Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida Buxoro Davlat pedagogika institutida “Millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik – umrboqiy qadriyatlar” mavzusida, shuningdek, Buxoro innovatsiyalar universitetida “Diniy maʼrifat va millatlararo bagʻrikenglik – jamiyat barqarorligi sharti” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi.
Pedagog-xodimlar, talaba-yoshlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etgan uchrashuvlarda jamiyatda dinlararo va millatlararo totuvlikni taʼminlash, maʼrifatlilikni oshirish orqali yoshlarning ongini boyitish va dunyoqarashini kengaytirish, milliy qadriyatlarning ahamiyati haqida soʻz bordi.
Taʼkidlanganidek, bagʻrikenglikni mustahkamlash mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashning muhim omili boʻlib, yosh avlod tarbiyasida alohida oʻrin tutadi. Jamiyatda dinlararo bagʻrikenglikning qaror topishi yoshlarda oʻzaro hurmat, hamkorlik va hamjihatlikni rivojlantirishga yordam berib, jamiyatda tinchlik, hamjihatlik va hurmat muhitini shakllantiradi.
Bunday maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar yoshlarning dunyoqarashini boyitish, ularni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbirlar yakunida oliy taʼlim muassasalari kutubxonalariga Markaz adabiyotlari taqdim etildi.