Xabar qilinganidek, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Xalqaro islom akademiyasi rahbarlaridan iborat delegatsiya Buyuk Britaniyada safarda boʻlib turibdi.
28-noyabrda delegatsiya aʼzolari tomonidan Oʻzbekistonning Londondagi elchixonasida “Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar” mavzusida taqdimot tadbiri oʻtkazildi. Unda Britaniyaning nufuzli ekspert va ilmiy doira vakillari, din va jamoat arboblari, vatandoshlar ishtirok etdi.
Taqdimot avvalida “Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar” nomli film namoyish etildi.
Tadbirda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Xalqaro islom akademiyasining yangi nashrlari koʻrgazmasi tashkil etildi.
Britaniya ilmiy jamoatchiligida Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar katta qiziqish uygʻotdi.
Uchrashuv soʻngida Buyuk Britaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan davra suhbati boʻlib oʻtdi. Vatandoshlarimizga turli yot gʻoyalardan ogoh boʻlish, radikal oqimlar taʼsiriga tushmaslik boʻyicha tushuntirish berildi. Suhbat yakunida muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarning “Yoshlarga nasihat”, “Fitna koʻz ilgʻamas xatar”, “Ixtilofli masalalar yechimi” kabi kitoblari taqdim etildi.
Uchrashuvlar davom etmoqda.