Mamlakatimiz elchixonasida Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida Imom Moturidiy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlaridan iborat delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga tashrifi doirasida “Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya: Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi madaniy koʻprik” mavzusidagi tadbir oʻtkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Buyuk Britaniya idoralari rasmiylari, ilmiy-akademik, ekspert-tahliliy, xorijiy diplomatik korpus vakillari hamda ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar qatnashdi.
Taqdimot avvalida mamlakatimiz elchisi Ravshan Usmanov respublikada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, Oʻzbekiston va Britaniya oʻrtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari toʻgʻrisida batafsil soʻzlab berdi.
Shuningdek, xorijiy tomonga Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ilmiy izlanishlar, tarixiy va qadimiy qoʻlyozmalarni oʻrganish, madaniyat va sanʼatni rivojlantirish, jumladan Oʻzbekiston zaminida yashab oʻtgan mashhur allomalar va mutafakkirlarining ilmiy-ijodiy merosini asrab-avaylash ularni chuqur ilmiy tahlil etish yoʻnalishlarida olib borilayotgan ishlar toʻgʻridagi maʼlumotlar yetkazildi.
Oʻzbekistonning yetakchi ilmiy markazlari vakillari oʻz chiqishlarida, oʻz faoliyatlari haqida maʼlumotlar berishdi.
Anjuman doirasida Oʻzbekistonning boy madaniy merosi va qadimiy tarixiga bagʻishlangan asarlar va eksponatlarni oʻz ichiga olgan koʻrgazma tashkil etildi. U xorijiy tomonni Sharq madaniyati, sanʼati va ilmiy yutuqlari bilan yaqindan tanishtirdi.
Ishtirokchilar bu tadbir nafaqat Oʻzbekistonning madaniy merosini dunyoga tanitish, balki xalqaro doʻstlik va hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻlida ham muhim platforma boʻlib xizmat qilishi taʼkidladilar.
Manba: dunyo.info