Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi joylarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilash maqsadida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida Buxoro viloyati boʻylab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va profilaktik suhbatlar tashkil etmoqda.
Markaz ilmiy xodimlari tomonidan Din ishlari boʻyicha qoʻmita mutaxassislari bilan hamkorlikda viloyatning Shofirkon tumanidagi “Bobur” MFYda mahalla faollari bilan maʼrifiy suhbat oʻtkazilib, yoshlar tarbiyasi, jamoat xavfsizligini taʼminlash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va millatlararo totuvlikni saqlash kabi muhim mavzular muhokama qilindi.
Tumandagi “Qalmaqon” MFY faollari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda esa, hozirgi kunda insoniyat taqdiri va kelajagiga tahdid solayotgan terrorizm, ekstremizm va turli buzgʻunchi diniy oqimlar xususida maʼlumot berildi. Mamlakatimizda soʻnggi yillar davomida ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda erishilayotgan yutuqlar tilga olindi.
Shofirkon qishloq xoʻjaligi mahsulotlari texnologiyalari texnikumida “Internetdagi tahdidlardan ogoh boʻling” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida yoshlarning internetdan foydalanish madaniyatini oshirish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash orqali ularni yot gʻoyalar taʼsiridan asrash boʻyicha amaliy takliflar bildirilib, global tarmoqdagi tahdidlar va kiberhujumlardan saqlanish yuzasidan tushunchalar berildi.