Xabar qilinganidek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Indoneziya Respublikasining beshinchi Prezidenti, Milliy tadqiqot va innovatsiya agentligi Boshqaruvchilar kengashi Raisi Megavati Sukarnoputri xonim tashrif buyurib, Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.
Unda davlat arbobi Imom Buxoriyni yoshligidan tanishini, bunda otasi, Indoneziyaning Birinchi Prezidenti Bung Karno (Sukarno)ning xizmati katta boʻlganini bildirgan.
“Imom Buxoriy men uchun hadislar orqali islom ilmlari pardasini ochgan va Paygʻambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallamning hidoyatga boshlovchi hadislarini qalbimga jo qilgan buyuk insondir. Islomda odamlarni nafaqat Qurʼoni karimni tilovat qilishga, balki undagi koʻrsatmalarni hadislar asosida mukammal ado etishga daʼvat etish amaliyoti juda ajoyibdir. Umid qilamizki, kelajakda barcha insonlar shu taʼlimot asosida bir-biriga koʻngildan yaqin boʻladi va ruhan birlashadi”, deb yozadi Megavati Sukarnoputri.