”, dedilar.

Gap erkalash yoki oʻyin-kulgiga bogʻliq emas. Gap tarbiyada. Bolani muruvvat va mehribonlik bilan tarbiya qilish sogʻlom qalbga ega, ruhiy xastaliklardan xoli boʻlgan, boshqa bolalarni xafa qilmaydigan, gʻamxoʻrlik koʻrsatadigan, goʻzal xulqli musulmonni shakllantirishning asosidir.

Farzandingizning moddiy talab va ehtiyojlarini qondirishdan koʻra, ularga gʻamxoʻrlik, mehr va muloyimlik koʻrsatish muhimroqdir. Ota-onaning zoʻravonligi, muttasil tanbeh va ayblovlari bolaning ota-onasidan uzoqlashishiga sabab boʻladi.  Oqibatda bola yomon odamlar va soxta doʻstlarga qoʻshilib qolishi mumkin.

Hadisdagi “kattamizni ulugʻlamagan” jumlasi boshqa rivoyatda  “keksalarimizning haqlarini bilmagan” shaklida kelgan. Har ikki hadisda ham soʻz mohiyati bir xil: oramizdagi kattalarni hurmat qilish, keksaligini hisobga olib, yanada koʻproq mehribon boʻlishimiz lozim. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mehribonlarga Alloh rahm qiladi”, deb marhamat qilganlar. Kimki mehribon boʻlmasa,  Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yoʻllariga ergashmagan boʻladi. Biroq hadisdan uning musulmon emasligi tushunilmaydi.

Nega Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yosh bolalarga rahm-shafqatli boʻlishga, kattalarni hurmat qilishga alohida urgʻu berganlar?

Chunki  jamiyatda mehr-oqibat, oʻzaro hurmat hukm surishi zaiflar omon boʻlib, xalq orasida munosib hayot kechirishi uchundir.

Alloh taolo bandalari uchun rahmatning koʻp shakllarini yaratganki, ulardan baʼzilari ochiq-oydin va biz ularni har doim his qilamiz. Jumladan,  baraka, salomatlik, rizqning keng boʻlishi. Kechirim, mehr kabi maʼnaviy fazilatlar ham Allohning rahmatidandir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini eshitdim: “Alloh rahmatini yuz qismga ajratdi. Toʻqson toʻqqiztasini Oʻz huzurida saqladi, bir qismini yerga tushirdi va u bilan yerdagi jonzotlar bir-birlariga rahm-shafqat qiladi, hatto ot toychogʻiga aziyat bermaslik uchun tuyogʻini koʻtarib turadi”.

Ushbu hadisdan quyidagilarni anglash mumkin:

  • Alloh bandalariga boʻlgan rahm-shafqatidan ular orasida umumiy rahm-shafqat paydo qildi. Soʻngra bandalarning zaiflari va mehr-muruvvatga muhtojlari boʻlgan yosh va keksalar uchun uni alohida taʼkidladi.
  • Yoshlarga rahm-shafqat, keksalarga hurmat va ehtirom koʻrsatmaydiganlarga Allohning gʻazabi keladi.
  • Yoshlarga nisbatan mehr-shafqatning eng munosibi – farzandlariga rahm-shafqat koʻrsatish, kattalarga mehr-muruvvat koʻrsatish va ehtiromning eng munosibi – ota-onasi va yaqinlariga hurmat va ehtiromdir.

Oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda yosh, norasida goʻdaklarini suvga tashlab yubormoqchi boʻlgan yoki er-xotin oʻzaro janjal qilib, alamidan farzandining joniga qasd qilib qoʻygan oʻta salbiy holatlar koʻzga tashlanib qolyapti. Bularning bari oramizdagi ayrim insonlarda Alloh bergan ulugʻ neʼmat – rahm-shafqatning yoʻqligi va ilmsizlik sababidandir.

Shu bois aholi, ayniqsa, yoshlarimizni Paygʻambar alayhissalomning muborak hadislari, ota-bobolarimiz oʻgitlari va nasihatlari bilan tarbiyalashga  alohida ahamiyat qaratish lozim.

     Alloh taolo barchamizni bir-birimizga rahm-shafqatli qilsin, katta-yu kichikni eʼzozlashga tavfiq bersin!

Hasan Rasulov
Chilonzor tumani “Muhsinxon toʻra eshon” jome masjidi imom noibi

Check Also

MUSULMONLAR VA BOSHQA DIN VAKILLARI OʻRTASIDAGI MUNOSABAT: TINCHLIK USTUVORLIGI

Hozirgi globallashuv jarayonida tinchlik dini – islomni insonlarga notoʻgʻri talqin qilayotgan guruhlar unga tuhmat toshlari …