Home / FOTO LAVHALAR / Markaz rahbari yuksak mukofot bilan taqdirlandi

Markaz rahbari yuksak mukofot bilan taqdirlandi

Mamlakatimizda oʻtkazilayotgan “Xalqaro bagʻrikenglik” haftaligi doirasidagi tadbirlar jamiyatda bagʻrikenglik gʻoyalarining mustahkamlanishi, turli millat va elat hamda diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik va hamjihatlik munosabatlarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilayotgani alohida eʼtirofga loyiq.

Taʼkidlash lozimki, oxirgi yillarda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy soha rivoji yoʻlida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda soha xodimlari katta masʼuliyat bilan alohida faollik koʻrsatmoqda. Ayni paytda ularning fidoiyligi, sharafli mehnati eʼtirof etilib, qadrlanmoqda. Xususan, 2023-yil 25-sentyabrda diniy-maʼrifiy soha samaradorligini oshirishga munosib hissa qoʻshayotgan davlat va jamoat tashkilotlari xodimlarini ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni taʼsis etildi.

Joriy yilda bir guruh hamyurtlarimiz qatorida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori Shovosil Ziyodov ham mazkur yuksak mukofot bilan taqdirlandi.

Mukofot 15-noyabr kuni poytaxtimizdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida oʻtkazilgan taqdirlash marosimida tantanali ravishda oʻz sovrindorlariga topshirildi. 

Tadbirda turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari va diniy konfessiyalar vakillari, milliy-madaniy markazlar faollari, yurtimizda millatlararo doʻstlik va diniy bagʻrikenglik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotgan hamyurtlarimiz va OAV vakillari ishtirok etdi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev yuksak mukofot sohiblarini samimiy muborakbod etib, Vatanimiz ravnaqi yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan hamyurtlarimizga katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Maʼlumot uchun, ushbu koʻkrak nishoni bilan diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni targʻib etish, fuqarolar eʼtiqod erkinligini taʼminlash, dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash va maʼnaviy muhit barqarorligini saqlashdagi ibratli ishlari uchun yetuk ulamolar, atoqli arboblar, diniy soha rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va chet ellik olimlar taqdirlanishi belgilangan.

Tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar yurtimizda davlatimiz rahbari rahnamoligida diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida fuqarolarning vijdon erkinligi, dinlararo va millatlararo totuvlik taʼminlanayotgani, mazkur koʻkrak nishonining taʼsis etilishi diniy sohaga yuksak eʼtiborning yaqqol namunasi ekanini taʼkidladi.

Mukofotlanganlar oʻz dil soʻzlarini izhor qilib, yuksak eʼtiborga sazovor boʻlish hissi yanada ulugʻvor ishlarga undashini, yosh avlodni bagʻrikenglik ruhida tarbiyalashda yangi kuch-gʻayrat uchun asos boʻlishini qayd etdi.

Fursatdan foydalanib, Markaz jamoasi nomidan Shovosil Ziyodovni mazkur yuksak mukofot bilan samimiy muborakbod etib, kelgusidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Fariza Shom: “Oʻzbekistonlik tadqiqotchilar uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz”

21-yanvar kuni Malayziya islom madaniyati institutida davra suhbati oʻtkazildi. Tadbirda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy xalqaro …