Samarqanddagi Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika institutida “Turkistondan Onadoʻligacha turkiy islom tafakkuri” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.
Anjumanda Turkiya, Gollandiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Birlashgan Arab Amirliklaridan kelgan islomshunos olimlar, soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar va yurtimizning taniqli ilm-fan arboblari bilan birga, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, prof. Baxtiyor Toʻrayev ham ishtirok etib, “Imom Moturidiy merosida insonning iroda erkinligi va mantiqiy taʼlimoti” mavzusida maʼruza qildi.
Olim Yangi Oʻzbekistonda hadisshunoslik va islom falsafasini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotganini, islom maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish orqali jamiyat aʼzolariga tinchlik, maʼrifat va ezgulik gʻoyalarini yetkazish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylanganini taʼkidlab, Imom Moturidiy asarlari bu yoʻnalishda alohida ahamiyat kasb etishini, allomaning taʼlimoti muqaddas dinimizning maʼnaviy qadriyatlarni toʻgʻri anglashda muhim oʻrin tutishini qayd qildi.
Imom Moturidiy insonning ixtiyor huquqini yuqori baholagan. Uning qarashlariga koʻra, inson yaratilgan mavjudotlar orasida eng erkin va irodaga ega zot hisoblanadi. Insonning aql va mantiqqa asoslangan tanlovi uning taqdirini belgilaydi.
Konferensiya qatnashchilari Oʻzbekistonda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va Hadis ilmi maktabining samarali faoliyati orqali yoshlarni maʼnaviy kamolotga yetkazish yoʻlida ulkan ishlar olib borilayotgani, bu esa, albatta, yurtimizni dunyodagi islom maʼrifatining yetakchi markazlaridan biriga aylantirishini eʼtirof etdi.