Home / FOTO LAVHALAR / Ustozini koʻproq bahramand qilgan shogird

Ustozini koʻproq bahramand qilgan shogird

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Imom Termiziy ilmiy merosi: zamonaviy tadqiqotlar” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Ilmiy xodimlar ishtirokida tashkil etilgan tadbir avvalida Markaz direktori Shovosil Ziyodov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori, uning mohiyati va ahamiyati haqida soʻzladi.

Markaz ilmiy xodimi Nodir Qobilovning mavzu yuzasidan maʼruzasi tinglandi.

Muhaddis olim hayotini islom ilmlarining oltin davri deb nom olgan purhikmat zamonda ilm oʻrganish va unga amal qilish bilan oʻtkazdi. Tahsil yoʻlida har qanday qimmatbaho mol-mulkini ayamasdan sarflab, mahsulini ilm ahli bilan baham koʻrdi. Umrining qariyb 15-yilini ilm talabidagi safarlarga bagʻishlagan olim 40 hadisni bir tinglashdayoq yod olib, qayta aytib bergani uchun zamondoshlari uni “kuchli xotira sohibi” deb tan olgan. Imom Buxoriy ham shogirdi Imom Termiziyga: “Siz mendan bahramand boʻlganingizdan koʻra, men sizdan koʻproq bahramand boʻldim”, deb munosib baho bergan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari bu ulugʻ alloma ilmiy merosining tadqiqi yuzasidan salmoqli ishlarni amalga oshirdi. 2023-yildan buyon “Allomalar haqida 10 ta fakt” loyihasi doirasida Imom Termiziy hayoti va ijodiga oid 10 haqiqat plakati tayyorlandi va nashr qilindi. Shuningdek, allomaning hayot yoʻli va faoliyati haqida hikoya qiluvchi “Imom Termiziy” risolasi chop etildi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar muhaddis olim asarlarining ilmiy qiymati va ijtimoiy-tarbiyaviy ahamiyati haqida soʻzlab, allomaning insof va adolatni, halollik va insonparvarlikni, boshqa goʻzal fazilatlarni targʻib va tarannum etadigan, asrlar davomida ulamoyu fuzalolarga dasturulamal boʻlib kelgan gʻoyalari hozirgi murakkab davrimizning koʻplab muammolariga ham yechim boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Indoneziya ilmiy muassasalari Markaz bilan hamkorlikka tayyor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Indoneziya Respublikasining beshinchi Prezidenti, Milliy tadqiqot va innovatsiya agentligi Boshqaruvchilar …