Home / FOTO LAVHALAR / Markaz ilmiy xodimlari – “Rossiya musulmonlarining VI xalqaro forumi”da

Markaz ilmiy xodimlari – “Rossiya musulmonlarining VI xalqaro forumi”da

Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasining Qozon shahrida joylashgan Bulgʻor islom akademiyasida “Rossiya musulmonlarining VI xalqaro forumi” boʻlib oʻtmoqda. Unda oʻndan ziyod davlatdan olimlar, din arboblari va mutaxassislarning 100 dan ortiq ilmiy maʼruzalari tinglanib, dolzarb diniy, ijtimoiy va madaniy masalalar muhokama qilinmoqda.

Musulmon jamiyatlari oʻrtasidagi hamkorlik va ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish, diniy taʼlimni yanada takomillashtirish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ekstremizmga qarshi kurashish va yoshlar orasida sof islomiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalariga bagʻishlangan forumda diniy tashkilotlar va davlat idoralari oʻrtasidagi aloqalar va islomiy moliya tizimlarini ravnaq toptirishning dolzarb jihatlariga ham keng oʻrin ajratilgan.

Nufuzli tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Sh.Umarov va B.Tursunov Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar samarasi, musulmonlar birdamligini taʼminlashda mazhablarning yetakchi omil sifatida tutgan oʻrni va barkamol avlodni tarbiyalashda maʼnaviy merosning ahamiyatiga oid maʼruzalari bilan ishtirok etmoqda.

Tadbir doirasida Bulgʻor islom akademiyasi kutubxonasiga Markaz tomonidan nashr etilgan kitoblar taqdim etildi. Bu esa ilmiy jamoamizning alloma ajdodlarimiz ilmiy merosini oʻrganish va xalqaro miqyosda keng jamoatchilikka yetkazishdek xayrli ishlarga qoʻshayotgan hissasini yana bir bor namoyon qildi.

Forum ishtirokchilari xalqaro ilmiy hamjamiyatda oʻzbekistonlik olimlarning nufuzi ortib borayotganini taʼkidlab, Markazning diniy maʼrifatni yanada yuksaltirish yoʻlidagi faoliyatiga yuksak baho berdi.

Qatnashchilar oʻzaro ilmiy-maʼrifiy hamkorlikni kengaytirish, diniy taʼlim va islomiy madaniyatni rivojlantirish borasida qator takliflarni ilgari surdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Islom dini mohiyatan haqiqat, adolat, tinchlik va ezgulikka undaydi

Tinchlik, osoyishtalik, xavfsiz va barqaror muhit, ilm-maʼrifatning eng oliy neʼmat, bebaho boylik ekani yana bir …