Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Istanbuldagi “Islom sivilizatsiyasi” bogʻi rahbari, mashhur xattot va taniqli islomshunos Husayn Qutlu rahbarligida bir guruh turkiyalik va mahalliy amaliyotchi hamda tadqiqotchilar tashrif buyurdi.
Direktor oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev mehmonlarni Markaz muzeyi bilan tanishtirib, ilmiy faoliyat natijalari toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Tashrif asnosida mehmonlar, Markaz ilmiy xodimlari, mahalliy xattotlar va sanʼatning bu turiga qiziquvchi yoshlar ishtirokida “Xattotlik sanʼati, Qurʼoni karimning qadimiy qoʻlyozma nusxalari: Musʼhafi sharifning Gʻaznaviylar, Temuriylar va Boburiylar davrlariga oid nusxalari” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Unda turkiyalik olim xattotlik sanʼati, uning turli yoʻnalishlari va madaniy meros sifatidagi yuksak ahamiyati haqida soʻzladi.
Husayn Qutlu – zamonaviy turk xattotlik maktabining eng taniqli vakillaridan biri. Talabalik davrida xat ilmiga mehr qoʻyib, bora-bora sohaning yetuk mutaxassisiga aylangan. Endilikda oʻz maktabini yaratib, koʻplab yoshlarga ushbu nafis sanʼat sirlarini oʻrgatmoqda.
Davra suhbatida olim salkam 1500-yillik xattotlik va kitobat sanʼati anʼanalari asosida oʻzi koʻchirgan Istanbul Musʼhafi taqdimotini oʻtkazdi. 10 jildli bu qoʻlyozmaga Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi vassallam) zamonlaridan XX asr boshlarigacha davom etib kelgan kitobat va xattotlik sanʼati namunalari, uslub va bezaklari kiritilgan. Jumladan, undan Saodat asri, sahobalar, Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Gʻaznaviylar, Mamluklar, Usmoniylar, Elxoniylar, Temuriylar, Safaviylar, Qojorlar, Afshorlar, Boburiylar davrlari, shuningdek, Turkiyada respublika eʼlon qilinganidan keyingi yillarga oid xat namunalari va bezakli naqshlar ham oʻrin olgan.
Husayn Qutlu mazkur qoʻlyozma ustida 60 dan ziyod shogirdi bilan 8-yil davomida ish olib borgan. Bu vaqt davomida musulmon dunyosining turli mintaqalaridan material va xomashyo toʻplagan. Jumladan, qoʻlyozma qogʻozini tayyorlashda Samarqand va Buxorodagi qadamjolarda oʻsgan daraxtlar poʻstlogʻidan foydalanilgan. Qurʼoni karimning Husayn Qutlu koʻchirgan nusxasida oltin aralashmasidan tayyorlangan zarhal boʻyoqlar ham ishlatilgan.
Turkiyaning qadimiy va maftunkor xattotlik anʼanalarini davom ettirgan Husayn Qutlu oʻz ijodi va mahorati bilan nafaqat Turkiyada, balki xalqaro miqyosda ham tanilgan. U xattotlikka shunchaki kasb deb qaramaydi, balki uni ruhiy ozuqa va qalb ishi sifatida qabul qiladi. Soʻzlarida xattotlikning nafaqat estetik, balki ulugʻvor maʼnaviy qiymatini ham uqtiradi. Insonni ichki takomil va barqarorlikka yetaklaydigan bu sanʼat sabr va diqqat talab qilishini tushuntiradi.
Husayn Qutlu anʼanaviy xattotlikni zamonaviy talablar bilan uygʻunlashtirib, yangi avlodga ham oʻrgatishga harakat qilmoqda. Bu uning ummat madaniyati rivojiga qoʻshayotgan katta hissasini koʻrsatib, xattotlikning zamonaviy islom olamidagi ahamiyatini yanada oshiradi. Uning fikricha, bu sanʼat orqali insonlar nafaqat yozuvni, balki ruhan poklanishni ham oʻrganadi.
Davra suhbatida olim xattotlik orqali madaniy merosni avlodlarga yetkazish va bu sanʼatning kelajakda ham saqlanib qolishini taʼminlash muhimligini taʼkidladi.
Tadbir doirasida Samarqandning zamonaviy xattotlik sanʼati namunalari namoyish etildi. Turkiyalik mehmon mahalliy xattotlarga taklif va tavsiyalar berib, mahorat darsini oʻtib berdi.