Home / MAQOLA / IMON VA ISLOM BITTADIR (“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

IMON VA ISLOM BITTADIR (“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

Imon va islom bittadir. Lekin zohiriylar bunga xilof qilgan. Ular Alloh taoloning

 ﴿قَالَتِ الْأَعْرَابُ آَمَنَّا قُلْ لَمْ تُؤْمِنُوا وَلَكِنْ قُولُوا أَسْلَمْنَا وَلَمَّا يَدْخُلِ الْإِيمَانُ فِي قُلُوبِكُمْ﴾

“Aʼrobiylar: “Biz iymon keltirdik”, dedi. (Ey Muhammad!) Ayting: “Sizlar iymon keltirmadingiz. Lekin “islom keltirdik (boʻysundik)”, denglar. Iymon sizlarning qalbingizga kirmagan”[1], oyatini dalil qilib keltiradi. Ular: “Oyatda islom tasdiqlanib, imon esa nafiy qilingan. Yaʼni islom imondan boshqaligi aytilgan”, deydi. Ular yana Jabroil hadisini ham dalil qilib keltiradi: “U (Jabroil) Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan imon haqida soʻraganida, u zot: (Imon) Allohga, farishtalariga, kitoblariga, paygʻambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshi-yu, yomoni Alloh taolodan ekaniga imon keltirishingdir”, deganlar. U islom haqida soʻraganida: “Allohdan oʻzga iloh yoʻq, deb guvohlik berishing, namozni toʻkis ado etishing, zakot berishing, ramazon roʻzasini tutishing va Baytni haj qilishing”, deganlar. Demak, Kitob va sunnatda bu ikki narsa oʻrtasida farq borligi koʻzga tashlanadi”.

Biz aytamizki, imon va islom xuddiki القعود [al-quʼud] –  oʻtirmoq va الجلوس [al-julus] – oʻtirmoq soʻzlari kabi maʼnodoshdir. Imon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning til bilan xabar bergan narsalarini qalban tasdiq etish boʻlsa, Islom Alloh taoloning amr va qaytariqlariga qalban boʻysunishdir. Kishida imonning barcha shartlari topilgan holda, musulmon emasligi yoki islomning barcha shartlari topilgan holda, moʻmin emasligi tasavvur qilinmaydi. Bunga Alloh taoloning quyidagi oyatlari dalolat qiladi:

 ﴿إِنَّ الدِّينَ عِنْدَ اللَّهِ الْإِسْلَامُ﴾

“Albatta, Allohning nazdida haq din Islomdir”[2],

 ﴿وَمَنْ يَبْتَغِ غَيْرَ الْإِسْلَامِ دِينًا فَلَنْ يُقْبَلَ مِنْهُ﴾

“Kim Islomdan oʻzga dinni istasa, undan hargiz qabul qilinmas”[3]. Imon bu dindir. Agar imon islomdan boshqa boʻlganida, u qabul qilinmas edi. Farishtalar:

 ﴿فَأَخْرَجْنَا مَنْ كَانَ فِيهَا مِنَ الْمُؤْمِنِينَ (٣٥) فَمَا وَجَدْنَا فِيهَا غَيْرَ بَيْتٍ مِنَ الْمُسْلِمِينَ﴾

“Va biz u joydan moʻminlarni chiqardik. U yerda bir xonadondan (Lut xonadonidan) boshqa musulmonlarni topmadik”[4], degan. Oyatda moʻmin va musulmon lafzlari bitta maʼnoda ishlatilgan.

Alloh taolo Muso alayhissalom haqida xabar qilib aytadiki, Muso oʻz qavmiga:

 ﴿يَا قَوْمِ إِنْ كُنْتُمْ آَمَنْتُمْ بِاللَّهِ فَعَلَيْهِ تَوَكَّلُوا إِنْ كُنْتُمْ مُسْلِمِينَ﴾

“Ey qavmim, agar Allohga imon keltirgan boʻlsangiz, agar musulmon boʻlsangiz, faqat Ungagina suyaning”[5], dedi. Yana U Zot:

 ﴿يَمُنُّونَ عَلَيْكَ أَنْ أَسْلَمُوا قُلْ لَا تَمُنُّوا عَلَيَّ إِسْلَامَكُمْ بَلِ اللَّهُ يَمُنُّ عَلَيْكُمْ أَنْ هَدَاكُمْ لِلْإِيمَانِ﴾

“Senga musulmon boʻlganlarini minnat qilurlar. Sen: “Menga Islomingizni minnat qilmang. Balki Alloh sizni imonga hidoyat qilganini minnat qilur”, deb ayt”[6], degan. U Zot yana:

 ﴿قُولُوا آَمَنَّا بِاللَّهِ وَمَا أُنْزِلَ إِلَيْنَا… وَنَحْنُ لَهُ مُسْلِمُونَ

“Aytinglar: “Allohga va (U Zotdan) bizga tushirilgan narsaga imon keltirdik. Va biz Unga musulmonlarmiz”[7], degan. Bu oyatlarda ham moʻmin va musulmon soʻzlari bir xil maʼnoda qoʻllangan.

Hadisda “Jannatga faqat moʻmin inson kiradi”[8], deyilgan. Boshqa rivoyatda “faqat musulmon inson kiradi”[9], deyilgan. Bu oʻrinda ham moʻmin va musulmon lafzlari bir xil maʼnoda qoʻllangani koʻrinadi.

Lekin islom soʻzi ikki vajhga koʻra boʻladi. Birinchisi sharʼiy boʻlib, u imon maʼnosida; ikkinchisi lugʻaviy boʻlib, u استسلم [istaslama] – taslim boʻlish va انقاد [inqoda] – boʻysunish, itoat qilish maʼnosida boʻladi. Ikkinchi maʼno Alloh taoloning aʼrobiylardan imonni nafiy qilib, islomni sobit qilganida yuzaga chiqadi. Oyatda:

﴿قُولُوا أَسْلَمْنَا﴾

“Islom keltirdik” deb aytinglar”, deyilgan. Oyat: قولوا استسلمنا خوفا من معرة السيف – “qilichning shiddatidan qoʻrqib: “taslim boʻldik” deb aytinglar” maʼnosida boʻlib, unda Islom emas, taslim boʻlish nazarda tutilgan. Islomdan koʻzlangan haqiqiy maqsad Alloh taoloning

﴿وَمَنْ يَبْتَغِ غَيْرَ الْإِسْلَامِ دِينًا﴾

“Kim Islomdan oʻzga dinni istasa”[10], degan soʻzida oʻz ifodasini topgan. Yaʼni Islom – bu dindir. Din esa imondir.

Jabroil hadisiga kelsak, bu hadis sahih rivoyatlarda zikr etilgan. Jabroil birinchisida imon haqida soʻrab, ikkinchi martasida islom haqida soʻraganda, islomning shariatlari (fiqhiy hukmlari) haqida soʻragan. Imom Moturidiy “Tavhid” asarida: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam imon haqida, soʻng islomning shariatlari haqida soʻraldilar”[11], deb keltiradi. Bu Alloh taoloning

 ﴿وَمَا كَانَ اللَّهُ لِيُضِيعَ إِيمَانَكُمْ﴾

“Alloh imoningizni[12] zoye qilmas”[13], oyatida imon soʻzi zikr etilib, undan namoz iroda qilinganiga oʻxshaydi. Hadisda kelgan “islom” soʻzidan ham majozan islomdagi fiqhiy hukmlar iroda qilingan.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, imon va islom soʻzlari lugʻaviy jihatdan bir-biridan farq qilsa-da, sharʼiy-istilohiy jihatdan bir xil maʼnolarni anglatadi. Alloh taolo Ibrohim alayhissalom haqida:

﴿مَا كَانَ إِبْرَاهِيمُ يَهُودِيًّا وَلَا نَصْرَانِيًّا وَلَكِنْ كَانَ حَنِيفًا مُسْلِمًا وَمَا كَانَ مِنَ الْمُشْرِكِينَ﴾

“Ibrohim yahudiy ham, nasroniy ham emasdi. Lekin u toʻgʻri musulmon edi. U mushriklardan ham emasdi”[14], degan. Oyatdagi “musulmon” soʻzini “moʻmin” maʼnosida ham tushunish mumkin. Demak, iymon va islom bitta narsa deyilganda, ularning sharʼiy-istilohiy maʼnolari nazarda tutilgan boʻladi, lugʻaviy maʼnolari emas.

[1] Hujurot surasi, 14-oyat.
[2] Oli Imron surasi, 19-oyat.
[3] Oli Imron surasi, 85-oyat.
[4] Zoriyot surasi, 35-36-oyatlar.
[5] Yunus surasi, 84-oyat.
[6] Hujurot surasi, 17-oyat.
[7] Baqara surasi, 136-oyat.
[8] Ushbu hadisni Termiziy “Tafsirul Qurʼon kitobi”da keltirgan. U bu hadisni hasan, sahih degan. Nasoiy “Kitobul manosik”da, Imom Ahmad, Dorimiy “Kitobus solat”da keltirgan.
[9] Imom Buxoriy “Sahih” asarida “Kitobul jihod vas siyar” bobida, Termiziy “Kitobul Haj”da, Ibn Moja “Kitobus siyam”da keltirgan.
[10] Oli Imron surasi, 85-oyat.
[11] Abu Mansur Moturidiy. Kitobut tavhid. – Bayrut: Dor sodr, 2019. – B.495; Abul Muin Nasafiy. Tabsiratul adilla fiy usulid din. – J.1. – Qohira: Al-maktabatul Azhariyya lit turos, 2011. – B.1099-1100; Nuriddin Sobuniy. Al-kifoya fil hidoya. – Bayrut: Dor Ibn Hazm, 2014. –B.369-370.
[12] Oyatda kelgan imon soʻzidan murod Baytul Maqdisga qarab oʻqilgan namoz nazarda tutilgan.
[13] Baqara surasi, 143-oyat.
[14] Oli Imron surasi, 67-oyat.
Ravshan ELMURODOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MUSULMONLAR VA BOSHQA DIN VAKILLARI OʻRTASIDAGI MUNOSABAT: TINCHLIK USTUVORLIGI

Hozirgi globallashuv jarayonida tinchlik dini – islomni insonlarga notoʻgʻri talqin qilayotgan guruhlar unga tuhmat toshlari …