Home / FOTO LAVHALAR / “Islom – tinchlik va ezgulik dini”

“Islom – tinchlik va ezgulik dini”

Avval xabar berilganidek, 15-oktyabr kuni Toshkentda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi. Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, Oʻmon, Rossiya, AQSH, Fransiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi davlatlardan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar qatnashayotgan anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbar xodimlari ham maʼruza bilan ishtirok etmoqda.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov nufuzli konferensiyaning “Globallashuv sharoitida islom: moʻtadillik va bagʻrikenglik” shoʻbasida maʼruza qilib, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni saqlashda islomning moʻtadillik tamoyili muhim oʻrin tutishini taʼkidladi. Islom taʼlimoti odamlarni oʻzaro hurmat va bagʻrikenglikka chaqirib, har bir insonning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishi qayd etildi.

Markaz direktori oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev “Zamonaviy jamiyatda gʻoyaviy tahdidlarning oldini olish omillari va amaliy yechimlar” shoʻbadagi maʼruzasida islomning asosiy tamoyili tinchlik va xavfsizlik ekanini, musulmon jamiyatida ijtimoiy xavfsizlikni saqlash doʻstlik va birdamlikni yoyish muhimligini taʼkidladi.

Maʼruzachilar Markazning bugungi kunda olib borayotgan faoliyati haqida ham maʼlumot berib, jamoaning erishgan yutuqlariga alohida toʻxtaldi. Ishtirokchilarni ilmiy xodimlar tomonidan Imom Buxoriyning oʻzbek tiliga ilk bor tarjima qilib, yaqinda nashrga tayyorlangan “Xalqu afʼolil ibod” va “Kitobuz zuafois sagʻir” asarlari bilan tanishtirdi.

Konferensiya qatnashchilari islomning asl mohiyati va qadriyatlarini keng targʻib qilishda Imom Buxoriy ilmiy merosining yuksak oʻrni va yuqori ahamiyatini eʼtirof etib, muhaddislar sultoni asarlarining tadqiqi din niqobi ostida manfur maqsadlarini amalga oshirishga urinayotgan buzgʻunchi toifalarga qarshi kurashda kuchli maʼnaviy qurol sifatida ayni muddao boʻlishini taʼkidladi.

Anjuman oʻz ishini 16-oktyabr Xiva shahrida davom ettiradi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …