Home / FOTO LAVHALAR / Allomalar asarlari tadqiqining dolzarb ahamiyati

Allomalar asarlari tadqiqining dolzarb ahamiyati

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Istanbuldagi “Dorul maxtutot” (“Qoʻlyozmalar uyi”) markazi Bosh direktori Dr. Mahmud Misriy tashrif buyurdi.

Olim qator nufuzli ilmiy nashrlar tahrir hayʼatlarining aʼzosi, tibbiyot tarixi, qoʻlyozmalar tahqiqiga oid bir necha kitoblar muallifidir. Uning “Qoʻlyozmalarni tadqiq qilishning nazariy asoslari” nomli kitobi oʻzbek tiliga tarjima qilingan.

Markaz direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev mehmonni Markaz muzeyi bilan tanishtirdi. Turkiyalik olimga Markaz kutubxonasi, manbalar xazinasi faoliyati va qoʻlyozmalarni raqamlashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar koʻrsatildi.

Muloqot chogʻida hozirgi globallashuv sharoitida islom dinining asl qadriyatlarini asrab-avaylash, Movarounnahrdan yetishib chiqqan buyuk olimlarning ilmiy asarlari va sof bashariy qarashlarini keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlarga yetkazish ustuvor masala ekani qayd etildi. Islomning bagʻrikenglikka oid tamoyillariga, hanafiylik va moturidiylik fiqhiga oid asarlarni oʻrganish muhimligiga eʼtibor qaratilib, bu bilan muqaddas dinimizning asl mohiyatini kengroq targʻib qilishga erishish dolzarb ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Tomonlar oʻzaro hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …