Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari ishtirok etayotgan “Maʼrifat karvoni” ilmiy-maʼrifiy va madaniy targʻibot tadbirlari 4-dekabr kuni Buxoro, Sirdaryo, Xorazm va Fargʻona viloyatlarida davom etdi.
Buxoro viloyatida oʻtkazilgan tadbirlarda Oʻzbekistonning bugungi va ertangi taraqqiyoti asoslarini mustahkamlash, uni yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilgan ishlar, belgilangan maqsadlar, oldimizda turgan muhim vazifalar, keng qamrovli islohotlar mohiyati ziyolilar orasida keng targʻib etildi.
Sirdaryodagi uchrashuvlar ham aholi, xususan, yoshlarga “Oʻzbekiston-2030” strategiyasining mazmun-mohiyatini tushuntirish, buyuk ajdodlar merosini asrab-avaylash, oʻrganish va ommalashtirish, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, yurtdoshlarimizning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik tuygʻusini mustahkamlashga qaratildi.
Xorazm viloyatida oʻtkazilgan tadbirlarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning ahamiyati, iqtisodiyotning turli sohalarida qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar, jamiyatda ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashdagi oʻzgarishlar keng muhokama qilindi. Ziyolilar va yoshlar ishtirokida tashkil etilgan davra suhbatlari, maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlarda buyuk ajdodlar merosini asrab-avaylash va zamonaviy ilm-fan yutuqlarini oʻzlashtirib, keng tatbiq etish yoʻnalishlaridagi ishlarni yanada kuchaytirish masalalariga alohida urgʻu berildi.
Fargʻona viloyatidagi tadbirlar esa hududning madaniy, maʼnaviy va maʼrifiy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgani bilan ajralib turdi. Yoshlarda mamlakat kelajagiga daxldorlik tuygʻusini kuchaytirish, “Oʻzbekiston-2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishda har bir fuqaroning oʻrni va masʼuliyatini anglatish maqsadida ziyolilar forumi, maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlari, mahorat darslari tashkil etildi.
“Maʼrifat karvoni” loyihasi mamlakatimiz rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarning aholini yanada jipslashtirish va birdamlashtirish, ulkan maqsadlarga erishishdagi yuksak ahamiyatini yana bir bor namoyon etmoqda.
Loyiha doirasidagi tadbirlar 5-dekabr kuni Qashqadaryo, Navoiy, Andijon va Toshkent viloyatlarida oʻtkaziladi.